O‘zbekistonlik yoshlar Italiyada o‘tkazilgan xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi
Joriy yilning 9-12-may kunlari Italiyaning Barletta, 13-17-may kunlari Pezaro shaharlarida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan xalqaro musiqachilar ko‘rik-tanlovida o‘zbekistonlik yoshlar muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi uza.uz.
Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida g‘olib va sovrindorlar tantanali kutib olindi.
Barlettada yigirma to‘qqizinchi bor o‘tkazilgan "Citta di Barletta" nomli tanlovda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari Yunus Rajabiy, Farrux Ismatov, Aziz Ergashev birinchi o‘ringa munosib topildi, Nodira Azizovaga esa uchinchi o‘rin nasib etdi.
Pezarodagi tanlovda esa Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Foziljon Nig‘matov (afg‘on rubobi yo‘nalishi) gran-pri sovrindori bo‘ldi. O‘zbekiston davlat konervatoriyasi talabalari Aziz Ergashev, Yunus Rajabiy hamda Murodjon Alievlar bu tanlovda ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– O‘g‘limiz Yunus Rajabiy tavalludiga 100 yil to‘lgan 1997-yilda tug‘ilgani bois unga katta bobosining ismini yaxshi niyatlar bilan qo‘ygan edik, – deydi Javlon Rajabiy. – Bolalikdan musiqaga mehr qo‘yib voyaga yetdi. Bunday nufuzli tanlovlarda yoshlarimizning g‘olib bo‘lishi yurtimizda yoshlar kamolotiga qaratilgan ulkan e’tibor samarasidir.
– Xalqaro tanlov katta mas’uliyat. Ijodiy bellashuvda mashhur musiqachi, hakamlar hay’ati raisi Ernesto Palasio o‘zbekistonlik yoshlarning iste’dodini e’tirof etib, ularga yuqori baho berdi, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi katta o‘qituvchisi Anjela An.
– Tanlovda Verdining "Don Karlos" operasidan Rodrigo ariyasini, Rossinining "Sevilyalik sartarosh" operasidan Figaro kavatinasini ijro etdim, – deydi yosh operachi Farrux Ismatov. – Argentina, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Koreyadan, albatta Italiyaning o‘zidan va boshqa o‘ttizga yaqin davlatdan kelgan yoshlar ijrosidan aynan biz – o‘zbekistonlik yosh musiqachilarning mahorati yuqori baholangani cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.