TUSHUNCHALAR MANTIG‘I YOXUD TA’LIMDA KORRUPSIYA
Quyidagi fikr-mulohazalarni yozishimga hamkasb o‘qituvchining munosabati turtki bo‘ldi. Uning fikricha o‘qituvchi o‘quvchini yaxshi o‘qigani uchun nimadir hadya qilib rag‘batlantirishi poraning bir ko‘rinishi bo‘lib, ushbu hol o‘quvchini bolaligidan shunga o‘rgatib qo‘yar ekan.
Men bu fikrga qo‘shilmadim. Odatda, pora olish, korrupsiyaviy holat deyilganda, muayyan mas’ul lavozim va vazifada ishlaydigan rahbarning, xodimning o‘z manfaati uchun nimadir ta’ma qilishi, shu orqali qandaydir ishni bitirib berishi tushuniladi.
O‘quvchi esa hali qandaydir lavozim va vazifadagi shaxs emas. U ta’limdagi o‘rniga ko‘ra, o‘qituvchilarga some’, shogird. O‘z ustozlariga ergashishga, ularga bo‘ysunishga, ulardek bo‘lishga intilishga da’vat etilgan. Uning e’tibori ustozlaridan o‘rnak, namuna, bilim, rag‘bat olishga, kerak bo‘lsa, maqtov eshitishga qaratilgan.
Umuman olganda, inson o‘zi bu dunyoda e’tibor topish, e’tirof etilish, tan olinish, o‘z o‘rnini topish uchun yashaydi, shunga intiladi. Shunday ekan, o‘qituvchi endi tetapoya qilib katta hayotga kirib kelayotgan o‘quvchisini yaxshi xulqi, tirishqoqligi, a’lo bilimi uchun ruchka, qalam, daftar-kitob, bloknot hadya qilib, rag‘batlantirsa buning nimasi yomon? Bu ham e’tibor, ham o‘z o‘quvchisini yanada yaxshi bo‘lishga ruhlantirish. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, o‘rta o‘qituvchi – bayon etadi, yaxshi o‘qituvchi – tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi – namoyish etadi, buyuk o‘qituvchi – ruhlantiradi. Demak, haqiqiy ustoz har tomonlama ruhlantiradi. Buyuk ishlarga undaydi. Qalbiga cho‘g‘ solib qo‘yadi, yo‘nalish beradi. Ana undan so‘ng bunday shogirdni ulug‘vor ishlardan to‘xtatib bo‘lmaydi.
Albatta, masalaning boshqa tomoni ham bor. Deylik, o‘qituvchi a’lochi, intiluvchan o‘quvchi qolib, nomunosib bo‘lsa-da, o‘z qarindoshi bo‘lgan o‘quvchini yoxud hamkasbi yoki tanishining farzandini, xoh u ma’naviy, xoh moddiy bo‘lsin qo‘llab-quvvatlasa, bu yomon. Mana bu oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilik bo‘lib, korrupsiyaning eng tarqalgan turidir. Shu singari holatlar aslida yosh avlodda bolaligidan haqiqat yo‘q ekan, degan ishtibohni, shubha-gumonni, adolatga bo‘lgan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Savol tug‘ilishi mumkin: o‘qituvchi o‘quvchidan nimadir olsa-chi?
Ha, o‘qituvchi ham oddiy inson. U ham e’tirof uchun mehnat qiladi, shundan axloqiy-estetik zavq oladi, bekorga yashamayotgan ekanman-da deb ruhlanadi. Bu ustoz-murabbiyga o‘quvchi va talabalar tomonidan ma’naviy-axloqiy shaklda, hurmat ko‘rsatish, e’zozlash, muayyan holatlarda jismoniy mehnat orqali ko‘maklashish shakllarida bo‘lishi mumkin.
Va nazarimda haqiqiy o‘qituvchi, haqiqiy ustoz mudom nimadir beradi, hech qachon hech nima olmaydi.
Lazizjon BAHRONOV,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori