10000 $ yutgan o‘zbek qizi
Koreys tili va madaniyatini targ‘ib etish maqsadida har yili Janubiy Koreyada “Quiz on Korea” xalqaro tanlovi o‘tkaziladi. Bu yilgi tanlovda 20 dan ortiq davlat vakillari qatorida o‘zbek qizi Hamidaxon Qahramonova qatnashib, tanlovning mutlaq g‘olibasi bo‘ldi va 10 million von (salkam 10 ming AQSh dollari) pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
2012-yildan buyon Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirligi hamda Koreyaning “KBS” tekekanali bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan xalqaro tanlov ishtirokchi davlatlardan saralab olingan 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkazildi. Boshlovchilar tomonidan Koreya madaniyati va tarixiga oid savollar berildi. Yakunda eng ko‘p va to‘g‘ri javob bergan, yozma topshiriqlarni a’lo darajada bajargan qatnashchilar g‘olib deb topildi. Xalqaro tanlovning qizg‘in va hayajonli onlari “KBS” kanali orqali jonli tarzda efirga uzatildi.
— Tanlov uch bosqichda bo‘lib o‘tdi, — deydi Hamidaxon Qahramonova. — Avval ishtirokchilar universitet talabalari orasidan saralab olindi. So‘ng tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda g‘olib bo‘lgan bir nafar ishtirokchi Janubiy Koreyaning Seul shahrida
bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘l olishi kerak edi. Buni qarangki, Koreya madaniyatiga qiziqishim va bu borada olgan bilimlarim tufayli finalda ishtirok etish baxti menga nasib etdi. Aslida, shuning o‘zi men uchun katta yutuq edi. Tanlovda g‘olib bo‘lishimni kutmagandim. Shunga qaramay, ustozim Li Nan Yong bilan jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. G‘alaba nashidasini tuyganimda esa o‘zimga ishonchim yanada ortdi. Ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlaganimdan cheksiz quvondim.
Muzrabot tumanida tug‘ilib o‘sgan 21 yoshli Hamidaxon Qahramonova hozir O‘zDJTU koreys tili filologiyasi fakultetining 3-bosqichida tahsil olyapti. Bu ta’lim dargohiga uni bolalikdan Koreya seriallari orqali koreys tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi yetaklab keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois maktab va kollejni Surxondaryoda tamomlagan intiluvchan qiz oliy ta’limni poytaxtda davom ettirishga qaror qildi. O‘qishga kirgach, ustozi Li Nan Yong qo‘lida tahsil olib, koreys tilini diqqat bilan o‘rgana boshladi. Avvaliga, bu tilni o‘rganish u o‘ylaganidek oson emasligini tushunib yetgan Hamidaxon ayrim muammolarga duch keldi. Koreys tili, talaffuzi, ohang va yozuvini o‘zlashtirishga qiynaldi. Hatto o‘qishni ingliz tili filologiyasi fakultetida davom ettirish haqida ham o‘yladi. Biroq u Koreya madaniyatiga kuchli qiziqishi tufayli koreys tilini ham o‘rganib ketdi.
Iqtidorli talaba universitetning 1-bosqichida o‘qib yurgan paytidayoq Janubiy Koreya elchixonasi e’lon qilgan “Quiz on Korea” tanlovi haqida xabar topadi. Ustozi Li Nan Yongning tavsiyasi va qo‘llab-quvvatlashi bilan tanlovda ishtirok ham etadi. Ammo koreys tilini hali yaxshi bilmasligi, hatto savollarni tushunishda qiynalgani bois, yetarli natijani qayd etolmadi. Shundan so‘ng o‘z oldiga kelasi yili tanlovda yana qatnashib, g‘olib bo‘lishni maqsad qildi va koreys tilini qunt bilan o‘rgana boshladi. Bu orada Hamida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan e’lon qilingan 80 kunlik ta’lim dasturi grantini yutdi. Dastur doirasida u shu yilning 11-iyulidan 28-sentabriga qadar Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib, koreys madaniyati bo‘yicha kurslarda tahsil oldi. U yerda koreys milliy raqslari, choy marosimlari va boshqa ko‘plab an’analarni o‘rganib, xalqning yashash tarzi, urf-odatlari bilan bevosita tanishdi. Har shanba kuni shahar bo‘ylab tashkil etiladigan ekskursiyalarda koreys xalqi bilan muloqot qilib, ko‘plab do‘stlar orttirdi.
