O‘zbek yoshlarining yana bir g‘alabasi
20—27-aprel kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan kimyo fani bo‘yicha 53-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasidan yoshlarimiz mamlakatimizga 1 oltin, 3 kumush va 1 bronza medal bilan qaytdi. Yurtimiz vakillaridan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchilari — Islomjon Karimov oltin, Ulug‘bek Boyirbekov kumush, 2-bosqich o‘quvchisi Mohira Boltayeva bronza, Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi Diyor Hayitov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Mashhur rus olimi Dmitriy Ivanovich Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalini yaratganiga 150 yil to‘lishi munosabati bilan u yashab, faoliyat yuritgan Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan xalqaro fan olimpiadasida 29 davlatdan 160 o‘quvchi ishtirok etdi.
— Ushbu xalqaro fan olimpiadasining nufuzi yildan-yilga ortib boryapti, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ortiqboy Eshonqulov. — Tabiiyki, ishtirokchilarning bilim darajasi ham nihoyatda yuqori. Shu bois biz xalqaro olimpiadada ishtirok etadigan o‘quvchilar bilan bir necha yil davomida puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Ularning darsdan tashqari vaqtlarda ham shug‘ullanishi uchun tayyorlov mashg‘ulotlari tashkil etdik. O‘quvchilarimizga Moskva davlat universitetining kimyo fani o‘qituvchilari ishtirokida mahorat darslari o‘tildi. Ishtirokchi o‘g‘il-qizlarimiz ham o‘z ustida tinimsiz ishladi. Ana shunday mehnatlar samarasi o‘laroq, yoshlarimiz yurtimizga yana bir ulkan g‘alaba bilan qaytdi.
Olimpiadaning birinchi va ikkinchi turida o‘quvchilar nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, uchinchi turda ishtirokchilarga laboratoriya sharoitida biror kimyoviy noma’lum moddaning organik sintez yordamida nomi va tarkibini aniqlash vazifasi topshirildi. Barcha turdan to‘plangan ballar asosida g‘oliblar nomi e’lon qilindi.
— Kimyo fanidan xalqaro olimpiadada ishtirok etishni 9-sinfdan buyon niyat qilardim, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal sohibi Islomjon Karimov. — Litseyga o‘qishga kirganimdan so‘ng uch yil davomida o‘qituvchilarim bilan bunga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdik. Raqiblarimiz juda kuchli bo‘lishiga qaramay, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz sira so‘nmadi. Jamoamiz bilan maqsad sari intilib, g‘olib bo‘ldik va Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytdik. Buning uchun meni doim qo‘llab-quvvatlagan, yordamini ayamagan ustozlarim, ota-onamdan chuqur minnatdorman.
G‘oliblar munosib kutib olindi. Ular kelgusida mamlakatimizdagi o‘zlari istagan oliy o‘quv yurtiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.
Iroda TOShMATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri