O‘quvchilarimiz Xalqaro Jautikov olimpiadasida 6 ta medalni qo‘lga kiritdi
Joriy yilning 9-14-yanvar kunlari bir guruh iqtidorli o‘quvchilardan iborat yurtimiz vakillari Qozog‘istonning Olma-ota shahrida matematika, fizika va informatika fanlaridan bo‘lib o‘tgan 16-Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida qatnashib, munosib o‘rinlarni egallashdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi.
Bu yilgi an’anaviy fan olimpiadasida 21 ta davlatdan, jumladan, Bolgariya, Daniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Nepal, Norvegiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Shvetsiya va MDHga a’zo davlatlaridan kelgan 84 ta jamoa, jami 600 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Jahon miqyosida yuqori nufuzga ega mazkur olimpiada 2005-yildan Olma-ota shahridagi Fizika-matematika milliy maktabida o‘tkazilib, unda turli mamlakatlarning STEM (Science, Technoglogy, Engineering Math) sohasi bo‘yicha ixtisoslashgan maktab jamoalari ishtirok etadi.
Yurtimiz vakillari ushbu olimpiadada munosib qatnashib, 6 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa O‘zbekistonda iqtidorli yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’tirofning yaqqol ifodasidir.
2020-yil boshida o‘quvchilarimiz Xalqaro Jautikov fan olimpiadasida quyidagi natijalarga erishdi.
Matematika, fizika va informatika fanlaridan o‘tkazilgan 16-Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar;
Kumush medal:
Jahongir Norboyev — Peshku tumanidagi 18-maktabning 11-sinf o‘quvchisi
Bronza medal:
Eldor Neymatov — Kitob tumanidagi 1-IDUMning 11-sinf o‘quvchisi
Diyorbek Tolibov — G‘ijduvon tumanidagi 5-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi
Farrux Maxmudov — S.X Sirojiddinov nomidagi “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan respublika akademik litseyi o‘quvchisi,
Ibroximjon Mirg‘iyosov — NamDU qoshidagi akademik litseyi o‘quvchisi,
Shaxboz Xasanov — Buxoro davlat universiteti Qorako‘l akademik litsey o‘quvchisi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yurtboshimiz va hukumatimizning bildirgan ishonchi hamda g‘amxo‘rligiga javoban o‘quvchilarimiz ushbu xalqaro olimpiadada ishtirok etib, mamlakatimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarishga sazovor bo‘ldi.
Aytish joizki, Eldor Neymatov, Jahongir Norboyev va Diyorbek Tolibov 2017-yil Tailandda, 2018-yil Bolgariyada va 2019-yilda JARda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC), shuningdek, 2019-yilda o‘tkazilgan qo‘shimcha respublika olimpiadasida ham medallarni qo‘lga kiritgan.
Mamlakatimiz o‘quvchilarini Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasidagi muvaffaqiyati bilan qutlab, kelgusi jahon fan olimpiadalarida bundan ham yuqori zafarlarni tilab qolamiz!