Bir oiladan ikki farzand Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilindi
Sergeli tumandagi 301-maktabning 4 nafar o‘quvchisi Prezident maktabiga o‘qishga kirdi. Bir oilaning bu maskanda ta’lim-tarbiya olgan ikki farzandi iqtidorlilar qatorida. Begoyim Pardaboyeva hamda ukasi Bekzod Pardaboyev Prezident maktabiga qabul imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu natija oddiy oila uchun chinakam xushxabar bo‘ldi. Oilaboshi Ilhom Jo‘rabekovning 3 farzandi hozir oliy o‘quv yurtida tahsil olyapti, qolgan ikki nafari ham porloq kelajak sari qadam qo‘yishdi.
— Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganman, ayolim tikuvchi, — deydi u. — Bolalarim yutug‘ida, avvalo, maktab, keyin albatta oilaviy muhitning o‘rni katta. Maktabdagi mavzu uyda davom etishi, bola olgan bilimini uyda mustahkamlashi kerak. Bizning vaqtimiz bo‘lmasa, katta farzandlarim kichiklariga o‘rgatishga odatlangan. Doimo bolalarim bilan gaplashib, ularning o‘y-xayollari, fikrlarini bilishga qiziqaman. Farzandlarimiz yutug‘idan juda quvonamiz. Albatta, ular kelajakda yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishini istaymiz.
Begoyim Pardaboyevaning matematika fani o‘qituvchisi Go‘zal Jumayeva o‘quvchilar bilan darsdan tashqari individual shug‘ullanadi. Uning o‘quvchilari bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida juda faol. Begoyim ham respublika fan olimpiadasida yuqori natijalar ko‘rsatib kelgan. Go‘zal Jumayevaning mehnati munosib baholanib, bu yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shoira BOYMURODOVA