Yosh oilalarning uy-joyi yo‘qligi aniqlandi
“Yoshlar press-klubi”da Prezidentimizning “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan hisobot-brifing bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2018-yildagi faoliyati har tomonlama tahlil qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘tgan yili yoshlar masalasiga oid 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingani, 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va “Yoshlar klubi” tuzilgani haqida ma’lumot berdi. Birinchi bor yangi ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medalining 42 nafar yigit-qizga topshirilishi, 41 kishining “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi, alohida faollik ko‘rsatgan 17 nafar o‘quvchi va talabaning “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti”ni qo‘lga kiritishi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
— Yoshlar ittifoqining jami 22 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy kengash tomonidan yoshlar talab va ehtiyojlari o‘rganib borilishi natijasida aksariyat yosh oilalarning uy-joyga ega emasligi aniqlandi. Har bir yigit-qizning o‘z kelajagini yaratishida kasb-hunar egallash muhim rol o‘ynaydi. 2018-yilda faol a’zolarimizni imtiyozli ravishda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish mexanizmi joriy etilib, 14 nafar tashabbuskor, intiluvchan yigit-qiz talabalikka qabul qilindi. Bundan tashqari, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasidan imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlarning mahsulotlari ko‘rgazmasi tengdoshlarida qiziqish uyg‘otdi. 2019-yilda ham yoshlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirmoqchimiz, — dedi hisobot yig‘ilishida ma’ruza qilgan Markaziy kengash raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 10 million 742 ming o‘quvchi, talaba, hunarmand yoshlarni o‘z tarkibiga jipslashtirgan yirik tashkilot. Hisobot-brifingda ana shunday katta kuchga ega tuzilmaning 2018-yildagi faoliyatiga xolis baho berildi.
Irodabonu AVVALBOYEVA