O‘zbekistonda ilk marotaba maktab o‘quvchilari uchun xalqaro konferensiya o‘tkaziladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini oldini olishda “tengdosh-tengdoshga” tamoyilini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash tizimiga xalqaro tajribalarni tatbiq etish maqsadida umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining simulyatsion “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish” mavzusida “Yosh delegat” konferensiyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Konferensiya Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 10-12-may kunlari yurtimiz umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi yuqori (8-11) sinf o‘quvchilar uchun “GLOZ82 Huquqiy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha Global dastur” homiyligida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC ROCA), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Konferensiyaning bosh maqsadi - Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy uchrashuvlari andozasida anjuman o‘tkazish. Konferensiya o‘quvchilarni diplomatik sohadagi yechimlar, qiyinchiliklar va eng yaxshi tajribalarni o‘rganishlari maqsadida birlashtiradi. Shuningdek, respublikaning intiluvchan va ijtimoiy faol yoshlarini bir maqsad sari yo‘naltiradi. Konferensiya respublikamizning muayyan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi mavjud muammolariga yechimlar topish, hukumat ishlarida yoshlar rolini oshirish, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash kabilarni o‘z ichiga oladi. Konferensiya mamlakatimizning barcha o‘quvchi-yoshlariga BMT faoliyati va uni ish yuritish tizimini tanishtirib, jamoat oldida nutq so‘zlash, muammolarni yechish, diplomatik muzokara olib borishni o‘rgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni berish orqali ularni davlatimiz rivojiga hissa qo‘shish, kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz darajasini yanada oshiradigan kadr hamda ijtimoiy mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishish yo‘lida birlashtiradi.
Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy konferensiyalarini simulyatsiya qiladi va unda ishtirokchilar o‘zlari diplomatlar kabi BMTning rasmiy (asosan ingliz) tillarida faoliyat olib boradi. Konferensiyada asosan BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusi muhokama qilinadi.
Konferensiyadan bir oy avval ishtirokchi o‘quvchi-yoshlar uchun BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari mas’ul xodimlari, tajribali murabbiylar tomonidan ma’ruzalar, simulyatsion konferensiya qoidalari va ularga tayyorgarlik qilish bo‘yicha masofaviy trening hamda mahorat darslari tashkil etiladi. Mazkur jarayonda ishtirokchilar ixtiyoriy ravishda BMTga a’zo bo‘lgan biror bir davlatning delegati sifatida faoliyat yuritishi belgilanadi. Yosh delegatlar o‘zi uchun belgilangan davlatni bir oy davomida har tomonlama mukammal o‘rganishi, “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusini “o‘zining davlati” tajribasi asosida tadqiq va tahlil qilishi hamda buni yoritishga tayyorgarlik ko‘rishi, bu bo‘yicha mamlakat pozitsiya xatini (ya’ni qo‘mitada muhokama qilinadigan mavzular bo‘yicha mamlakat siyosatini batafsil bayon etuvchi bayonnoma) yozishi lozim.
Konferensiyada ishtirok etish uchun yuqori (8-11) sinf bo‘lgan, o‘quvchi-yoshlar nomzod ishtirokchi anketasini to‘ldirib, 2019-yilning 10-martiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarida tuziladigan tanlov komissiyasiga topshirishlari kerak.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tanlov komissiyalari hududidan 2019-yilning 25-martiga qadar 10 nafar eng munosib nomzodlarni anketa va suhbat asosida saralab, Xalq ta’limi vazirligidagi Respublika tanlov komissiyasiga topshirishlari kerak bo‘ladi.
Ishtirokchilar quyidagi mezonlar asosida 10 ballik shkalada baholanib saralanadi:
- tillarni bilish darajasi (ingliz tilni muloqot darajasida bilishi shart);
- BMT haqidagi tushunchalarga ega bo‘lish va global fikrlashi;
- anketadagi savollarga bergan aniq, asosli va teran javoblari;
- erishgan yutuqlari va intiluvchanligi;
- zamonaviy liderlik va kommunikativ ko‘nikmalari;
2019-yilning 30-martiga qadar Xalq ta’limi vazirligidagi Respublika tanlov komissiyasi har bir hududdan 5 nafardan jami 70 nafar eng munosib nomzodlarni anketa va suhbat asosida saralab konferensiya ishtirokchilari nomini e’lon qiladi.