“O‘zim uchun ideal o‘qituvchi obrazini yaratganman”
Shahzod Bahodirov, 1997-yil 12-dekabrda G'ijduvon tumanida tug'ilgan. Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talabasi. “Thompson school” nodavlat ta’lim muassasasi asoschisi va direktori.
Harry Thompson. Bu shunchaki ism yoki taxallus emas. Unda taqdir chig‘iriqlari va katta orzu-maqsadlar mujassam. U yosh va kreativ o‘qituvchi. Ta’lim biznesida dadil qadam tashlayotgan yigirma bir yoshli tadbirkor. Respublika bo‘yicha minglab ingliz tili o‘qituvchilariga mahorat darslarini o‘tgan trener. U Amerika yoki Yevropada emas, yonimizda, oramizda...
Motivatsiyaning kuchi
Shahzod bolaligidan xarakteri og‘ir, o‘z olamida yashaydigan bola edi. Nutqidagi duduqlik unga odamlar bilan muloqotga kirishishda doim xalal berardi. Otasining ishi sabab mudom ko‘chib yurishlar ham muqim bir joyda ta’lim olib, do‘stlar orttirishiga yo‘l bermasdi. 8-sinfda o‘qib yurgan kezlari boshqa sinfda o‘qiydigan bir qizga ko‘ngil qo‘yadi. Boshqalarga qo‘shilmaydigan, o‘z ichki olami, imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qilavermaydigan bola maktabdagi eng ilg‘or qizning e’tiborini qanday qilib qozonish yo‘llarini izlay boshlaydi. Har kuni partasiga bir dona atirgul bilan bir enlik xat qoldiradi. Qizdan javob bo‘lmaydi. Uning uchun rasmlar chizadi, she’rlar yozadi va hatto maxsus alifbo ham ishlab chiqadi (balki shunda javob yozar degan umidda). Maktabda har dushanba bo‘ladigan katta yig‘ilishda qaysi o‘quvchi qanday yutuqlarga erishgan bo‘lsa, hammaning oldida taqdirlanardi. Shahzod qizning unga aqalli e’tibor berishi uchun kikboksing bilan shug‘ullanib, turli musobaqalarda qatnashadi, ikki marotaba viloyat chempioni bo‘ladi. Xullas, oradan bir yil o‘tgach, qizning oldiga borib, unga dil izhorini aytadi. Qiz esa unga g‘ayridin ekanligi sabab bir-biriga ko‘ngil qo‘yolmasligini uqtirib, rad javobini beradi. Ko‘ngli singan o‘spirin tushkunlikka tushadi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, bor kuch va e’tiborini sevimli mashg‘uloti — til o‘rganishga bag‘ishlaydi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, ingliz tiliga ko‘ngil qo‘yadi. U ingliz tilida gapira boshlasa, negadir duduqlanmas yoki tutilib gapirsa ham, sezilmasdi. Chet tilida gapirganda o‘zini erkin va kuchli sezardi. Til o‘rganishga qiziquvchi tengdoshlari bilan muloqotga kirishishga qiynalmasdi. Shu tariqa oldiga katta maqsadlar qo‘yadi va shunga qarab intila boshlaydi. Tilni mukammal o‘rganishga shu qadar tez kirishadiki, natijada 16 yoshidan boshlab, tengqurlariga grammatikadan dars bera boshlaydi. Keyin IELTS sertifikatini olish uchun tayyorlanadi. Xalqaro imtihonda 7 ball olgach, hali akademik litsey o‘quvchisi bo‘laturib, ham abituriyent tayyorlaydi, ham shu maskanning ingliz tili o‘qituvchilariga mahorat darslarini o‘tadi. Uning o‘qituvchilik faoliyati ana shunday boshlanadi.
“Oilam taqdirini o‘zgartiraman!”
— Otamning shu kungacha boshlagan bizneslari unchalik ham omadli kechmagan, — deydi qahramonimiz. — Shu sababli oilada turli og‘ir vaziyatlar ham bo‘ldi. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun ota-onamga yordamchi edim. Hamma tengdoshlarim yangi yil bayramini issiqqina uyida qarshi olsa, men onam bilan tovuq, meva-cheva sotardim. Ba’zida charchab uxlab qolardim, ba’zida sinfdoshlarim kabi o‘ynab-kulishni istab, xo‘rsinib qo‘yardim. Shunday paytlarda “Hali shunday kunlar keladi, men oilam taqdirini o‘zgartiraman!” degan orzu-maqsadni dilimga tugib qo‘ygandim...
Qahramonimizning aytishicha, oilada turli iqtisodiy vaziyatlar bo‘lgan esa-da, ota-onasi farzandining chet tili kurslariga qatnashishi uchun har doim imkon topgan. Unga juda katta umid bog‘lashgan, ishonch bildirishgan. Nimaiki ishga qo‘l urmoqchi bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashgan, qo‘lidan kelishiga, albatta, ishning uddasidan chiqa olishiga ishontirishgan.
Thompson obrazi qanday paydo bo‘lgan?
Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga qabul qilinishi Shahzodga poytaxt eshiklarini ochdi. U o‘qish barobarida poytaxtdagi eng nufuzli o‘quv markazlaridan birida dars bera boshladi. Ikkinchi kursdan boshlab, o‘qishning shartnoma pulini o‘zi to‘laydi. Institutda dars soat 9:00 da boshlansa, u ertalab 7:30 dan to 8:30 gacha dars berar, keyin institutdagi darsiga borar, dars tugagach, yana o‘quv markaziga yo‘l olardi.
