“Bitiruvchilar yarmarkasi”: talab, taklif, tafovut
Taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakat har bir soha bo‘yicha yetuk kadrlarga ehtiyoj sezadi. Oliy ta’lim tizimining bu boradagi rolini esa hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bu tizimdagi kichik kamchilik ham milliy kadrlar salohiyatida jiddiy nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin. Iqtidorli yoshlarni o‘z qobiliyatlariga mos sohalarga yo‘naltirish, ularga dunyoning yetakchi ta’lim dargohlari darajasida bilim bera olish oliy ta’lim muassasalari oldida turgan vazifalardan.
Bu vazifalar uddalanmasa, o‘z qadrini biladigan kadrlar boshqa karyera maydonlarini izlay boshlaydi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘tkazilgan an’anaviy “Bitiruvchilar yarmarkasi” shu kabi muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi bir urinish bo‘ldi. Yarmarkada respublikaning turli hududlaridan kelgan ish beruvchilar qatnashib, bitiruvchilarga o‘z takliflarini bildirdilar.
— Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida sifatli kadrlar tayyorlashning eng muhim mezoni ish beruvchining talablari bo‘lib qolmoqda. Aksariyat hollarda biz tayyorlayotgan kadrlar bu talablarni bajara olmayapti. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv rejalaridagi fanlarni tanlashda ham ish beruvchilarning shartlarini inobatga olish maqsadga muvofiq. Bu yarmarka ish beruvchi va bitiruvchilar o‘rtasidagina emas, ish beruvchilar va universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlashi bilan ham ahamiyatga ega, — dedi universitet rektori G‘anisher Rahimov.
O‘zDJTU chet tili mutaxassislari tayyorlovchi oliy o‘quv yurti sifatida o‘nga yaqin til mutaxassisliklari va xalqaro jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Shu bois ham potensial ish beruvchilar orasida xalq ta’limi boshqarmalari xodimlari, maktab direktorlari va ommaviy axborot vositalari xodimlarini ko‘proq ko‘rish mumkin edi. Maktablarda chet tillarni chuqur o‘qitish talabidan kelib chiqib chekka hududlarda joylashgan maktablarga chet tili mutaxassislarini jalb qilish masalasi qoraqalpog‘istonlik, navoiylik, samarqandlik ish beruvchilarning takliflarida o‘z aksini topdi. Xususan, bunday hududlarda ishlaydiganlar uchun yuqori ustama haqlar belgilash, ish haqlarini bir necha barobar ko‘tarish, hatto doimiy turarjoylar bilan ta’minlash kabi takliflar bildirilgani ham ta’lim tizimini kadrlar bilan ta’minlashga nechog‘lik jiddiy ahamiyat berilayotganidan dalolatdir. Ammo bo‘lg‘usi kadrlar bu talablarni qanchalik uddalashini vaqt ko‘rsatadi.
Suhrob ZIYODOV