ATTESTATSIYA
Attestatsiya dan “yiqilsak” nima bo‘ladi?
Toifa olish uchun attestatsiya sinovlaridan ikki marta “yiqilgan” o‘qituvchi ma’lum muddatga dars o‘tishdan chetlashtirilishi
rostmi? Agar rost bo‘lsa, bu tartib qaysi hujjatga asosan amalga oshiriladi?
Charos VAHOBOVA,
Kosonsoy tumani
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-sonli “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, mutaxassis(oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, yuqoridagi nizomga ko‘ra, navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ularning malaka toifasi(lavozimi) tushirilmaydi hamda ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan taqvim o‘quv rejalardagi mavzularga, maktab sharoitidan kelib chiqqan holda o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladimi?
Dilmurod YAHYOYEV,
Uchtepa tumanidagi
238-maktab o‘qituvchisi
Pedagog kadrlar salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi yetarli bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining ruxsati bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining Pedagogik kengashlariga o‘quv rejani tuzishda tayanch o‘quv rejadagi umumiy soatlar hajmidan oshmagan holda, ma’lum bir fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish maqsadida 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.
Fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha fan o‘qituvchisi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlaridan amaliyotda foydalanishga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan rasmiy tasdiqlangan taqdirda ruxsat etiladi.
Bir stavka darsi bor o‘qituvchi haftasiga necha marta, necha soatdan to‘garak o‘tishga majbur? Boshlang‘ich sinfda 16 soat darsi bor jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi necha marta, necha soatdan to‘garak o‘tishga majbur?
Dilmurod YAHYOYEV,
Uchtepa tumanidagi
238-maktab o‘qituvchisi
Xalq ta’limi vazirining 2017-yil 1-dekabrdagi 367-son buyrug‘iga binoan barcha fan o‘qituvchilari haftasiga 2 marotaba va 2 soatdan fan to‘garagi o‘tishi lozim.
Ma’lumotim o‘rta maxsus, texnikumda boshlang‘ich va ingliz tili o‘qituvchisi mutaxassisligi berilgan edi. 12-yil ingliz tilidan dars berdim, ammo ma’lumotim oliy bo‘lmagani uchun 2013-yildan buyon ingliz tilidan emas, boshlang‘ich sinflarga dars beryapman. Keyin O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida sirtqi ta’lim yo‘q bo‘lgani uchun, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishda sirtqida o‘qib, bitirdim. Hozirda ma’lumotim oliy. Ingliz tilidan qayta tayyorlovdan o‘taman desam u ham yopilib qolibdi. Ingliz tilini yaxshi bilganligim uchun APTIS testini topshirib, fevral oyida C1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻldim. Oyligimga boshlang‘ich sinf oʻqituvchisi bo‘lganligim uchun 20 foiz ustama to‘lanyapti. Shu ustamani 50 foizga chiqarishlariga haqlimanmi?
Dilafro‘z QUTLIYEVA,
Zarafshon shahridagi
2-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Yo‘q, chunki siz ingliz tili o‘qituvchisi emassiz. Agar ingliz tilidan dars berganingizda Prezidentning 2021-yilning 25-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5117-sonli qaroriga asosan 50 foiz ustama olishga haqli bo‘lardingiz.
Savollarga Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati javob berdi.