— Ishda ham, o‘qishda ham, do‘stlarim davrasida ham faqat ingliz tilida muloqot qilishga intilardim, — deydi Shahzod. — Bir kuni o‘quv markazidagi o‘qituvchilardan biri menga rol o‘ynashni taklif qildi: “Yangi guruh ochildi, ularga dars o‘tasan, o‘zingni esa chet ellik Harriman, deb tanishtirasan. Ko‘rinishingdan hech kim seni o‘zbekistonlik deb o‘ylamaydi”. Dars boshlandi. “Hello. My name is Harry”, desam o‘quvchilar ko‘zlarini katta-katta ochib qarab qolishdi. Biroz vaqt o‘tgach, ular mening O‘zbekistonga qanday kelib qolganim bilan qiziqishdi. Yolg‘onni boshlab qo‘ydim, endi unga yana boshqa yolg‘onlarni ham ulash kerak. Shunda otam oldin Buxoroda yashagan yahudiylardan, onam esa fransuz ekanini, hozir dadam bilan Buxoroga kelganimiz, shuning uchun vaqtincha shu yerdaligimni aytdim. Ular ishonishdi. Shu kundan boshlab, kelgan har bir o‘quvchi mening chet ellik ekanimga ishona boshladi. Qizig‘i, o‘zim ham shu obrazga kirishib ketdim. Internet orqali o‘zimga jarangdor familiya izlab topdim. Harry Thompson — men uchun ideal o‘qituvchi obrazi. Har kuni o‘quvchilarimga peshvoz chiqar ekanman, o‘zimni shu rolni o‘ynayotgan aktyordek his qilaman. Shu obrazga arziydigan inson bo‘lish uchun bor mahoratimni ishga solaman. Bu obrazda duduqlanmayman, har holda boshqalar shu kamchiligimni ilg‘ashmaydi. Bu obraz nafaqat o‘zimga, balki o‘quvchilarimga ham katta motivatsiya beradi. Ular men bilan faqat ingliz tilida muloqot qilishga intilishadi. O‘quvchilarimni chet tilida gapirtira olyapmanmi, demak, pedagog sifatida nimalargadir erishyapman, deb o‘ylayman...
Kitob savdosidan ta’lim biznesiga!
Litseyda o‘qib, abituriyentlarni test sinovlariga tayyorlab yurgan kezlari Shahzod g‘arblik mashhur ingliz tili instruktorlaridan birining veb-sayti orqali muntazam e’lon qilib borilgan ma’lumotlar, dars ishlanmalari, qo‘llanmalarni yig‘ib yuradi. Boshqa manbalardan ham o‘quvchilar uchun eng kerakli ma’lumotlarni saralab olib, undan o‘n ikkita qo‘llanma tuzadi. Tabiiyki, ularni abituriyentlar bajonidil sotib ola boshlaydi. Bundan tashqari, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “Recent IELTS” nomli guruh tuzadi va u orqali xalqaro imtihonning Speaking qismida tushgan savollarni berib boradi. Undan foydalanuvchilar soni uch mingdan oshib ketadi. Shahzod o‘zi faoliyat olib borgan o‘quv markazida oldiniga oddiy o‘qituvchi, ko‘p o‘tmay o‘quv dasturlarini tuzish bo‘yicha koordinator, keyin menejer lavozimlarida ishlaydi. Bundan tashqari, u kadrlarni saralab olish va malakasini oshirishga mas’ul etib tayinlanadi. Ana shu shiddatli ish jarayonida qahramonimiz toblanadi, ham dars o‘tish, ham o‘quv darsliklarini tayyorlash, ham ta’lim biznesi borasida kattagina tajriba to‘playdi. Endi u o‘zi mustaqil o‘quv markazi tuzishni orzu qiladi. Bu xayollari 2018-yil oktabr oyida haqiqatga aylanadi. Oldiniga 4 xonada uch nafar o‘qituvchi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Thompson school” nodavlat ta’lim muassasasi hozir “Kattalar uchun ingliz tili”, “Xalqaro imtihonlarga tayyorlash”, “Kid’s English”, “Thompson press” va “Thompson online” yo‘nalishlarida yuzlab o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
— Maqsadim nodavlat ta’lim muassasamizni 2021-yilgacha Markaziy Osiyodagi birinchi raqamli o‘quv markaziga aylantirishdir, — deydi Shahzod. — Xalqaro ta’lim maydoniga darcha “online kurslar” orqali ochilishiga ishonyapman. Shu sababli ingliz tilini IT bilan bog‘lamoqchiman. Bundan tashqari, matematikani tez va oson o‘rgatishga qaratilgan qo‘llanmalar yaratish, bu sohada hali ochilmagan qirralarni kashf etish niyatim ham bor. Bu maqsadlarim shu kunlarda ochilishi rejalashtirilayotgan ikkita filialimizda o‘z aksini topadi. Ayni paytda shu filiallarning yo‘nalishi, funksiyalari, metodlari ustida izlanish olib boryapmiz...
“Janob Tompson”ning g‘ayrat-shijoati, kreativ tafakkurga egaligi, bugun qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarining siri nimada, degan savol har bir kishida tug‘ilishi tabiiy. Bu borada u shunday javob berdi: “Men hali yoshman. Boshqalar o‘ylaganchalik juda aqlli ham emasman. Shu kungacha erishgan yutuqlarim zamirida muntazam qilingan mehnat bor, xolos. Aytmoqchimanki, otamdan har bir ishda barqaror bo‘lish lozimligini o‘rgandim. Nimaiki ishga qo‘l urmang, katta-kichikligining ahamiyati yo‘q, unga bor kuchingiz, quvvatingizni bering, qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmang. Ana shunda nimagadir erishasiz!”.
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat”muxbiri