Ustamani deb arazlashmaylik!
Ustamani deb arazlashmaylik!
Bugun ustama atrofida aytilayotgan gaplar mening yuragimni o‘rtamoqda. Sizdek faol muallimga nahotki yaxshi ustama belgilashmagan bo‘lsa, deysizmi? Ha, afsus 30 foiz belgilandi. Ammo ko‘proq olsam, jamoadoshlarim yovqarash qilsa, baribir tatimasdi!
Ustama kamroq belgilangan hamkasblarimning boʻhtoni-yu malomati, ba’zi qiziqqonroq yoshlarning gap-so‘zi rahbarlarning ham notoʻgʻri xulosasiga sabab bo‘lishi va boshqa dedi-dedi koʻpaygani sabab 23 yillik qadrdon maktabim ostonasiga qadam qoʻygim kelmay qoldi! Shu qadar tushkunlikka tushdimki, hatto kimga aytmoqni ham bilolmay qoldim. Mening bu holatim ayrim ustozlarga notanish bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham quyidagilarni oqqa tushirdim.
Aziz kasbdoshlarim, fidoyi, jonkuyar, vijdoni pok, oshi halol, zahmat-u mehnati hech qanday olmos-u koʻhinurga tenglasholmas ustozlarim, bugun ustama mavzusi eng dolzarb, barchamizning diqqat markazimizda. Eh-he, bunga qadar qancha-qancha dillar oʻksindi, necha qalblar parchalandi, dilxiraliklar, gina-kuduratlar avj nuqtaga chiqdi! Hatto 20–30 yillik qadrdon, opa-singil tutingan jamoadoshlar, aynan shuning uchun arazlashdi, bir-biridan kechdi, ta’na-yu malomatlar ostida qoldi. Adolat tarozisi buzilib, koʻngil chil-chil sindi. Ha-da, oʻzi osmon bilan yerchalik farq yoʻq, ammo hozirgi narx-navo oldida bechora ustozning yana bir umidi uzilganday bo‘ldi.
Qani edi, shunday shaffof mexanizm ishlab chiqilsa-yu, bunda inson omili ishtirok etmasa, ustozlarning toifasi, tajribasi ish stajiga qarab, hech qanday dilxiraliklarsiz bir mezon asosida, davlatning oʻzi yakka-yu yagona, hamma uchun bir xil maosh belgilab bersa!
Bilasizmi, anglashilmovchiliklar, olam-olam noroziliklar ortida ustozning qalbi ozor chekmoqda, tushkunlikka tushgan eng “zabardast” ustoz ham ranjib qolgach, qalbidagi ishtiyoq soʻnmaydimi, azizlar!? Bu maktabning ixtiyoriga qoʻyilmay, boshqacha shaffof usul yaratilishi kerak.
Ishga borgim kelmay bor-e, haydashsa haydashsin desam, bu yoqda 3 nafar qora ko‘zim bor. Juda ezmalikka yo‘ymang, biroz oshirib yuborgandirman. Balki “Ma’rifat” sahifalarida bu fikrlarim chiqsa mutasaddilar nazari tushar deb o‘yladim-da.
Zora tizim yangilansa...
MAHZUNA