“So‘nggi qo‘ng‘iroq” katta hayotga chaqiriqdir
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” katta hayotga chaqiriqdir
Kechagidek aniq eslayman, 2017-yil 25-may. Sahar turib maktabdagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri uchun tayyorgarlik ko‘ryapman. Yuragimdagi hayajon, bir tomondan onamning kofta-yubka olib bermagani uchun biroz ranjiganim yuzimdan sezilib turibdi.
To‘g‘ri-da, yangi kiyim kiyib borib hammani lol qoldirishni o‘ylab, bitiruv kunini intiq kutasan-u, bir hafta qolganda onangdan: “biz ham maktabni yangi kiyim kiyib bitirmaganmiz, “So‘nggi qo‘ng‘iroq”qa opamning ko‘ylagini kiyib borganman”, degan gapini eshitib daming ichingga tushib ketadi. Boshqa tomondan esa go‘zallik saloniga
borish uchun bir amallab ruxsat olganingni o‘ylab, “shunisigayam shukr” deb qo‘yasan.
Xullas, nima bo‘lsa bo‘ldi deb tanishimdan olgan, o‘zimga biroz keng turgan bo‘lsa-da, po‘rim ko‘ringan kiyimlarni kiyib, dugonalarim bilan salonga otlanamiz. Tuman markazidagi go‘zallikxonalarda tadbirdagilar orasida
“yagona” bo‘lishni niyat qilgan qizlar navbat talashib yotibdi. “Yaxshiyam ikki kun oldin kelib navbat olib qo‘yganim”, deb qilgan ishimdan zabt xursand bo‘lib, g‘olib qadamlar bilan salonga kirib bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, svet yo‘q. Endi falon aktrisaning rasmiga havas qilib tanlab ketgan “prichoskam” nima bo‘ladi? Salonchiyam bo‘sh kelmaydi, “keling, qizi, svet kelguncha betingizni bo‘yab qo‘yaman”, deb chaqqon-chaqqon ishini boshlaydi. Soat sakkizga yaqin lip etib chiroq yondi-da, bitta sakrab o‘ynashga chidab beradigan, chala-chulpa soch turmagi tayyor bo‘ldi. Shosha-pisha bir mashinaga oltita qiz joylanib, maktabga yetib kelguncha soat to‘qqizni qoralab qo‘ygan. Direktor, ma’naviyatchi, mahalladan kelgan mehmon va eng oxirida asabiylashgandan yuzi qizarib ketgan sinf rahbarimizning “Bo‘yalgan beting kimga kerak edi,
undan ko‘ra vaqtida kelmaysanmi?” qabilidagi qarashini ko‘rib o‘zimizni nimadir tayyorgarlikka ovora qilgan bo‘lamiz.
Atrofda onasi yangi kiyim olib bermagani, go‘zallik saloniga yubormagani uchun kechasi bilan yig‘laganidan ko‘zlari qizargan bitiruvchi qizlar, oppoq ko‘ylagining kalta bo‘lib qolganini sezdirmaslik uchun kamar bilan mahkamlayotgan, og‘zida atirgul qistirib olgan yigitlarni ko‘rib maktabni bitirayotganingni emas, bugun tadbir uncha o‘xshamasligini his qilasan. Yigitlardagi moviy, qizlardagi bir xil qizil tusli “Bitiruvchi — 2017” yozuvi yozilgan lentalargina hamma nuqsonlarni yashirib, barchaga birdek bitiruvchilik sururini baxsh etayotgandek. Mana “A” sinf birinchi chiqadimi, “B” sinfmi?”, degan tortishuv qisman hal bo‘lib tadbir ham boshlandi. Maktab rahbarlari-yu, kelgan mehmonlarning uzundan uzoq tabrigini eshitib, ikkita qo‘shiqqa xumorimiz chiqquncha o‘ynab, to‘rt bandli she’rning esimizda qolgan bir bandini aytguncha, qarabsanki yo svet o‘chadi, yo musiqa o‘qituvchimizning to‘yi borligi esiga tushadi-yu, taqur-tuqirlarini yig‘ishtirib ketib qoladi. Shu bilan xayr-xo‘shsiz so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri ham yakunlanadi. Chetdan birov “Xayr, maktabim” qo‘shig‘ini qo‘yadi-da, hamma bitiruvchilar unga jo‘r bo‘lib umrida qiynab ishlatmagan ovozini baralla qo‘yib yuboradi. Keyin bitiruvchilar to‘p-to‘plashib tuman markaziga ikkita-ikkita muzqaymoq yegani ketishadi. Bu mening 9-sinfdagi so‘nggi qo‘ng‘irog‘im edi.
Ammo menginaning peshonamga shu bilangina bitirib kollej ostonasini hatlash yozilmagan ekan. Nimalar bo‘ldi-yu kechagina so‘nggi qo‘ng‘iroq nishonlab nomiga ko‘ziga yosh olib ketgan bitiruvchilar uch oy o‘tar-o‘tmas maktabga kelib 10-sinf bo‘lib o‘tiribmiz. Endi maktab davridagi o‘yinqaroqligi qisman bosilgan, hammasining boshlang‘ich bo‘lsa-da maqsadlari aniq bo‘lib qolgan, nigohida qandaydir ma’no kasb etib ulgurgan o‘quvchilar sinfni to‘ldirgan. Lekin maktabdagi oxirgi ikki yilim qanday o‘tganini bilmay qolganman. Universitetga tayyorlan, uy ishlariga yordamlash… qarabmanki, yana 25-may, yana so‘nggi qo‘ng‘iroq, yana yelkamda “Bitiruvchi” lentasi. Faqat yili 2019 ga o‘zgargan. Yana ikkita she’r, ikkita qo‘shiq, to‘rtta tabrik bilan bayram tugadi. Kursi borlar repetitorga, qolganlar aylanishga qarab yo‘l oldi.
Mening bitiruv so‘nggi qo‘ng‘iroqlarimning qisqacha tarixi mana shu. Lekin men aytmoqchi bo‘lgan gap bu haqida emas. So‘nggi qo‘ng‘iroq bu qayta maktabga bormasligingni bayram qilib, buning uchun mehmonlardan tabrik
eshitish emasligini men o‘sha paytda qayerdanam bilibman? Bugun biroz aqlim joyiga kelib tushunyapmanki, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” — sening endi o‘zing uchun o‘zing javobgar bo‘ladigan hayotga chaqiruv qo‘ng‘irog‘i ekan. Endi senga qaysi darsdan chiqib, qaysi darsga kirishingni qo‘ng‘iroqlar eslatib turmaydi, endi hayot o‘z saboqlarini qo‘ng‘iroqlarsiz, ogohlantirmasdan berib ketadi. Endi sen uchun xulosani ustozing aytib bermaydi, endi sen har bir ishing xulosasini o‘zing chiqarishing kerak. Endi senga xatolaring uchun o‘qituvchilaring emas, hayot yaxshigina dakki beradi. Sen esa maktabingdagi so‘nggi qo‘ng‘iroq, katta hayotingdagi ilk qo‘ng‘irog‘ing chalingunga qadar bunga ruhan tayyor bo‘lishing lozim. Endi sen uchun boshqalar javobgar bo‘ladigan bola bo‘lolmaysan. Maqsadlaringni o‘zing tanlaysan, unga tomon o‘zing intilasan, xatolaring uchun o‘zing tovon to‘laysan. To‘g‘ri yo‘lni tanlasang o‘zasan, adashsang to‘zasan. Demak, sen hozir bitirayotganingni nishonlash emas, keyingi hayoting qanday kechishini tanlov qiladigan palladasan. Bitiruvchimisan? Sen uchun hozir so‘nggi qo‘ng‘iroqda nima kiyishing-u, uni qanday o‘tkazishing, o‘z o‘rnida “mehmonlar”dan qanday balandparvoz tilaklar eshitishing ham muhim emas, qanday maqsad qo‘yganing, uning yo‘lidagi intilishing, o‘z ustingda qilayotgan mehnatlaring muhim. Kelajak hayotingni mana shular belgilab beradi. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni sen uchirgan kaptarning parvozi qanchalar yuksakligi emas, sening keyingi hayotingdagi parvozing naqadar baland bo‘lishi muhim!
So‘nggi qo‘ng‘irog‘ing chalingunga qadar o‘zing uchun muhimlarini aniqlab, maqsadlaringni qo‘yib ol!
Guloro YUSUPOVA,
O‘zJOKU 3-kurs talabasi