Maktablarni yopib, “yor-yor” ochaylik!
Maktablarni yopib, “yor-yor” ochaylik!
Bolalikda bepoyon adirliklarda qo‘y boqar edik. Ob-havo yaxshi bo‘lsa, suruvni qishloqqa haydab kelishning hojati yo‘q. Kun botgach qo‘ylar ham o‘tlashdan to‘xtab, uymalashib bir joyga yotadi. Endi sen har tomon ko‘zga tashlanib turadigan tepalikka joylashsang bo‘lgani. Shunday paytlarda xurjunni boshga qo‘yib, cheksiz osmonga tikilishni yaxshi ko‘rardim. Sokinlik. Qo‘ylarning kavsh qaytarishi, har zamonda qo‘zilarini chorlab ma’rashi, chigirtkalarning chirillashidan boshqa ovoz eshitilmaydi. Yulduzlar qo‘l uzatsang yetgudek. O‘ylayman: “Quyosh Yerga eng yaqin yulduz, degan edi fizika ustozimiz. Uning atrofida Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun kabi, ba’zilari Yerimizdan ham ulkan bo‘lgan sayyoralar aylanishi haqida gapirib bergandi. Quyosh bir yulduz bo‘lsa, demak qolgan son-sanoqsiz yulduzlarning-da o‘z tizimi va ularning atrofida aylanadigan hisobiga yetib bo‘lmas sayyoralar ham bor ekan-da?
Hali tumanimizni qo‘yaturing, qishlog‘imiz chegarasini ham to‘liq aylanib chiqmaganman, viloyatimizda hali mening qadamim yetmagan qancha joylar bor. Butun respublikamizda-chi? Undan tashqari dunyo ham faqatgina bizning Vatanimizdan iborat emas-ku, men hatto nomini eshitmagan qanchadan qancha davlatlar, okeanlar, tog‘lar, daryolar... Ehe-e, naqadar katta bu Yer shari. Ammo Mars, yoki Saturnning ustiga chiqib, qancha tikilsam ham shu qadar ulkanligiga qaramay Yerimiz ko‘rinmasa kerak. Somon yo‘li tashqarisidan turib boqilsa, teleskop orqali ham uni topish mushkul ish bo‘lib qoladi. Osmonda Somon yo‘liga o‘xshash galaktikalar ozmi? U yoqdan qaralganda qishlog‘im-ku mayli, kezib chiqishga inson umri yetmaydigan ona sayyoramiz ham bepoyon cho‘ldagi qum zarrasidek bo‘lib qolar ekan. Eh-h, naqadar ojizmiz…”.
Qadrli mushtariylar, sizga qo‘y boqib o‘tgan bolaligim, yoki bepoyon osmon to‘g‘risida ertak aytib berish niyatim yo‘q. Shunchaki, xayolimga kelib qoldi. Aslida xususiy telekanallarimizdagi ba’zi ko‘rsatuvlar haqida gurunglashmoqchi edim. 7-8 yildan buyon yolchitib televizor tomosha qilganim ham yo‘q. Menga o‘xshagan talabaning televizori bor, arzonroq ijara uy topishi ham ayni zamonda anchayin mushkul. Ammo yaqinda internetda bir-ikkita ko‘rsatuvga ko‘zim tushdi. Ulardan biri — sizga ham yaxshigina tanish bo‘lgan, millionlab odamlarimiz yotvolib tomosha qiladigan “Zo‘r TV” kanalidagi “Yor-yor” ko‘rsatuvi. U haqida yaxshigina tasavvurga ega bo‘lsangiz
kerak.
Ko‘rsatuvning bir-ikki sonini tomosha qilib, aqlimga kelgan ilk fikr shu bo‘ldi: telekanaldagilar yo millatning chinakam dushmani yoki chiqindi qutisi bilan inson miyasining farqiga borishmaydi. Butun axlatlarini zangori ekran orqali, bezbetlarcha millionlab xalqning(o‘z xalqining) miyasiga uloqtiryapti.
Yo‘q… Qachondan beri bu xalq sharmandalarcha televizorga chiqib, o‘ziga juft qidiradigan bo‘lib qoldi! Yoki telekanalning ersiraganlarga er, xotinsiraganlarga xotin topib berishdan boshqa ishi yo‘qmi?!
Agar “Nega bu ko‘rsatuvni yomonlayapsan, axir yurtimizdagi qancha odamlarni baxtli qilyapti. U yerga borib o‘zlariga juft topishyapti, oilalar bunyod bo‘lyapti” desangiz bekorlarni aytibsiz.
Birinchidan, o‘ylashimcha, xotin yoki er bozorda sotiladigan buyum emas. “Aka, menga, hu-uv anovi, ikkinchi peshtaxtadagi xotinni olib bering”, yoki “sifati yaxshiroq er kerak, qo‘lbola bo‘lmasin” deb tanlanadigan.
Ikkinchidan, inson tanimagan bilmagan odami bilan qanday qilib baxtli yashashi mumkin.
Uchinchidan, bunaqa oilaning jamiyatga qanday foydasi bor? Ular ertaga iste’dodli, vatanparvar, el-yurtga nafi tegadigan farzandni tarbiyalashiga, to‘g‘risi, men ishonmayman.
Tasavvur qilib ko‘ring, “Mening otim Abdusattor. Yoshim 30 da. Qismatni qarangki, miyamda qurt bilan dunyoga kelganman. O‘sha qurt ongimni yeb bitirdi. Shu sababdan uylanolmay yuribman. Agar imkoni bo‘lsa, o‘zimga o‘xshaganidan birortasini topib bersangiz”, deb xalqning oldiga chiqib gapirish uchun qanaqa turdagi mavjudot(chunki ODAM bunday qilmaydi, hayvonlarning esa bunga aqli yetmaydi) bo‘lishi lozim yoki bu sharmandalikka nimaning evaziga rozi bo‘lish mumkin!
Keling, yana bolaligimga qaytaylik. Tasavvuringizga erk bering, qo‘limizda teleskop. Oy yoki Marsning ustiga chiqvolib Yerimizni tomosha qilyapmiz. Ana “Amerika — sehrli diyor”,
baland-baland binolar. Hu-uv anavisi Googlening, bunisi Microsoftning ofisi, beriroqda esa Ilon Mask bizga qarab raketa uchirmoqda.
Tinch okeanini oralab o‘tib Yaponiyani tomosha qilyapmiz. Eh-he, odamning ko‘pligini qarang. Anavi, 58 etajli mehmonxona bor-ku, o‘shani yaqinda internetda tomosha qilgandim. Unda birorta ham odam ishlamas ekan. Hammasi robotlar. O‘zalari kutib oladi, ovqat pishiradi, kiyim yuvadi…
Mana Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy…
Endi Yevropaga yuzlanaylik. Ana Parij. Teleskopimizdan o‘sha dunyoga mashhur Eyfel minorasi yaqqol ko‘rinib turibdi. Pastroqda esa ertaga dunyoning qaysi burchagiga sayohat qilsam ekan, deya xayol qilib ketayotgan odamlar. O‘h-ho‘, Germaniyani qarang. Ikkinchi Jahon urushida ular yutqazganmi chini bilan? Ko‘pchiligingiz o‘qituvchisiz, bilishingiz kerak. Anavi zavoddan chiqadi mersedeslar. Olmoniyani qo‘ya turing, Avstriya, Vengriya, Polsha kabi Yevropaning kichik davlatlariga ham yetib olishimizga ancha uzum pishig‘i bor ekan.
Qarang, beriroqda UKRAINA! Urush bo‘lyapti, naq rivojlangan dunyoda, XXI asrda ham odamlar bir-birini o‘ldiryapti! Ayni damda butun dunyo ular haqida gaplashyapti…
…Ostona shu ekan-da. Qoyil! Qozoqlar ham biz qatori mustaqil bo‘lganmi?
