Ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlarida ajdodlarga munosib avlod ulg‘ayadi
Davlatimiz rahbarining shu yil 9-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risi”dagi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binonan agentlik tashkil etildi. Uning tarkibiga Prezident maktablari, ijod maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati hamda Ibn Sino nomidagi yosh biolog va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati kiritildi. Mazkur maktablar iqtidorli bolalarni aniqlash, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda bilim berish bo‘yicha yagona tizimga birlashtirildi.
Bugungi kunga kelib yurtimizda ijod maktablari soni 9 taga yetdi. Ular umumiy tuzilma ostida faoliyat olib boradi. Bu maktablarga iste’dodli o‘quvchilarni ijodiy tanlov asosida saralab olish maqsadida ona tili, adabiyot va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
― Agentlik rahbariyati tasdiqlangan ishchi guruh bilan birgalikda respublikamiz bo‘ylab tashkil etilgan ijod maktablariga xizmat safari uyushtirib, u yerdagi shart-sharoit va kadrlar bilan bog‘liq masalalar, o‘quv metodikasi va qo‘llanmalarni ko‘rib chiqmoqda, ― deydi Agentlikning OAV bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Shoira Hamroyeva. ― Agentlik ish samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari oʻquvchilarda vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatni shakllantirishga qaratilgan. Bunga malakali va tajribali, chuqur bilimga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va oʻqitishning innovatsion uslublarini yaxshi biladigan, mahoratli pedagoglarni jalb qilish orqali erishish belgilangan. Ushbu maktab o‘quvchilarining davlat tili va chet tillarni mukammal o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘zbek va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat va boshqa ijodiy yoʻnalishlardagi asarlarga ega boʻlgan zamonaviy kutubxonalar o‘quvchilar ixtiyorida. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquv jarayoniga taʼlimning ilgʻor shakllarini, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Yaqin kunlarda “Cambridge” tashkiloti vakillarining yurtimizga tashrifi kutilmoqda. Ular bilan birgalikda yangi o‘quv yili uchun Prezident maktablariga saralash jarayoni muhokama qilinadi.
― Respublikamizda ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari soni 236 ta (o‘tgan yilga nisbatan 6 taga ko‘paydi), mos ravishda o‘quvchilar soni ham 147 mingdan 158 ming nafarga yetdi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Murodov. — Ayrim sinflari chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar soni 365 ta (131 taga ko‘paydi), ularda o‘quvchilar qamrovi 29 ming nafardan 32 ming nafarga oshdi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan Qorako‘l tumanidagi maktab-internat “Xalqaro matematika maktabi”ga aylantirildi. Xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish maqsadida chet tillarni chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan 34 ta maktab tashkil etilib, ularda nemis, fransuz, yapon, ispan tillari chuqur o‘qitiladi. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda filologiya yo‘nalishlari mavjud. So‘nggi paytlarda boshqa yo‘nalishlarda ham ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda. Jumladan, ona tili va adabiyot fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan ijod maktablari, Vazirlar Mahkamasining shu yildagi 701-sonli qarori asosida tashkil etilgan xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni misol keltirish mumkin. Joriy yildan oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari 5 ta fandan (3 ta asosiy, 2 ta mutaxassislik) o‘tkazilishini inobatga olsak, ijtimoiy fanlarni ham chuqurlashtirib o‘qitishga ehtiyoj yuzaga keladi. Boshqa fan yo‘nalishidagi ixtisoslashgan maktablar tarmog‘i ham kengayadi. Bundan tashqari, kelgusida umumiy o‘rta ta’lim tizimida STEAM dasturlari orqali o‘qitishni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu ham boshqa fan yo‘nalishlarining kengayishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida shu yil 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning yangi vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini tahlil qilish, tarmog‘ini kengaytirish vazifasi qo‘yilgan edi. Ushbu tizimda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, yangiliklar haqida Erkin Murodov shunday dedi:
― Tizimda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, yangiliklar ko‘p. Masalan, xalqaro fan olimpiadalariga iqtidorli o‘quvchilarni tayyorlash uchun alohida ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish, xalqaro maktablar sonini oshirish rejalashtirilmoqda. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildiruvchi talabgorlar soni qancha oshsa, haqiqiy iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish imkoniyati ham shuncha ortadi. Qolaversa, qabul jarayonlarini shaffof o‘tkazish ham muhim. Chunki eng avval haqiqiy iqtidorli o‘quvchilar qabul qilinsa, ta’lim sifati yuqori bo‘ladi. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini yaxshilash uchun pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish ham belgilangan.