— Mazkur ta’lim granti koreys tili va madaniyatini chuqurroq o‘rganishim uchun katta imkoniyat bo‘ldi, — deydi Hamidaxon Qahramonova. — Dasturning aynan Koreya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq ekani “Quiz on Korea” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lishimda katta yordam berdi. 80 kun davomida olgan bilimlarim tanlovda berilgan savollarga tez va aniq javob topishimda qo‘l keldi. Shunda nazariyani amaliyot bilan birga olib borish katta natija berishiga yana bir karra amin bo‘ldim.
Hamidaxon suhbat davomida Koreya ta’limining O‘zbekistondagi ta’lim bilan o‘xshash va farqli jihatlari haqida gapirdi. Har ikkala mamlakatda imtihon tartibi deyarli bir xil bo‘lsa-da, ta’lim jarayoni bir-biridan farq qilishini ta’kidladi.
— Janubiy Koreyada mustaqil ta’limga katta etibor qaratiladi, — deydi u. — Talabalarning o‘qishga har kuni borishi majburiy emas. Ular o‘zlariga qulay uch kunni belgilaydi va shu kunlari ma’ruza tinglab, qolgan vaqtda uyga vazifalarini bajarish asnosida mustaqil o‘qib-o‘rganadi. Talabalar oliy o‘quv yurtiga haftada atigi uch kun borsa-da, juda ko‘p va qattiq o‘qiydi. Har bir talaba o‘z ustida
tinimsiz ishlaydi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida nazariyadan ko‘ra amaliyotga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Yoshlar o‘qish bilan bir vaqtda amaliyotda o‘z tajribasini oshirib boradi. Bu esa ularning kelgusida o‘qishni tamomlagach, o‘z sohasi bo‘yicha ishni tez va oson boshlashi uchun zamin yaratadi.
Hamidaxon koreys tilini o‘rganishdan tashqari, taekvondo hamda pianino chalishga qiziqadi. Keyinchalik ushbu mashg‘ulotlar bilan ham jiddiy shug‘ullanish niyatida. Ammo hozir asosiy vaqtini koreys tilini chuqurroq o‘rganishga bag‘ishlagan. Shu vaqtga qadar koreys tilida kichik afsonalar o‘qish bilan cheklangan zukko talaba koreys adabiyotining eng sara durdonalarini mutolaa qilish arafasida.
— Barcha tillarni tez va oson o‘rganish uchun amaliyotga ko‘proq urg‘u berish kerak, — deydi Hamidaxon Qahramonova o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan. — Ayniqsa, koreys tilidagi so‘zlarni yodlash juda qiyin. Koreyslar so‘zlashganda ham har xil ohangda gapiradi. Ularni tushunish uchun esa tilni o‘rganishning o‘zi kamlik qiladi. Nazariy bilimlarni egallash bilan birga, ko‘proq koreys filmlarini ko‘rish, koreys tilidagi kitoblarni o‘qish, she’rlarni yodlash samara beradi.
Qahramonimizning koreys tilini o‘rganishini ota-onasi va aka-singillari ham qo‘llab-quvvatladi, unga barcha zarur sharoitni yaratib berdi. Tanlovda g‘olib bo‘lganida ham o‘zidan ko‘ra ko‘proq ota-onasi quvondi. Qizlari erishgan muvaffaqiyatdan ko‘ksi faxrga to‘ldi.
Hamidaxonning orzulari bisyor. U magistraturadagi tahsilini Janubiy Koreyaning Seul universitetida davom ettirmoqchi. O‘qishni tamomlagach, koreys tili bo‘yicha sinxron tarjimon bo‘lish niyatida. Ammo eng katta orzularidan biri o‘zbek madaniyatini butun dunyoda targ‘ib etadigan “Quiz on Uzbekistan” xalqaro tanlovini tashkil etishdir. “O‘zbek madaniyati Koreya madaniyatidan ham boy va qadimiyroqdir. U boshqa xalqlarda katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. Shu bois xalqaro tanlov orqali madaniyatimiz, hech bir xalqnikiga o‘xshamaydigan urf-odatlarimizni butun dunyoga yoyishga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman”, deydi Hamidaxon Qahramonova.
Iroda TOSHMATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri