Attestasiyadagi yangi tartibi
90 foiz o‘qituvchilar attestasiyadagi yangi tartibni ijobiy baholashgan
Ma’lumki, 2022-yildan boshlab pedagog kadrlar attestasiyasi yangi tartibda bir yilda ikki marta, ya’ni yanvar-iyun va avgust-dekabr oylarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bunda avvalgi tizimda o‘qituvchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan byurokratik tartiblar bekor qilinib, ortiqcha qog‘ozbozliklardan holi shaffof tizim yaratildi.
Endilikda toifa sinovlari uchun beriladigan ballar test sinovlari hamda pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash orqali aniqlanadi.
Ya’ni pedagog kadrlarni attestasiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilmoqda:
Birinchi bosqichda pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan o‘rganiladi hamda 20 ballik tizimda baholanadi.
Bunda manfaatdor vazirliklar va idoralar pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini o‘rganish va baholash uchun o‘zining tizimidagi muassasalarni yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishga ixtisoslashgan boshqa tashkilotlarni, shuningdek mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilishlari mumkin.
O‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash natijalari ta’lim tashkiloti rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda Ta’lim inspeksiyasi saytiga yuklash uchun pedagog kadrlarga taqdim etiladi.
Ikkinchi bosqichda esa pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari o‘tkaziladi.
Malaka sinovlari quyidagi shakllardan biri bo‘yicha o‘tkaziladi:
test sinovlari;
ijodiy;
nazariy (og‘zaki, yozma);
nazariy (og‘zaki, yozma) va amaliy.
Pedagog kadrlar attestasiyasining birinchi bosqichi bo‘yicha pedagoglarning fikrini o‘rganish maqsadida Ta’lim inspeksiyasining Telegram tarmog‘idagi rasmiy kanalida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
18 ming nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etgan so‘rovnomadagi “Siz faoliyat olib borayotgan ta’lim tashkilotida “pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash” (20 ballik ma’lumotnoma berish) ishlarini qanday baholaysiz?” degan savolga ishtirokchilarning 90 foizi ijobiy (a’lo, yaxshi, qoniqarli) deb javob bergan.
“Attestasiya jarayonlarini takomillashtirish uchun qaror va tartiblarni ishlab chiqayotganimizda avvalo, byurokratiya va qog‘ozbozlikni oldini olishga, o‘qituvchilar uchun qulay tizim yaratishga e’tibor qaratgandik.
Bunda uzoq yillik tajribaga ega soha vakillari, direktorlar, ularning o‘rinbosarlari va bevosita amaliyotchi o‘qituvchilarning fikrlarini o‘rgandik.
Pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlik ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan baholanishi masalasida yangilik joriy etilishidan avval turli xil fikrlar bildirildi. Kimdir bu direktorga korrupsiya uchun yo‘l ochadi, tanish bilishchilik bo‘ladi desa, boshqalar maktab jamoalariga ham ishonch bildirish lozimligi ta’kidlashdi. Aksariyat pedagogik (kuzatuv) kengashlar o‘qituvchilarga maksimal ball qo‘yib beradi degan fikrlar ham bo‘lgandi.
Yakunda pedagogik (kuzatuv) kengashlarga ham ishonch bildirib ularga ham attestasiyada 20 ballgacha baholash imkoniyati berildi. Zero bu bir tomonidan o‘qituvchilar ham maktab rahbariyatiga ham o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi.
Biroq tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur kengashlar o‘qituvchilarni baholashga har bir mezon bo‘yicha mas’uliyat bilan yondashgan.
O‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijasi ham fikrimizni yana bir bor tasdiqladi”, – deydi Ta’lim inspeksiya bo‘lim boshlig‘i Safarali Xamrayev.
Ta’kidlash joizki, Ta’lim inspeksiyasi pedagoglar fikrini o‘rgangan holda attestasiya jarayonlarini takomillashtirishda davom etadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan attestasiyada ishtirok etish uchun jami 278 ming 779 nafar pedagoglar ishtirok etgan bo‘lib, ularning 68 foizi ijobiy natija qayd etishgan.