Onlayn uchrashuv bo‘ldi
Finlyandiya milliy ta’lim agentligi vakillari ta’lim islohotlariga ko‘maklashish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Joriy yilning 23-avgust kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Finlyandiya milliy ta’lim agentligi (EDUFI) vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda Finlyandiya milliy ta’lim agentligining hamkorliklar bo‘yicha direktori Samu Seytsalo, agentlik loyiha rahbari Juni Kangasniyemi va ekspertlar Raisa Venyalyaynen, Timo Yuntunenlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv kun tartibidan joriy yilning 5-9 sentyabr kunlari rejalashtirilayotgan Finlyandiya delegasiyasining O‘zbekistonga tashrif dasturi hamda Ta’lim inspeksiyasi hamda Milliy ta’lim agentligi o‘rtasida institusional hamkorlik loyihasini amalga oshirish rejalariga doir qator masalalar o‘rin oldi.
Shu bilan birgalikda Ta’lim inspeksiyasi xodimlarining ta’lim boshqaruvi bo‘yicha salohiyatini oshirish, O‘zbekiston va Finlyandiya ta’lim tizimi vakillari o‘rtasida tajriba almashishga qaratilgan seminarlar va treninglar tashkil etish, O‘zbekistonda ta’lim sifati va baholash tizimini takomillashtirish orqali Yevropa Oliy ta’lim hududiga kirish jarayonlarini takomillashtirish hamda Finlyandiya milliy ta’lim agentligi, Xelsinki universiteti bilan hamkorlikda O‘zbek-fin Pedagogika instituti faoliyatini takomillashtirish uchun fin mutaxassislarini jalb qilishga doir masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlash lozimki, 2021 yilning noyabr oyida O‘zbekiston ta’lim delegasiyasining Finlyandiyaga qilgan tashrifi mobaynida Ta’lim inspeksiyasi va Finlyandiyaning Milliy ta’lim agentligi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Unga ko‘ra ta’limda sifat va amaliyotni rag‘batlantirish maqsadida tizimni rivojlantirish, jumladan, yangi pedagogik usullar, o‘qitish jarayonlari, pedagogik boshqaruv, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, tadqiq etish, baholash va joriy etish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirishni rivojlantirish kabi maqsadlar bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Tashrifning ilk amaliy natijalaridan biri sifatida Finlyandiya hukumati tomonidan hamkorlik memorandumida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 million yevro miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.
Fin delegasiyasining O‘zbekistonga tashrif davomida ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishgan holda Ta’lim inspeksiyasi vakillari bilan muhokamalar o‘tkazish orqali loyiha rejasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, loyiha doirasida fin ta’lim ekspertlarini jalb qilgan holda o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, ta’lim vakillari uchun malaka oshirish kurslari faoliyati ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv avvalida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev finlyandiyalik mutaxassislarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ushbu aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
«Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi finlyandiyalik hamkorlar bilan muntazam hamkorlik aloqalaridan doim manfaatdor bo‘lib kelgan.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida aloqalarimiz ta’limning deyarli barcha bosqichlarida o‘z natijasini ko‘rsatib kelmoqda. Bunga misol tariqasida uzluksiz ta’limda o‘quv dasturlarini takomillashtirishdan tortib, maktab o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari almashinuvi hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini ham keltirib o‘tish mumkin.
Shuningdek, bir necha kun oldin nodavlat sektorda aynan fin metodikasi asosida ta’lim berishi ko‘zda tutilgan Xalqaro Nordik universiteti faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ham bugungi kundagi loyihalarimiz ko‘lamining qay darajada kengayib borayotganini ko‘rsatib turibdi.
O‘ylaymanki, Sizlar tomoningizdan amalga oshiriladigan tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi», – dedi Ulug‘bek Tashkenbayev.
O‘z navbatida Finlyandiya milliy ta’lim agentligi hamkorliklar bo‘yicha direktori Samu Seytsalo O‘zbekiston bilan amalga oshirilayotgan loyihalar har ikki tomon uchun manfaatli ekanligini ta’kidlab, bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
«Fin ta’lim agentligi nomidan shuni alohida ta’kidlashim lozimki, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursandmiz. Ushbu hamkorlikning amaliy qadamlari ko‘payayotganligi o‘zaro ishonchning qanchalik yuksalib borayotganligidan ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifimiz bu borada yana ko‘plab masalalarni o‘zaro muhokama qilishimiz uchun imkon yaratadi.
Ushbu loyihalardan ko‘zlangan maqsad bir-birimizdan o‘zaro yangi tajribalarni o‘rganish ekanligini hisobga olgan holda, ishonamanki, aloqalarimiz yana uzoq yillar davom etadi», – dedi Samu Seytsalo.
Uchrashuvda fin ekspertlari mamlakatimizda o‘qituvchilarning tayyorlash bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiyalar, ularning malakasini oshirish tizimi va maktablarda ta’lim jarayoni qanday yo‘lga qo‘yilgani, inklyuziv ta’lim va boshqa masalalarni bevosita ta’lim muassasalariga tashrif buyurgan holda tanishishni rejalashtirilayotgani ma’lum qilishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tashrif dasturi va muhokama qilingan masalalar bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.