Ishonchingni oqlaymiz, Vatan!
Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli noyob iqtidor va qobiliyat egalari yuzaga chiqib, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qonunchilik sohasidagi yangilanishlar yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Ayniqsa, 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
2017-yildan buyon yurtimizda 30-iyunning Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanayotgani ham davlatimiz rahbarining ertangi kun vorislariga qaratilgan yuksak ishonchi va e’tiboridan darak beradi. Mazkur sana munosabati bilan 28—30-iyun kunlari respublikamizning barcha hududidagi madaniyat va istirohat bog‘lari hamda xiyobonlarda “Yoshlar sayillari” bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ommaviy sport tadbirlari, festival va davra suhbatlari, “Youth Day” shiori ostida 5 km.ga yugurish marafoni o‘tkazildi. Asosiy bayram tadbiri muhtasham “Humo” muz sporti arenasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga atalgan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi..
Mard o‘g‘lonlar
safi kengaydi
Har yili o‘nlab vatanparvar, fidoyi yoshlar orden va medallar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Jumladan, 2017-yili barcha jabhada tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ko‘plab yoshlarning orzularida mustahkam qanot bo‘lyapti. Har yili mazkur mukofot bilan 28 nafar azamat taqdirlanadi. 30-iyun kuni davlat mukofotining bu yilgi sovrindorlari nomi e’lon qilindi. Ular orasida Jizzax davlat pedagogika instituti talabasi Sayfiddin Okanov ham bor.
— Kimdir yelkangga qo‘lini qo‘yib, barakalla, yaxshi ishlayapsan, desa qanday quvonib ketasiz! Quvonch bilan birga yelkangizga mas’uliyat zalvori tushgandek bo‘ladi. Men ham bugun ana shunday quvonch va mas’uliyatni his etyapman, — deydi u. — Ijodkor birovdan nimadir kutib, umidvor bo‘lib yozmaydi. Qoralamalari uchun haq ham kutmaydi. Avvalo, quvonchi yoki hissiyotini baham ko‘rish, kimgadir sirdosh bo‘lish uchun yozadi. Ammo ijodining e’tirof etilgani har bir qalamkash uchun katta baxt. Bu yil 24 yoshga to‘laman. Qarang, mana shu yoshimda davlat mukofoti sovrindori bo‘ldim. Bir havaskor ijodkor uchun bundan ortiq e’tirof bo‘lishi mumkinmi?! Bu mukofot menga qanot, ota-onam, oilam a’zolariga, yaqinlarimga iftixor berdi. Albatta, bu ishonchni oqlash uchun bugungidan ham ko‘proq harakat qilaman.
Xorijda o‘qish
yaxshi, ammo...
Yurtimizda hech bir soha e’tibordan chetda emas. Ayniqsa, yoshlar qatlamini qamrab olgan sohalar. Shu jumladan, ta’lim yo‘nalishida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tashkil etilayotgan yangi-yangi bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, madaniyat va sport inshootlari, “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, “Ijod maktablari” deb nom olgan mutlaqo yangi namunadagi ta’lim maskanlari bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir bo‘lgan yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ko‘plab yoshlarimiz chet el grantlari asosida xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib yoki malaka oshirib qaytmoqda.
— Xorij granti asosida bir yil Hindistonning Agra shahrida tahsil oldim. Bir necha tanlovlarda ishtirok etdim, — deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi Nurxon Yoqubova. — Chet elda o‘qiyotgan kezlarim minbarga nutq so‘zlash yoki taqdirlanish uchun chiqqanimda, O‘zbekistondan, deb e’lon qilishganda ko‘ksimda iftixor, faxr tuyg‘ulari jo‘sh urganini va sog‘inch bo‘lib bo‘g‘zimga tiqilganini sezardim. Bu holatni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Musofirlikda o‘zga davlatlardan kelgan talabalar bilan tanishdim. Ularning hayoti, mamlakati haqidagi hikoyalarini tingladim. Qaytishimizdan bir hafta oldin shrilankalik dugonamning yurtida portlash bo‘lgani haqida eshitdik. Ota-onasidan xabar yo‘q ekan. Unga qo‘shilib kechasi bilan yig‘lab chiqdik. Shunda angladimki, qaytishing uchun tinch yurting, Vataning borligining o‘zi katta baxt. Ko‘ngling xotirjam, xavotirlarsiz oilang bag‘riga qaytasan... Hindistonda bayramlar juda ko‘p, hatto yomg‘ir yog‘sa ham nishonlashadi. Ammo yoshlar kuni yo‘q! O‘zbekistonda yurgan odamga bilinmaydi. Yurtdan olisda uning osmoni, har bir daraxti, hatto changko‘chalari ham qanchalar qadrli ekanini his etasiz.
