Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi yakunlandi. Barcha o‘rinlarni buxoroliklar qo‘lga kiritdi
Buxoroda o‘quvchilar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi respublika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Xalq ta’limi vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz miqyosida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kollejlar o‘quvchilari bilimdonlari orasidan saralangan 91 ishtirokchi bilimini sinab ko‘rdi.
Buxoro shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘tkazilgan bilimdonlik bahsida olimpiada shartiga ko‘ra, ishtirokchilar ikki kun mobaynida 6 masalani yechish bo‘yicha sinovdan o‘tdi. Auditoriya videokuzatuv bilan jihozlangani, tashqarida o‘qituvchilar va ota-onalarning jarayonni monitorda kuzatish imkoniyati yaratilgani tadbirda xolislik va shaffoflik tamoyili ustuvorligini ta’minladi.
Olimpiada yakuniga ko‘ra, g‘oliblik 33 ball to‘plagan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Diyorbek Tolibovga nasib etdi.
– Maktabimizda matematika fanini o‘qitishga, shuningdek, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi D.Tolibov. – Darsdan so‘ng, to‘garaklarda shug‘ullanuvchilar uchun keng imkoniyat yaratilgan. Bu yerda maktab darsligi bilan cheklanib qolinmaydi. Masalan, men internet bazasida joylashtirilgan murakkabroq masalalarni yechishning turli usullaridan foydalanish ustida ishlayman. Bu esa bilim va ko‘nikmamni oshirishda qo‘l kelmoqda. Yaqinda viloyatimizda o‘tkazilgan matematika fani bo‘yicha mamlakat ochiq olimpiadasida uchinchi o‘rinni egallagan edim. Bugungi muvaffaqiyat esa yanada salmoqli bo‘ldi.
Ta’kidlash kerak, olimpiadada raqobat kuchli bo‘ldi. Bunga ikkinchi o‘rinni egallagan Buxoro davlat universitetining Qorako‘l akademik litseyi o‘quvchisi Shahboz Hasanov bilan g‘olib o‘rtasidagi baho farqi yarim ballni tashkil etgani ham dalil.
Bilimdonlik ko‘rigi yakunida uch soatcha davom etgan bahs yuzaga keldi. Aniqrog‘i, uchinchi o‘ringa bir xil ball to‘plagan uch kishi da’vogarlik qildi. Appelyatsiya komissiyasi xulosasiga ko‘ra, ishtirokchilarga yozma ish, ya’ni bitta masala yechimi taklif etildi. Uni to‘g‘ri va asosli yechgan Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 18-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi, xalqaro va jahon olimpiadalari sovrindori Jahongir Nurboyev uchinchi o‘rinni egalladi.
Olimpiada uch sovrindoriga diplom va pul mukofotlari topshirildi. Ularning ustozlari Qosim Rahimov, Iftixor Hidoyatov va Jo‘rabek Murodov ham moddiy rag‘batlantirildi.