Bo‘lajak pedagoglar maskani
Maktabgacha ta’lim muassalariga kadrlar yetishtirish ayni kunning dolzarb masalalaridan biridir. Bu borada joylardagi pedagogika kollejlariga o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlab berish ma’suliyati yuklangan. Baxmal pedagogika kollejida 513 o‘quvchiga ayni paytda 45 nafar o‘qituvchi dars beradi.
— Kollejimizda maktabgacha ta’lim tarbiyachisi, maktabgacha ta’lim tarbiyachisi yordamchi tarbiyachisi, maishiy masalalar bo‘yicha menejer mutaxassisliklari tayyorlanadi, — deydi o‘quv muassasi rahbari Xurshid Berdiyev. — Asosiy masala bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassalaridagi bo‘shliqni to‘ldirish, bugungi kun talabiga mos tarbiyachilarni yetishtirib berish. Hozirda dastur doirasida mavjud fanlarni mukammal o‘qitishga talab yuqori qo‘yilgan. Kollej o‘quvchilari Samarqand viloyatining turli tumanlari va Jizzax viloyatidan kelib tahsil olishadi. Kelgusida ehtiyojlarni inobatga olib, maktabgacha ta’lim muassalarida musiqa rahbari, jismoniy tarbiya to‘garagi rahbari, maxsus kutubxonachi mutaxasissliklariga o‘qitish ham rejalashtirilayapti. Bu esa barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida kadrlar ta’minotini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.
Ta’lim maskaniga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 12-iyundagi 253-sonli, Oliy va o‘rta maxsus, kasb-xunar ta’limi markazi boshqarmasining 2005-yil 1-iyundagi 34-qarorlariga asosan 2007-yil 2-sentyabrdan Baxmal pedagogika kolleji maqomi berilib, o‘rta maxsus o‘quv yurti sifatida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019-yil 18-maydagi №418 sonli qaroriga asosan, maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘rta maxsus pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Respublika Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, Baxmal pedagogika kolleji sifatida qayta tashkil etilgan.
— Maktabgacha ta’lim mutaxassisliklarini o‘qitish tizimi kun sayin takomillashib bormoqda, deydi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Abdullayev. — Sohadagi bo‘shliqni to‘ldirish, yangiliklarni zudlik bilan o‘quvchilarga yetkazish, sohadagi ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirish jamoamizga doimiy talab sifatida qo‘yilgan. Shu boisdan hatto 60 kunlik qisqa malaka oshirish tinglovchilarini ham jalb etib, ular bilimini oshirishga erishdik. Maktabga qadar tarbiya insonning bir umrlik mukammal kamolga yetishiga asosiy zamindir.O‘qituvchilar jamoamiz kelgusida doimo izlanishda bo‘lishi esa hayotiy talab hamdir.
O‘ljaboy QARSHIYEV