Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Farg‘ona tajribasi”
Farg‘ona viloyatida beshta muhim tashabbus doirasida qiymati 21,9 milliard so‘m bo‘lgan 200 dan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda.
Yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol avlod etib tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimizning yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish yuzasidan ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusining tag zaminida aynan shu ezgu maqsad mujassam. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida ham bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Davlatimiz rahbari 6-7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Farg‘ona tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilganini ta’kidlab, 5 ta muhim tashabbus doirasidagi vazifalarni belgilab berdi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir samarali tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, mafkuraviy tahdidlardan asrash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi asosiy 3 ta yo‘nalishda ishlar amalga oshirilmoqda. Quvasoy shahrida namunaviy tarzda “Yoshlar sanoat zonasi” barpo etish orqali yosh tadbirkorlarning ishlab chiqarish sohasidagi 60 dan ortiq loyihasi amaliyotga joriy etiladi. Shuningdek, barcha shahar va tuman markazlarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Open air” – ochiq osmon ostidagi yoshlar maskanlari barpo etish rejalashtirilgan.
Albatta, ishlab chiqilgan barcha loyihalar yoshlar kamolotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda ushbu 5 ta tashabbus ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham tizimli ishlar davom etmoqda.
Farg‘ona shahrida 15 dan ortiq yo‘nalishda yoshlarga xizmat ko‘rsatuvchi “Yoshlar innovatsion markazi” foydalanishga topshirildi. Qo‘shtepa tumani madaniyat bo‘limiga qarashli binoda zamonaviy “Yoshlar markazi” barpo etilib, 5 ming kitob fondiga ega yangi kutubxona, “Yosh askiyachilar maktabi”, xorijiy tillar to‘garagi va “IT” akademiyasi markazi tashkil etildi. Buvayda tumanida ham Yoshlar markazi bunyod etilib, 5 ta muhim tashabbusni o‘z ichiga olgan 5 ta bekat faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Barcha shahar va tumanlarda 19 ta “Yoshlar teatr studiyalari” va “Yoshlar klublari” shakllantirildi.
Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, mumtoz va zamonaviy o‘zbek hamda jahon adabiyotiga muhabbat uyg‘otish maqsadida 2 ta zamonaviy “Bibliobus” viloyat yoshlariga topshirildi. “Ferghana bookland” QR-kod elektron kutubxonalari viloyat kutubxonasi bazasida 700 dan ortiq QR-kodli kitoblar tablosi tayyorlandi hamda 19 ta hududda o‘rnatildi. Avtobuslarga, savdo shoxobchalariga, istirohat bog‘lariga, avtobus bekatlariga, mehmonxonalaru ta’lim muassasalariga mos ravishda loyihalar tayyorlanib, tarqatilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar ta’lim muassasalarini optik tolali aloqa liniyalariga ulash bo‘yicha 340 ta maktab ro‘yxati shakllantirilib, hozirga qadar 78 tasi optik tolali aloqa liniyasiga ulandi. Chekka hududlarda qo‘shimcha 189 ta sport to‘garagi faoliyat boshladi.
M.SULAYMONOV, O‘zA