Texnologiya fani o‘qituvchisi emasman, lekin...
Texnologiya fani o‘qituvchisi emasman, lekin...
Milliy o‘quv dasturi amaliyotga joriy etilgach, maktablardagi 1-2-sinf o‘quvchilariga yangi avlod darsliklari bilan ta’lim berish amaliyoti bo‘yicha joylarda seminarlar tashkil etildi. Bahs-munozaralarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun texnologiya darsini kim o‘tishi kerak, degan haqli savol tug‘ildi.
Kelgusi o‘quv yilida 3-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar chop etilishi ko‘zda tutilganini inobatga olsak, bu savol keyingi o‘quv yilida ham muhokama qilinishi mumkin. Aslida texnologiya fani amaliy fanlar qatoriga kiradi. Bu darsda o‘g‘il-qizlar uchun qiziqarli bo‘lgan narsa-buyumlarni yaratish usullari o‘rgatiladi. Ular mashg‘ulot jarayonida ko‘rib, bajarib qatnashishsa tez ko‘nikma hosil bo‘ladi. Shuning uchun ushbu darsda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ham, texnologiya fani mutaxassislari ham dars o‘tishsa maqsadga muvofiq. Shunda mashg‘ulotda o‘quv-didaktik resurslardan foydalanish, har xil mevalar, gullar maketini yasash kabi ishlar bolalarda katta ishtiyoq uyg‘otadi.
Oliy toifali o‘qituvchiman. Ammo bu sinovdan o‘tgunimcha naq besh yil attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rdim. Bu jarayonda boshlang‘ich sinf darsliklarining barcha qismlari bilan tanishdim. Darsliklar o‘zgarishi yangiliklar yildan yilga ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Navbatdagi tayyorgarlik jarayonida “Origami nima?”, “Kvilling nima?” kabi savollarga duch keldim. Bu haqida ma’lumot 4-sinf texnologiya darsligida berilgan ekan. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi texnologiya fanini o‘tmasa
yoxud mashg‘ulotda ishtirok etmasa bu mavzularni bilmaydi va sinovdan o‘ta olmaydi. Xullas, origami — qog‘ozni buklash orqali shakl yasash, kvilling esa uzunchoq ensiz qog‘ozni eshish bilan bejirim va nafis buyumlar yasash mashqi ekanini bilib oldim. Ayni paytda ham 4-sinf o‘quvchilariga texnologiya fanidan maroq bilan saboq beryapman. Matematika, ona tili, o‘qish darslarida mavzularni jiddiylik, ba’zan qattiqqo‘llik bilan tushuntirishga to‘g‘ri kelsa, texnologiyada muloyimlik bilan dars o‘taman. Texnologiya darsi boshlanishi bilan o‘quvchilarda o‘zgacha kayfiyatni ko‘raman. Mashg‘ulotda biror buyum yasamoqchi bo‘lsak, birgalikda o‘tirib do‘stona muhitda ishlaymiz. Bolalar ham rangli qog‘oz, bo‘yoqlarini bir-birlari bilan baham ko‘rishi, barcha o‘quvchilar bu darsda faollik ko‘rsatishidan quvonaman. Muallimning maqsadi ham shu, sinfda ijobiy muhit yaratish hamda 45 daqiqa qadrini o‘quvchilarga singdirishdir.
Rahbaroy MELIBOYEVA,
Uchko‘prik tumanidagi
5-maktab o‘qituvchisi