Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov yoshlar bilan uchrashdi
Toshkent davlat pedagogika universiteti majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokidagi “Vazir va yoshlar“ uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar qildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019-yil 27-dekabrda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida xalq taʼlimi tizimida Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, 2020-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Mazkur dastur doirasida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning yoshlar bilan bilan ochiq muloqot oʻtkazish grafigi ishlab chiqilgan.
Joriy yilning 29-yanvar kuni oʻtkazilgan ilk yigʻilishda Xalq taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan 50 nafar yosh xodimlar hamda Toshkent davlat pedagogika universitetining 392 nafar bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.
Yoshlar bilan uchrashuv doirasida Xalq taʼlimi vaziri boʻlajak oʻqituvchilarga xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalariga jamiyatimizda oʻqituvchilar obroʻsini oshirish, maktab infratuzilmasi va oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Ochiq muloqotda maktabda oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan talabalar tizimdagi mavjud muammolar boʻyicha vazirga savol berdi. Vazir muammolarni hal etish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Shu bilan birga Sherzod Shermatov tizimda turli lavozimlarda boʻsh ish oʻrinlari mavjudligini taʼkidlagan holda, yosh mutaxassislarni tizimni rivojlantirish uchun oʻz hissalarini qoʻshishga chaqirdi.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokidagi bu kabi uchrashuvlar har oyda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Fevral oyida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan yosh direktorlar bilan, mart oyida fan olimpiadalari gʻoliblari va ishtirokchilari bilan, aprel oyida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan yosh xotin-qizlar bilan, may oyida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining bitiruvchilari bilan, iyun oyida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan oʻtkaziladi.