2020-2025-yillarda ijod maktablari faoliyati takomillashtiriladi
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan 2020-2025-yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan oʻquvchi-yoshlar orasidan badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan, iqtidorlilarini saralash, ulardagi isteʼdodni rivojlantirish uchun tegishli sharoit yaratish ijod maktablari faoliyatini rivojlantirishning maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, qaror bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, Agentlik oʻz tizimidagi maktablarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun masʼul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Agentlikka Bosh vazir taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Qarorga muvofiq, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasining maʼmuriy bino va inshootlari operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlikka berildi.
Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning kutubxona fondlari zarur umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualari bilan bepul taʼminlanadi.