HAYDOVCHILAR “D” TOIFALI HAYDOVCHILIK GUVOHNOMASINI OLISH O‘QUV-KURSIDA O‘QITILMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-son qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.
Harakat tarkibi soni ortib borishi o‘z-o‘zidan avtobus haydovchilariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu munosabat bilan “Toshshahartransxizmat” AJ “D” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilarni ishga qabul qilmoqda.
“D” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan ammo “B” va “C” toifali haydovchilik guvohnamasi hamda 3 yillik haydovchilik tajribasi bor fuqarolar esa, "Toshshahartransxizmat" AJ tomonidan Jamiyatning "O‘quv ishlab chiqarish" MChJda maxsus o‘qitilmoqda hamda ish bilan ta'minlanmoqda. Ta'kidlash joizki, o‘quv jarayonida har oy 920 ming so‘m stipendiya berish ham yo‘lga qo‘yilgan. “D” toifali haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish jarayonlari 2 bosqichda olib borilib, 1-bosqichda "O‘quv ishlab chiqarish" MChJning malakali ustozlari tomonidan nazariy bilimlar berilsa, 2-bosqich avtobuslar haydash ko‘nikmalarini olish uchun amaliy mashg‘ulotlar bajarish maxsus mashq maydonida olib borilmoqda. Ushbu mashq maydonlari “Toshshahartransxizmat” AJ tashabbusi bilan tashkil etilib, poytaxt jamoat transporti tarkibidagi eng so‘nggi rusumdagi SAZ LE 60 va MAN rusumli avtobuslar o‘quv mashqlarini bajarish uchun “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan maxsus ajratildi.
Hozirda “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan 76 nafar haydovchilar “D” toifali haydovchilik guvohnomasini olish
o‘quv-kursida o‘qitilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Toshshahartransxizmat” AJga avtobus haydovchilarini ishga qabul qilish jarayonlari davom etmoqda. Sizda ham avtobus haydovchisi kasbida ishlash istagi bo‘lsa hoziroq (93) 505-03-23 va (71) 233-03-23 telefon raqamlari orqali murojaat kiling. Bizning manzil Yunusobod tumani, Amir Temur 1-tor ko‘chasi 6-uy.
Toshshahartransxizmat” AJ
Matbuot xizmati