Olqishlarga munosib ustoz!
Olqishlarga munosib ustoz!
Oramizda ko‘pchiligimiz maktab ta’limidan keyin o‘rta ta’lim va undan keyin oliy ta’lim bosqichlarida tahsil olganmiz. Kimlardir o‘n yillik o‘quvchilik paytlarini qadrlasa, boshqalar talabalikni oltin davrga qiyoslaydi. Biroq har bir insonning hayotida yillarni mengzab bo‘lmaydigan shunday davr bo‘ladiki, samimiy insonlar mehri hamda haqiqiy tarbiya maktabi sifatida umr daftariga muhrlanadi. 20 yilni ortda qoldirgan SamDU akademik litseyida berilgan bilim, yaratilgan do‘stona muhit biz uchun ana shunday katta harflarda bitilgan fursat bo‘lib qoldi.
Ustozimiz Mavluda Islomovaning saboqlari, o‘gitlari bir yon bo‘lgan bo‘lsa, bir oiladagi polaponlarni asragandek parvarish etgani bir yon bo‘lgan. Zukkolik nigohidan ayon bo‘lgan Mavluda opa ziyolilar, ya’ni o‘qituvchilar sulolasidan. U Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini ham qizil diplomga tugatib, avval tumanning 1-maktabida, keyin shahardagi 49-maktabda va universitet qoshidagi akademik litseyda dars berdi. O‘qituvchining mahorat ila dars o‘tishi, ona tili qoidalari va adabiyot sirlarini mayda detallarigacha puxta tushuntira olishi ustozlari professor Nuriddin Shukurov, Botirxon Valixo‘jayevlar singdirgan tajriba mahsuli deyish mumkin. Mavluda opa faoliyatining ilk yillaridayoq ko‘plab o‘quvchilari fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egalladi. Yillar mobaynida o‘rta maxsus kasb-hunar tizimida o‘z mehnati bilan obro‘ qozongan, shogirdlar yetishtirgan, metodikalarini ommalashtirgan M.Islomova bugun mo‘tabar 60 yoshni qarshi olyapti. Bu ayol haligacha o‘z dunyosi bilan go‘zal, mehri bilan ardoqli, samimiyligi bilan e’zozlidir.
Ozod Ochilov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
— Bundan yigirma yil avval ustozim Mavluda Islomovadan olgan saboqlarimiz nafaqat ta’lim bosqichlarida, balki ish faoliyatimizda ham katta ko‘mak bergan. Masalan, ustoz bizga adabiyot fanidagi aruz vazni tahlili va o‘rta asr she’riyati mavzulari shunchalik chuqur o‘rgatganki, xotiramdagi o‘sha bilimlar hatto ilmiy ishlarimda ham asqotadi.
Mirmuhsin Safarov, bank boshqaruvida sud-huquq masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis:
— Ustozning qo‘liga ta’lim olayotganimda o‘ bilan u ni, k bilan q ni farqiga bormasdim. Ammo Mavluda opa bizni darsdan keyin ham olib qolib til qoidalarini o‘rgatishdan charchamasdi. Mana shu harf o‘rganish jarayoni oddiy ko‘rinsa-da, juda ahamiyatli sanalgan savodxonlik qirralari hali-haligacha mening kasbiy faoliyatimda o‘rin tutadi.
Ustozning o‘qituvchi, dotsent, shifokor, iqtisodchi, harbiy podpolkovnik, jurnalist shogirdlari bisyor. Kamtarin, oqila, ilmli oddiy o‘qituvchi bo‘lgan Mavluda opa haqiqiy o‘zbek ayoli timsolida o‘quvchilari tilida va dilida azizdir. Zero, hadisda keltirilganidek “Insonlarga yaxshilik va ilmu ma’rifatni o‘rgatgan ustozlarga barcha jonzotlar, hattoki dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi”.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri