Fermer a’lochilarga stipendiya beryapti
Farzandlarimizning puxta ta’lim-tarbiya olishi, yaxshi xulq-atvor egasi bo‘lib ulg‘ayishi uchun qilinayotgan barcha sa’y-harakatlar va sarflanayotgan mablag‘ kelajakda o‘z natijasini beradi.
Shovot tumani Beshmergan qishlog‘idagi “Usta Matsafo” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat O‘daboyev ham bu borada homiylik qo‘lini cho‘zib, ko‘pning duosini olmoqda. Har yili fermer xo‘jaligi dehqonchilikdan mo‘l hosil yetishtirib, topilgan daromaddan ma’lum qismi qishloqdagi 33-maktabga homiylik yordami sifatida ajratiladi. Tadbirkorning bu xayrli ishni amalga oshirayotganiga 18 yil bo‘libdi. U o‘quv dargohidagi ta’mirlash va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlarida hamisha jamoaning yonida turadi. Fermerning 2007-2008-o‘quv yilidan boshlab a’lochi va jamoatchi o‘quvchilar uchun “Matsafo ota” stipendiyasini joriy qilgani ham tahsinga loyiq. Ushbu rag‘bat bir necha o‘g‘il-qizlarni o‘qishga qiziqtirib, ilm olishga intilishini kuchaytirdi. E’tiborlisi, o‘quv yili yakunida o‘tkazilgan “Mening maktabim — mening uyim” tadbirida 30 nafar ilg‘or o‘quvchining har biriga pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari berildi.
— Shuhrat O‘daboyevning yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi namunali ishlaridan minnatdormiz, — deydi maktab direktori Farhod Yusupov. — Maktabimizda a’lochi o‘quvchilar safi kengaymoqda. O‘tgan ikki yil ichida fermer xo‘jaligi tomonidan 196 nafar o‘quvchiga 3 million 904 ming so‘m stipendiya ajratildi. Yaqinda maktab kutubxonasi uchun 500 000 so‘mlik kitob sovg‘a qilinib, 2 ta sinfxona ta’mirlab berildi. Tadbirkorning yagona orzusi qishloqdan el-yurt koriga yaraydigan taniqli insonlar yetishib chiqishidir. Mehnatda erishgan yutuqlari uchun fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat O‘daboyev “Shuhrat” medali va 2017-yili Xalq ta’limi vazirligining “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. U maktab kuzatuv kengashi raisi va tuman kengashi deputati hamdir.
Boltaboy MATQURBONOV