Adabiyot ostonasiga ilk qadam
Yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodini rag‘batlantirish maqsadida har yili respublikamizning turli hududlarida yashab ijod qilayotgan yoshlarning ijod namunalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida chop etib kelinmoqda. Ushbu loyihada qatnashib, kitobi chop etilishini istayotgan ijodkorlar soni kundan kun ortib bormoqda. Bu yil ham loyiha doirasida 22 nafar ijodkorning ilk kitobi lotin va kirill alifbosida, har biri 10 ming nusxadan chop etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida mazkur to‘plamlarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli shoir va yozuvchilar, publitsistlar, adabiyotshunos olimlar, dramaturg hamda tarjimonlar ishtirok etdi.
Kitoblari nashr etilgan yoshlarning qo‘lyozmalari Respublika yosh ijodkorlarining Zomin va “Iste’dod maktabi” seminarlarida nashrga tavsiya etilgan. Tadbirni ochib berish uchun so‘zga chiqqan Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid bu haqida alohida gapirib o‘tdi. Ijodkorlarni qutlar ekan, nashrga tayyor bo‘lguncha ijodiy ishlar qaysi bosqichlardan o‘tgani, saralash jarayonlarida nimalarga e’tibor qaratilganiga batafsil to‘xtaldi.
Nazm, nasr, dramaturgiya, tarjima, publitsistika hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishida qatnashchilarning ishlarini ko‘rib chiqqan mutaxassislar o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashishdi.
— Birinchi kitob — adabiyot ostonasiga tashlangan ilk qadam. Kitobi chiqqan yoshlarimizda mas’uliyat ikki hissa oshishi kerak. Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan qizlarimizdan Vazira Ibrohimova hamda Zulxumor Orifjonovaning yozganlari menga juda manzur bo‘ldi, — deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev.
Shuningdek, tadbirda Olimjon Suyarov, Nozima Habibullayeva, Bashorat Otajonova, Husan Maqsud kabi yoshlarning ijodi ustozlar tomonidan e’tirof etildi.
— 2017-yili Zomin seminarida ishtirok etgan edim. Seminarda ustoz adiblardan saboq olib, tengdosh ijodkorlar bilan tanishdim, — deydi “Bolalar adabiyoti” yo‘nalishi ishtirokchisi Mohidil Abdullayeva. — Seminardan o‘rganganlarim bisyor. “Birinchi kitobim” loyihasida “Raqqos yaproqlar” nomli ilk to‘plamim nashr etilishi esa men uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirda Naima Anvarova hamda Bayram Aytmurodov ishtirokchilar nomidan ustozlar, Yozuvchilar uyushmasi hamda “Ijod” fondi xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Charos YOQUBOVA