Jazolash emas,
tarbiyalash kerak
Yurtimizda barcha yoshlarga shu Vatanning teng huquqli farzandi sifatida baravar munosabatda bo‘linadi. Nafaqat mukofot olgan, hayotda o‘z o‘rnini topgan yoshlar, balki adashgan, bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan, xato qilib boshi xam bo‘lganlarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ularni jazolashga emas, tarbiyalashga asosiy urg‘u beriladi. Shu yilning o‘tgan davrida yoshlar jinoyatchiligi 2018-yilga nisbatan 37 foizga kamaygani, adashib xato yo‘lga kirgan, qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan 599 nafar yigit-qizning Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod qilingani, ularga yengil jazo turlari tayinlangani jamiyatimizda kechirimlilik, mehr-oqibat va o‘zaro ishonch muhitini kuchaytirish yo‘lidagi yangi qadamdir.
— Hamma qatori ota-onamning davrida o‘ynab-kulib yurgan edim, — deydi 18 yoshli Sobira Hasanova(iltimosiga ko‘ra, ism-familiyasini o‘zgartirdik). — Jinoyat qilib jazo o‘tashim tushimga ham kirmagan edi. Ammo... Akam juda qattiqqo‘l edi. Lekin uni yaxshi ko‘rardim. Har qadamimni o‘lchab, tergardi. Telefon ishlatgani qo‘ymasdi. O‘zingiz o‘ylang, men yosh bola emasman-ku, o‘shanda kollej bitiruvchisi edim. Akamdan qo‘rqardim, ammo dugonalarimdan kam bo‘lishni istamasdim. Yashirincha telefon ishlatardim. Bir kuni oshxonada telefonimdan musiqa eshitgancha ovqat qilayotgandim. Qo‘limda pichoq bor edi. Bir payt akam kelib qoldi. Odatda bu vaqtda uyda bo‘lmasdi. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, qanday kelib qolganini bilmayman. “Senga nima degandim”, deb baqirib ustimga bostirib keldi... Keyin...keyin... Bexosdan, atayin emas... Qo‘limda pichoq bor edi. Hammadan onamga qiyin bo‘ldi, bir farzandi endi bu olamda yo‘q, ikkinchisi esa qamoqqa olinishi mumkin edi. Yoshlar ittifoqidan minnatdorman, tashkilot kafilligi tufayli sud zalidan ozod qilindim. Hayotimni izga solishim uchun yana bir bor imkon berildi! Hozir o‘qishga tayyorlanyapman. Akamni juda sog‘inaman. Koyishlari ham davlat ekanligini bilmagan ekanman. O‘qishga kirib, yaxshi o‘qisam, yaxshi joylarda ishlab onamni boshimda ko‘tarib yursam, akam ham meni kechirar deb o‘zimni yupataman...
Rag‘batga
munosib harakat
...Musiqa sadolari balandlaydi. Bayram shukuhi o‘tmishni eslab g‘ashlangan ko‘ngillarga ham taskin bera boshlaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatiga to‘xtalib o‘tsak. Bugungi kunda ittifoq o‘z safida 7 million 680 ming yigit-qizni birlashtirgan. Yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazish, ularni iste’dodiga ko‘ra yo‘naltirish maqsadida ittifoq tarkibida “Yosh ijodkorlar kengashi”, “Yosh olimlar kengashi” kabi tuzilmalar faoliyat yuritmoqda. Ushbu kengashlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab iste’dodli yoshlarni kashf etmoqda. O‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foizdan yuqori bo‘lgan talabalar uchun to‘lov-shartnoma summasining 35 foizi Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilyapti. Shahribonu Umirboyeva shunday rag‘batga munosib ko‘rilgan yoshlardan.
— Bayram shukuhi tongdanoq vujudimni qamrab oldi. Uyg‘onishim bilan tabriklar, ko‘ngilga yoqadigan gaplar eshitdim, — deydi intiluvchan talaba. — Avvalambor, mana shu kunning bayram sifatida nishonlanayotgani biz yoshlarga zavq-shavq baxsh etadi. Davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shyapti. Ayniqsa, bugungi tadbirdagi harakatchan, tinim bilmas yoshlarni — Vatanimizga, o‘z kelajagiga ishongan, oldiga aniq maqsad qo‘yib, ulkan yutuqlarga erishgan tengdoshlarimni ko‘rib, shunday insonlar bilan bir safda ekanimdan ko‘ksim faxrga to‘ldi. Konsert davomida vujudimni ajib his chulg‘ab oldi. Mana shu Vatanimizga bo‘lgan muhabbatni umrim mobaynida asrab, shu xalq, shu diyor uchun astoydil xizmat qilishga tayyorligimni tushunib yetdim. Biz yoshlarning yutuqlarimiz kundan kun ortaversin, jahon minbarlarida mag‘rur boshimiz egilmasin.
Charos YOQUBOVA