“Abituriyentlar shaharchasi”ga bir kelib keting
“Ma’rifat” gazetasining avvalgi sonida abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalalariga o‘qishga kirishi bo‘yicha tumanlar reytingi e’lon qilindi. Ro‘yxatda Peshku tumani respublika bo‘yicha 3-o‘rinda qayd etilgan.
Chindan ham, tumanimizga kelsangiz, erta tongdan to oqshomga qadar ko‘chada qo‘lida kitob, yelkasida portfel ko‘tarib yurgan yuzlab abituriyentlarni uchratasiz. Haliyam bu ko‘rsatkichda faqat tuman abituriyentlarigina nazarda tutilgan, xolos. Holbuki, Peshkuga respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridan ilm olish istagidagi yoshlar kelib, ta’lim oladi.
Bu esa, ochig‘i, tumanimizga yaxshigina daromad ham keltiryapti. Qanchadan qancha do‘kon va oshxonalarning ham asosiy mijozlari — abituriyentlar. Uyini ijaraga bergan tumandoshlarimiz ham bundan manfaatdor. Shuning uchun ham tumanimiz “Abituriyentlar shaharchasi” nomini olgan.
Tumanimizda o‘qishga tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos tajriba shakllangan. Abituriyentlar maktabdagi darslarni qoldirmagan holda muntazam ravishda qo‘shimcha kurslarga qatnaydi. Boshqa hududlardagi o‘quv kurslaridan farqli o‘laroq, bizda uchala blokdagi fanlar ham haftada 6 kun, har kuni kamida 2,5–4 soatgacha o‘tiladi. Dam olish kuni esa haftada bir kun, xolos. Shuni ham ba’zi ustozlar imtihon kuni qilib belgilagan.
Bunday zo‘riqish bilan o‘qib bo‘ladimi, dersiz?! Xavotirga o‘rin yo‘q. Shu paytga qadar biror abituriyent ham, o‘qituvchi ham bundan noligani yo‘q.
Xullas, ishonmasangiz, tumanimizga bir kelib keting!
Yolqin MUQIMOV