Bu borada respublikamizda faoliyat yuritayotgan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bunday ta’lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi asosiy me’yoriy-huquqiy hujjat bundan qariyb 11 yil avval qabul qilingan. 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tildi, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida muayyan tajriba orttirildi. Ko‘p sonli pedagoglar, ota-onalarning fikrini inobatga olib, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan hamda xalqaro tajribalarni inobatga olib, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga iqtidorli o‘quvchilar qabuli 5-sinfdan (avvallari 2-sinfdan), ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatlariga 7-sinfdan (avvallari 5-sinfdan) boshlanadi.
Ikkinchidan, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul bir bosqichli sinov (avvallari pedagogik-psixologik diagnostika va sinov) asosida qabul qilish tartibi belgilandi.
Uchinchidan, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul uchun o‘tkaziladigan tanlovlar shakliga aniqlik (test asosida) kiritildi (avvallari og‘zaki va yozma shaklda bo‘lgan).
To‘rtinchidan, jarayon shaffofligini ta’minlash maqsadida ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarining 5-sinfiga qabul Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi (avval 2-sinfga qabul maktab qoshida tuzilgan komissiya tomonidan o‘tkazilgan) belgilandi.
Beshinchidan, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imtiyozlar belgilash maqsadida Prezident maktablariga saralash tanlovlarida qatnashib, ajratilgan qabul kvotasidan keyingi eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarining 5-, maktab-internatlarning 7-sinfiga qo‘shimcha qabul kvotasi doirasida test sinovlarisiz qabul qilinadi (avvallari bunday tartib bo‘lmagan).
Oltinchidan, ixtisoslashtrilgan davlat umumta’lim muassasalariga qabul kvotasini shakllantirish tartibi belgilandi. Xalq ta’limi vazirligi Davlat test markazi bilan birga ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarining qabul kvotasini belgilaydi (avvallari qabul kvotasini belgilash tartibi nazarda tutilmagan edi).
Yettinchidan, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida o‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritish vakolati berildi (avvallari bunday tartib mavjud bo‘lmagan).
Sakkizinchidan, 11 yillik umumiy majburiy ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan hamda iqtidorli o‘quvchilarning ma’lumoti darajasi oshishiga, samarali tayyorlanishiga, oliy ta’lim muassasalariga (avvallari 9 yillik ta’lim akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga yo‘naltirilgan) kirishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
To‘qqizinchidan, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida ham boshqaruv tizimining shaffofligini ta’minlash, korporativ boshqaruv, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Kuzatuv kengashlari (avvallari Vasiylik kengashi) faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
O‘ninchidan, ixtisoslashtirilgan sinf va umumta’lim muassasalari faoliyatini, shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini o‘rganish va baholash Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (avvallari bu vakolat Davlat test markaziga berilgan) tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘n birinchidan, ota-ona yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarda yashayotgan, shuningdek, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj boshqa voyaga yetmaganlar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining yo‘llanmasi asosida ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga joylashtiriladi.
Prezidentimiz ijod maktablari haqida so‘z yuritganda “Yangi O‘zbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, o‘z Vatanini jonidan ortiq sevadigan, uning yorug‘ kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz”, deya ta’kidlagan edi. Ixtisoslashtirilgan maktablar tizimiga qaratilayotgan e’tibor zamirida o‘quvchilarni innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash turibdi. Yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari yurtimiz farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri