Kollejlar o‘rnida zamonaviy ta’lim muassasalari joriy etiladi
Joriy yil 6-sentabr kuni Prezidentimizning “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda bu jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida qabul qilingan mazkur farmon yurtimizda keyingi yillarda ko‘p muhokama etilayotgan kollejlarning ertangi taqdirini belgilab berdi. Chunki davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2018/2019- o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 11 yillik majburiy ta’lim joriy etilgach, mamlakatimizdagi kasb-hunar kollejlarining qaysilari faoliyatini to‘xtatishi, qaysilari davom ettirishi ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgandi.
Albatta, shu paytgacha ishlab kelgan tizimni birdan o‘zgartirish va yangi tartiblar joriy etishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu borada har bir masalaga alohida e’tibor qaratilishi, boshqa davlatlarning tajribasi va xalqaro amaliyot, eng muhimi, aholining xohish-istaklari hisobga olinishi lozim.
— Barchamizga ma’lum, keyingi yillarda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatdi, — deydi Samarqand viloyati kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Roziq Fayziyev. — Xususan, kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilganligi, moddiy-texnika bazasining ta’minlanish darajasi pastligi, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yetarli emasligi, kadrlar tayyorlash tizimi hududlardagi iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojlariga javob bermasligi va boshqa omillar buning asosiy sabablarini tashkil etdi. Endilikda, davlatimiz rahbari farmoni bilan 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich (kasb-hunar maktablari), o‘rta (kollejlar) va o‘rta maxsus (texnikumlar) professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladigan bo‘ldi.
Xalqaro tasniflagich 9 ta darajadan iborat bo‘lib, 0-, 1-, 2-daraja maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’limga, 3-, 4-, 5-daraja professional ta’limga, 6-, 7-, 8-daraja oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limga mos keladi.
Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keladigan kasb-hunar maktablarida kadrlar tayyorlash umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
Samarqand viloyatidagi kasb-hunar kollejlarining 37 tasi ushbu darajaga kiritilib, kasb-hunar maktabiga aylantiriladi. Bu maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi yoki mazkur ovqat pullarini ularga to‘lab beriladi.
9 kollejimiz esa xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida o‘rta professional ta’lim bosqichida o‘qitadigan ta’lim muassasasi, ya’ni kollej sifatida faoliyatini davom ettiradi. Kollejlarda hayot davomida ta’lim olish prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosidagi ta’lim amalga oshiriladi.
Viloyatimizdagi 18 kollej xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida o‘qitadigan, oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan ta’lim muassasasi, ya’ni texnikumga aylantiriladi.
Texnikumlarda ham hayot davomida ta’lim olish prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish amalga oshiriladi. Bu dargohlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.
Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalariga xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi.
Bundan tashqari, viloyatdagi kasb-hunar kollejlarining 2 tasi kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkaziladi. Tumanlardagi 2 kollej esa oliy ta’lim muassasalari quvvatlarini oshirish, istiqbolda xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarini tashkil etish uchun beriladigan bo‘ldi. 19 kollej oliy ta’lim muassasalarining ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun ajratilishi belgilandi. 54 kollej binosidan endilikda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sifatida foydalaniladi.
G‘olib HASANOV
Manba: www.uza.uz