Keling, endi bizning qishloqni tomosha qilamiz. Uyga bormaganimga ham 4-5 oy bo‘ldi. Bu yil ham o‘t yaxshi bo‘lmapti. Mol-holning ahvoli yomon. Ko‘chalarida xuddi urush davridagidek faqat keksalar, ayollar va bolalar ko‘rinib turganiga hayron bo‘lmang. Erkaklarning 80 foizi Rossiyada. Boya Moskvani tomosha qilganimizda qarindoshlarimni ko‘rsatdim-ku.
Ana, bizning uyimiz, dadam maktabga ketgan bo‘lsa kerak. Ayam bo‘lsa televizorda “Yor-yor”ning takroriy efirini ko‘rib o‘tiribdi (Ertaga uylanaman desam, “Yor-yor”ga bor demasa bo‘lgani). Iye-e, qo‘shnilarda ham ahvol shu-ku. Barchasi muxlis ekan-da. Ko‘rsatuv tugagandan keyin ham ular “Bechora Sevara, birinchi chiqqan erkakka emas, ikkinchisiga tegishi kerak edi”, deb kechasi bilan o‘ylab chiqsa kerak. Anavi, qo‘shni kampirning qizi ajrashgan, yaqin orada “Yor-yor”da ularni ham ko‘rib qolsangiz hayron bo‘lmang.
Mana, Toshkent. “Zo‘rTv”ning darvozasida bir gala, ersiragan va xotinsiraganlar. Syomkaga kirib ketishyapti. Juda go‘zal manzara! Burda nonga zor Afrikaning qashshoq mamlakatlari, urushdan tinkasi qurigan Afg‘onistonni boshqa safar tomosha qilarmiz.
Keyingi ko‘rgan ko‘rsatuvim “Mening yurtim 5” kanalidagi “Amirxon shou”si bo‘ldi. Sarlavhalarga qarang: “Nomusimni o‘yin qilishdi”, “15 yoshda ona bo‘ldim”, “Nomusim o‘g‘rilari”, “Onadan kechgan farzand”, “Onaga keraksiz go‘dak”, “Bolaning otasi kim?”…
Fu-uu!.
Oldindan aytayin, bu ko‘rsatuvni ko‘rish va u haqda fikr bildirish uchun ham insonga mustahkam asab kerak bo‘lar ekan. “Yor-yor”dan farqli o‘laroq, bunda jamiyatdagi muammolarga yechim izlanarmish.
Qadrli ustozlar, qog‘ozbozliklar joningizga tegdimi? Oylik kamligidan dardingizni kimga aytishni bilmayapsizmi? Kun davomida miyangiz zo‘riqqanidan asab kasalligiga duchor bo‘ldingizmi? O‘quvchilar sizni hurmat qilmayaptimi? Qayg‘urmang. Men hozir sizga muammolaringizni hal qilishning ajoyib yo‘li haqida ma’lumot beraman. Bugundan boshlab gazetalarga yig‘lab-siqtab maqola yozishni, ijtimoiy tarmoqlarda dod solishni, blogerlarga dardingizni dasturxon qilishni to‘xtating. Undan ko‘ra to‘ppa-to‘g‘ri “Amirxon shou”ga boring (reklamaning pulini olishim kerak)!
Faqat bitta yomon tomoni u yerda maktabni bitirgunicha alifboni o‘rganolmagan, sizni shu qadar hurmat qilganidan “Odam bo‘lmaysan” degan gapingizni yerda qoldirmay, insonlik martabasidan voz
kechgan ba’zi shogirdlaringizni-da uchratib qolishingiz mumkin…
Keyin ular sizga taxminan shunday savol bersa kerak:
— Ustoz, sizni biror kim zo‘rladimi, yoki tug‘ilgan bolangizning kimdan ekaniga shubha qilyapsizmi?
