Yoshlar akademiyasi bo‘lajak olimlar va mutaxassislar beshigi
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 150 dan ortiq huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi mustahkam huquqiy maydon yaratilishiga turtki bo‘ldi.
Prezidentimizning shu yil 30-avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi.
Yoshlar akademiyasining asosiy maqsadi ajdodlarimiz ilmiy merosiga tayangan holda istiqbolli, yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, har qanday sharoitda ham kutilmagan, nostandart qarorlar qabul qila oladigan, fanning muayyan sohasida chuqur bilimga ega va shu bilan birga bir necha fan kesimi asosida shakllanayotgan yangi ilmiy yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi yosh olim va mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Mazkur akademiya mamlakatimizda yosh tadqiqotchilarni ilm-fanga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot faoliyati ko‘rsatkichlari va ishlanmalar natijalarining jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash, mamlakat ilm-fani salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi qator vazifalarni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Akademiya ilm-fan siyosatini takomillashtirish orqali fan-texnika rivojiga hissa qo‘shadi, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun platforma hosil qiladi. Mahalliy hamda xorijiy ilm-fan vakillari o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatadi, yosh olimlarni o‘z g‘oya va loyihalari asosida tegishli sohalarga yo‘naltiradi. Fanlararo va xalqaro ilmiy hamkorlik o‘rnatish, kelajak avlodga bilim berish yo‘lida xizmat qiladi.
Kimlar a’zo bo‘la oladi?
O‘zining innovatsion loyiha va g‘oyasiga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olim va novatorlardan tashkil topgan jamoalar “G‘oyalar generatorlari”, “Startaplar”, “Biznes vakillari”, “Bo‘lajak akademiklar” platformalariga tanlov asosida qabul qilinadi. Yoshlar akademiyasi platformalarining xususiyat va maqsadlaridan kelib chiqqan holda, muayyan mezonlar asosida saralab olinadi. Masalan, “G‘oyalar generatori” platformasiga taqdim etiladigan g‘oyalar Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli muayyan muammoning yechimiga qaratilgan, ilmiy asoslangan innovatsion xarakterda bo‘lishi lozim. Bir yoki bir necha kishi birgalikda bitta g‘oyani taklif qilishi mumkin. G‘oyaning istiqbol rejasi taqdim etilishi shart (g‘oyaning ilmiy maqsadi, kutilayotgan natijalar va amalga oshirish mexanizmi). G‘oya muallif(lar)i jamoa a’zoligiga Ilmiy-texnik kengash tavsiyasiga binoan qabul qilingach, soha mutaxassislari, yetakchi olimlar rahbarligida o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun 2 yil faoliyat olib boradi. “Biznes vakillari” hamda “Bo‘lajak akademiklar” platformasi a’zolariga shartnoma orqali biriktirish bilan g‘oyaning samaradorligini ta’minlash mumkin.
“Startaplar” platformasiga ham bir yoki bir necha kishidan iborat jamoa bitta loyihani taqdim etishi mumkin. Ilmiy asoslangan g‘oya va uni amalga oshirishga qaratilgan startup loyihasi, uni bajarish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilgan bo‘lishi, moliyaviy foyda qismi (biznes reja) taqdim etilishi lozim. Loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan mablag‘ miqdori 1 (bir) mlrd so‘mdan oshmasligi kerak. Jamoa a’zoligiga qabul qilingandan so‘ng 4 oy davomida Yoshlar akademiyasi tomonidan tashkil qilinadigan biznes-akseleratorlarda ishtirok etadi, mahorat darslari va treninglarda qatnashish orqali loyihalarini takomillashtiradi. Ilmiy-texnik kengash tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalar moliyalashtiriladi. Loyiha tugagach, platforma a’zoligidan chiqadi.
Biznes sohasida kamida 1 yillik tajribaga ega, faoliyatini mamlakat ichida olib borayotgan hamda o‘z faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan yosh tadbirkorlar “Biznes vakillari” platformasiga a’zo bo‘la oladi.
“Bo‘lajak akademiklar” platformasi a’zoligiga nomzodlardan ilm-fan sohasidagi yutuqlari mahalliy va xalqaro darajada tan olingan; so‘nggi 3–10 yil ichida PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga va o‘z ilmiy maktabiga ega; Xirsha bo‘yicha indeksi kamida 3 bo‘lgan; dotsent yoki professor unvoniga ega va kamida 3 nafar shogird tayyorlagan (bakalavr, magistr, PhD); mahalliy yoki dunyo miqyosida nufuzli ilmiy mukofotlarga ega bo‘lishi talab etiladi.
Mazkur platforma a’zolari a’zolikka qabul qilingach, shartnoma asosida “G‘oyalar generatori” va “Start-up” platformalari a’zolariga rahbarlik yoki maslahatchilik qilish asosida Yoshlar akademiyasi faoliyatiga hissa qo‘shadi. Besh yil davomida a’zo hisoblanishadi. Yil boshida taqdim etgan rejalari asosida Ilmiy-texnik kengash tavsiyasiga binoan Yoshlar akademiyasi tashkillashtirgan ilmiy stajirovkalarda ishtirok etadi, ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish va faoliyatini samarali yuritishda bevosita qatnashadi. Imtiyoz va imkoniyatlar Yoshlar akademiyasi a’zolari mamlakatda yetuk ilmiy maktablarni shakllantirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning laboratoriya bazasidan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, Ilg‘or texnologiyalar markazi va “Yashnobod” innovatsion texnoparki binolari, laboratoriyalaridan bepul foydalanish, ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish uchun imkon yaratish maqsadida loyihalarni shakllantirishda olim va mutaxassislardan yordam olish, ular ishtirokida loyihalarni rasmiylashtirish, biznes rejalarni tayyorlash bo‘yicha treninglarda bepul ishtirok etish, ilmiy ishlanmalarning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida patentlash, ilmiy ishlanmalarni baholash va sertifikatlashtirish masalalarida amaliy yordam olish, startup loyihalarini amalga oshirish uchun mahorat darslari, akseleratorlik, biznes inkubatori xizmatlaridan bepul foydalanish, ilmiy nashrlarini chop etish, ilmiy ma’ruzalarini tayyorlash va namoyish etishga tayyorlashda amaliy yordam olish, xorijiy ilmiy markazlar, universitetlar, texnoparklar va ishlab chiqarish korxonalari bilan doimiy hamkorlikni amalga oshirishda maqsadli hamda tizimli stajirovka va qisqa muddatli o‘qishlarda jamg‘arma hisobidan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nilufar AVEZOVA, texnika fanlari doktori