Farg‘onada KOICA bilan hamkorlikda kasb-hunarga o‘qitish markazi qurilmoqda
Farg‘ona shahrida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan kasb-hunarga o‘qitish markazi bunyod etilmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 9 million 320 ming AQSH dollari ajratilgan.
Mamlakatimizda bugungi kunda aholining bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatishga muhim e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, bu borada xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. KOICA granti mablag‘lari asosidagi mazkur loyiha shulardan biridir. Farg‘onadagi kasb-hunarga o‘qitish markazi bu yo‘nalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rtinchi loyiha hisoblanadi. bugungi kunda Toshkent, Shahrisabz, Samarqand shaharlarida ana shunday kasb-hunarga o‘qitish markazlari samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat markazidagi Al-Farg‘oniy ko‘chasida qurilayotgan markazda bugungi kunda ish qizg‘in. O‘quv binosi, yotoqxona, ovqatlanish, sport zali va boshqaruv binolarida qurilish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari Janubiy Koreyaning “ILJIN” kompaniyasi hamda yurtimizdagi “Em-dersal inshaat” hamda “Kemran” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sifatli bajarilmoqda.
-O‘zbekistonda o‘n yildan buyon KOICAning loyihalaridagi qurilish ishlarida ishtirok etyapmiz, -deydi “ILJIN” kompaniyasi (Janubiy Koreya) vakili Don Keun Kim. -Muhimi, qurilishda sifatga e’tibor beramiz. Farg‘onadagi kasb-hunarga o‘qitish markazi qurilishi pandemiya sababli bir oz kechikdi.Ayni kunlarda barcha sa’y-harakatlarni ishga solib, yakunlash arafasidamiz.
Loyihaning asosiy maqsadi Farg‘ona shahrida 5 ta yo‘nalish, ya’ni elektr menejmenti, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, kosmetologiya va tikuvchilik bo‘yicha o‘qitishni ta’minlaydigan va shu bilan birga Farg‘ona viloyatida kasbiy ta’limni kengaytiradigan kasbiy o‘quv markazini tashkil etishdan iboratdir.
Markaz zamonaviy jihozlar va o‘quv texnologiyalari bilan ta’minlanadi hamda joriy yilning iyul oyida foydalanishga topshiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA