Qish g‘amini yozda ye yoki lotin alifbosi xususida ayrim mulohazalar...
Xabaringiz bor, hukumatimizning shu yil 10-fevraldagi qarorida o‘zbek lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tilishi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilanib, unga ko‘ra 2023-yilning 1-yanvaridan yurtimizda o‘zbek tilidagi barcha hujjatlar to‘liq lotin alifbosi asosida yuritilishga o‘tiladi. Demak, shu paytgacha mamlakatimizda o‘zbek tilida ish yuritish ikki xil – kirill va lotin yozuvlarida olib borilayotgan bo‘lsa, belgilangan muddatdan so‘ng faqat bitta alifbo qo‘llaniladi va bu, fikrimizcha, agar oldindan tegishli tayyorgarlik choralari ko‘rilmasa, o‘z-o‘zidan ayrim muammolar va kutilmagan salbiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bugun shulardan ayrimlari xususida so‘z yuritmoqchimiz.
Ma’lumki, Yer kurrasida minglab tillar bor. Ular o‘z yozuvi, talaffuzi, grammatik xususiyatlariga ega. Shu jumladan, har bir tilda nomlanadigan o‘z atoqli otlari borki, ular boshqa tillarga ham muayyan qoidalar va tamoyillarga ko‘ra ko‘chiriladi. Bunda transliteratsiya va amaliy transkripsiya qoidalari qo‘llaniladi. Ya’ni, bu bir tildagi nomlarni boshqa tilning imloviy, fonetik va boshqa jihatlariga ko‘ra o‘girish me’yorlari demakdir. Bu holat ona tilimiz – o‘zbek tiliga ham bevosita aloqador jarayon hisoblanadi, chunki biz ommaviy axborot vositalarida, turli manbalarda va, umuman, kundalik hayotimizda chet tillardagi ko‘plab atoqli otlarga duch kelamiz hamda ularni “o‘zbekchalashtirish” masalasida ayrim muammolarga ro‘para bo‘lamiz. Bu, ayniqsa, oxirgi yillarda mislsiz sur’atlarda avj olayotgan jahon integratsiyasi, umumiy globallashuv sharoitida o‘zgacha ahamiyat kasb etmoqda. Va, eng asosiysi, ertaga o‘zbek tili lotin alifbosiga to‘liq o‘tsa, biz lotin harflaridagi jahon axborot makoniga butunlay kiramiz va begona nomlarni o‘zbek tilida to‘g‘ri yozish masalasi o‘z-o‘zidan dolzarb mavzuga aylanadi. Endi maqsadga o‘tsak.
Har qanday tildagi atoqli otlarni shartli ravishda bir nechta toifaga ajratish mumkin. Shunga qarab, chet tillardagi atoqli otlarni o‘zbek tiliga transliteratsiya va amaliy transkripsiya qilish(oddiy so‘z bilan aytganda, o‘zbekcha yozuvda ifodalash)da bir nechta jihatni hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bulardan quyidagilarni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
GEOGRAFIK NOMLAR. Bular mamlakatlar, shaharlar, hududlar va yana boshqa geografik birliklarning nomlaridir. Ma’lumki, bu nomlar tilimizga turli davrlarda har xil tarixiy jarayonlar ta’sirida kirib o‘rnashib bo‘lgan, ilmiy manbalar, adabiyotlar, davlat hujjatlari va boshqalardan o‘rin olgan hamda o‘zbek o‘quvchisi ularga allaqachon ko‘nikib bo‘lgan. Jug‘rofiy nomlarni yangicha ifodalash, asl tildagi yozilishi yoki talaffuziga ko‘ra shaklini o‘zgartirish tushunmovchiliklar, buning ketidan esa amaliyotda noqulayliklarni keltirib chiqarishini inobatga olgan holda, ularni o‘zbek tilida an’anaviy – azaldan qabul qilingan shaklda yozish tavsiya etiladi. Aytaylik, xitoycha BEIJING o‘zbek tilida uzoq davrdan beri PEKIN, koreyscha SEOUL o‘zbek tilida SEUL, ispancha SEVILLA o‘zbek tilida SEVILYA shaklida yozib kelinmoqda va o‘zbek tilidagi barcha rasmiy hujjatlarda o‘z o‘rnini topib bo‘lgan. Shunga ko‘ra, misol uchun, ispancha HONDURAS o‘zbekchada an’anaviy GONDURAS, italyancha ROMA – RIM, fransuzcha PARIS – PARIJ shaklida yozilishi lozim bo‘ladi va h. k.
ISM-FAMILIYALAR. Ma’lumki, xorijiy ism-familiyalar o‘zbek tilida asl variantida aytilishiga maksimal yaqin shaklda o‘girilgan, ya’ni amaliy transkripsiya qilingan holatda yoziladi va aytiladi. Biroq so‘nggi yillarda bu borada vaziyat boshqacha ko‘rinish olmoqda. Ko‘plab internet saytlari va OAVlar xorijliklar ism-familiyalarini kelib chiqishi, talaffuziga qaramasdan, asl yozilish shaklidan harfma-harf kalka qilmoqda yoki o‘sha til xususiyatlarini inobatga olmasdan o‘zbekcha yozmoqda. Masalan, o‘zbek tilidagi saytlardan biri ispaniyalik millati bask bo‘lgan futbolchi XABI ALONSOni HABI ALONSO deb yozgan edi. Bu hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki sportchining millati bask ekani va uning ona tilida ismi SHABI deyilishini inobatga olsak, to‘liq ism-familiyasi o‘zbekcha translitda SHABI ALONSO bo‘lishi kerak edi. Binobarin, koreyalik SON HEUNG-MIN o‘zbekcha yozuvda koreyslardagi yozilishiga ko‘ra SON XEUNG-MIN emas, balki aytilishiga ko‘ra SON XIN-MIN, italiyalik GIORGIO CHIELLINI yozilishidan kalka qilib GIORGIO CHIELLINI emas, balki aytilishiga ko‘ra JORJO KYELLINI deb o‘girilishi maqsadga muvofiqdir. Axir AQSHning sobiq prezidenti DONALD TRUMPning familiyasini yozilishidan kalka qilib TRUMP emas, balki talaffuziga qarab TRAMP deb yozamiz. Bunday yondashuv chet elliklarning ism-familiyalarini yozuvda ifodalashda talaffuzi ustuvor ahamiyatga egaligini bildiradi va turli ko‘rinishda yozilishining oldini oladi.
XORIJIY BRENDLAR. Ma’lumki, jahonda urf bo‘lgan amaliyotga ko‘ra, kompaniyalar va turli brendlarning nomlari dunyo bo‘yicha shaklan bir xil yoziladi. Aytaylik, Niderlandiyadagi PHILIPS firmasining nomi ingliz tilida ham, nemis tilida ham, Osiyo davlatlarida ham turli shaklda emas, balki aynan asl ko‘rinishida – PHILIPS deb yoziladi. Bu o‘sha firmaning dunyoda tez va oson tanilishida muhim rol o‘ynaydi. Axir firma yoki kompaniya xuddi shu shaklda ro‘yxatga olingan va jahonga tanilgan. Xuddi shu mantiq bo‘yicha yaponlardagi SONY firmasini o‘zbek tilida yaponcha aytilishiga qarab SONI emas, balki originalidagi yozilishiga ko‘ra SONY, koreyslardagi HYUNDAI kompaniyasini aytilishiga ko‘ra HYONDE emas, balki asl yozilishiga ko‘ra HYUNDAI deb ifodalash maqsadga muvofiqdir. Shu o‘rinda bitta muammo bordek tuyulishi mumkin. Masalan, Toshkentda WYNDHAM mehmonxonasi bor. Uni o‘zbekcha matnda ifodalash uchun o‘zbek lotin yozuvida bo‘lmagan W harfi borligi to‘sqinlik qilayotgandek ko‘rinadi. Bunda yuqoridagi tamoyilga asoslangan holda, istisno tariqasida ushbu nomni aslicha – WYNDHAM deb ifodalashga ruxsat bersa bo‘ladi. W harfi istagan kompyuter klaviaturasida bor va uni yozishda amaliy tarafdan muammo tug‘ilmaydi.
BOSHQA TURLI NOMLAR. Bu toifaga xorijdagi musiqa guruhlari, agentliklar, gazetalar, jurnallar va hokazolarni kiritish mumkin. Misol uchun, AQShning “NEW YORK TIMES” (NYU-YORK TAYMS) gazetasi, Germaniyaning “MODERN TALKING” (MODERN TOKING) musiqa guruhi yoki Saudiya Arabistonining “AL SHABAB” (ASH-SHABAB) futbol klubini olaylik. Bular bo‘yicha ham yuqoridagi savol tug‘iladi: bu nomlarni o‘zbekchada aslicha (lotincha yozilishidan kalka qilib) yozish kerakmi yoki o‘qilishiga qarab amaliy transkripsiya qilishmi? Ma’lumki, nashrlar, musiqa guruhlari va sport jamoalari nomlari o‘zbek tilidagi yozuvda azaldan originalidagi yozilishiga qarab emas, balki aytilishiga ko‘ra ifodalab kelingan. Ya’ni, AQSHning “DAILY NEWS” gazetasi o‘zbekchada “DEYLI NYUS”, Buyuk Britaniyaning “THE BEATLES” musiqa guruhi “BITLZ”, Fransiyaning “BORDEAUX” futbol klubi esa o‘zbek tilida “BORDO” deb yozib kelingan. O‘zbek o‘quvchisi ko‘nikib bo‘lgan ushbu an’anani saqlab qolish va bunday nomlarning originalidagi yozilish shakli emas, balki aytilishi ustuvor ahamiyat kasb etishini inobatga olib, ularni o‘zbek tiliga talaffuzga ko‘ra amaliy transkripsiya qilish maqsadga muvofiq. Shunga ko‘ra, “NEW YORK TIMES” gazetasini o‘zbekchada “NYU-YORK TAYMS”, “MODERN TALKING” guruhini “MODERN TOKING”, “AL SHABAB” jamoasini esa “ASH-SHABAB” ko‘rinishida ifodalash taklif etiladi.
Xulosa o‘rnida. Yuqoridagi takliflar inobatga olinsa, xorijiy tillardagi atoqli otlar, nomlar, ism-familiyalar, brendlarni o‘zbek tilida ifodalashda turli xil yondashuvlar, chalkashliklar hamda mantiqsiz, asossiz shaklni buzish holatlarining oldi olingan bo‘lar edi. Bunga esa hozirdan tayyor bo‘lishimiz kerak. Axir: “Qish g‘amini yozda ye”, deb dono xalqimiz bekorga aytmagan. Shu bois ham, ushbu takliflar tegishli mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilib, qoidalar (me’yorlar) ko‘rinishida qonunosti hujjati shaklida tasdiqlanishi va unga yuridik maqom berilishi, barcha o‘zbek tilidagi foydalanuvchilar uchun majburiy qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Nodir MIRHODIYEV, sharqshunos-filolog