“Mening ijod mahsulim” g‘oliblari taqdirlandi
Yangi yil mamlakat yoshlari, ayniqsa, “Xalqaro yoshlar oromgohi”da hordiq chiqarayotgan 192 nafar a’lochi o‘quvchi uchun quvnoq do‘stlar davrasi, maroqli va foydali ta’til bilan boshlandi. 3 yanvardan buyon davom etayotgan “A’lo ta’til” loyihasi o‘quvchi-yoshlar uchun do‘stlik rishtalarini bog‘lash, bilim va tajriba orttirish uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Bugun loyiha doirasida “Mening ijod mahsulim” Respublika o‘quvchi-yoshlar media-festivalining Respublika bosqichi yakunlandi. Media-festival Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.
6 yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan media-festivalning saralash bosqichidan o‘tgan 44 nafar o‘quvchi o‘zi tayyorlab kelgan ijod mahsuli bilan ishtirok etdi. Barcha yo‘nalishdagi ijod namunalari respublikaning turli hududlaridagi maktablar va o‘quvchilar hayotidan hikoya qiladi. Taqdim etilgan ijod mahsullarini soha mutaxassislari baholadi.
— O‘quvchi-yoshlar media-festivali birinchi marta o‘tkazilishiga qaramay, unda ishtirok etish istagini bildirgan o‘quvchilar soni 1786 nafarni tashkil etdi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchi va yoshlar tashkilotlari bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Aziz Bahodirov. — Unda 8-11 sinf o‘quvchilari, ya’ni 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar “Eng yaxshi ijtimoiy rolik”, “Eng yaxshi media ishlanma”, “Eng yaxshi targ‘ibot katalogi”, “Eng yaxshi maktab ro‘znomasi”, “Eng yaxshi maktab radioeshittirishi” hamda “Mening orzuyimdagi zamonaviy maktab” loyihasi yo‘nalishlarida bahslashdi. 6 ta mualliflik ishi uchun laureatlar va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
“Eng yaxshi ijtimoiy rolik” yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Aysuluv Baltamuratova, “Eng yaxshi mediaishlanma” yo‘nalishida Xorazm viloyatidan Javohir Shomuratov, “Eng yaxshi targ‘ibot katalogi” yo‘nalishida farg‘onalik Qilichbek Qurbonov, “Eng yaxshi maktab ro‘znomasi” yo‘nalishida Sirdaryo viloyatidan Yorqinjon Hayitboyev, “Eng yaxshi radioeshittirish” yo‘nalishida Toshkent shahridan Nasiba Abdullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ishtirokchilar uchun Toshkent shahridagi INHA universiteti o‘qituvchilari, “Madaniyat va ma?rifat”, “MY5” hamda “Sevimli” telekanallari muharrirlari tomonidan master-klass tashkil etildi.
G‘olib va sovrindorlarni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.
Shohida Damanova