— Yo‘g‘e-e, aytmoqchi bo‘lganlarim ta’limdagi azaliy muammolar. Oylik kam, qog‘ozbozlik…
— Shuni prablema divosmi, domla? Uzr, biz faqat zo‘rlanganlar bilan shug‘ullanamiz…
Tasavvur hosil qilishingiz uchun ozroq tushuncha berayin. Ko‘rsatuv avvalida Amirxonning chorlovi bilan studiyaga bir jabrdiyda qiz kirib keladi hamda u 35 million xalqning ko‘ziga qarab, qanday va qay holda zo‘rlanganini mayda detallarigacha so‘zlab beradi(bema’no qo‘shiqlar, kinolardagi intim sahnalar haqida ko‘p gapirildi. Vaqt o‘tgani sari ko‘nikib ham ulgurdik. Achinarlisi, endi televideniyega chiqib, qanday jinsiy aloqa qilganini uyalmay aytib berish ham odatiy holga aylanib bormoqda). Bunga ekspertlar: chalasavod aktyor, aktrisa va xonandalar(o‘zlari ham shunday qismatni boshidan kechirgani uchundir), o‘ziga motivatsiya kerak bo‘lgan motivator, telba psixolog va boshqa qalang‘i-qasang‘ilar fikr bildiradi…
Bu kabi “jabrdiyda”larning muammosini hal etadigan boshqa joy (IIB, shifoxona, jinnixona…) qurib qolganmi? Bunaqangi jirkanchliklarni xalqqa namoyish etishning nima keragi bor?!
Bundan faqat birgina xulosa chiqarish mumkin — odamlarni fikrlashdan to‘xtatish, manqurtga aylantirish uchun. Chunki, bu ko‘rsatuvlar ixlosmandlarining(YouTubeda millionlab marta tomosha qilingan, minglab ijobiy fikrlar bildirilgan) miyasi kun-u tun “Amirxon shou”dagi qizni kim zo‘rladi ekan?” yoki “Sevara boshqasiga tegishi kerak edi” degan
“olamshumul” fikrlar bilan band bo‘lgani uchun ular ta’lim, farzand tarbiyasi,
nimalardir yaratish yoki jamiyatimiz-
dagi katta muammolar haqida bosh qotirmaydi.
Bizga shunaqangi manqurtlar, qullar kerak ekan, unda siz, o‘qituvchilarning maktablarda jon kuydirib, vatanparvarlik, yaratuvchanlik, insoniy kamolot haqida kuyib-pishib dars o‘tishingizning nima keragi bor?! Balki, shuning uchun ta’limdagi muammolarga jiddiy e’tibor berishmas.
Agar maqsad manqurtlarni ko‘paytirish bo‘lsa, maktablarni yopib o‘rniga “Yor-yor” ochish kerak. Ular oila qurib, tug‘ilgan farzandlarining kimdan bo‘lganiga shubha qilishi mumkinligini ham inobatga olsak, “Amirxon shou”ning ham filialini yo‘lga qo‘yishimiz lozimdir? Balki biz ham ertangi sondan boshlab, gazetamizning birinchi sahifasidan “Keling, er topib beramiz!” deya reklama berarmiz (shunda obunamiz ham yaxshigina oshgan bo‘lardi. Hozirgidek 5 ming emas, balki million nusxada chiqardi “Ma’rifat”imiz. Ammo keyin gazetaning nomini ham o‘zgartirishimizga to‘g‘ri kelardi).
Yana fikr yuritishga bardoshim yetmaydi. Hali men bexabar bo‘lgan bunga o‘xshash ko‘rsatuvlar qancha? Bu kabi shoularni efirga uzatayotgan, hurmatli mas’ullar, tafakkuringizga erk bering va juda Oydan yo Marsdan bo‘lmasa ham, teleskopimizni olib, sal teparoqdan nazar tashlang. Shunda bu ko‘rsatuvlaringizning naqadar kulgili, jirkanch ekaniga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz.
Humoyun QUVONDIQOV