Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yangi darsliklar nashr etiladi
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi mamlakatimizdagi adabiyotshunos olimlarni jalb qilgan holda ijod maktablari uchun yangi darsliklar yaratish ustida ish olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi tegishli qaroriga ko‘ra, ijod maktablarining 7-11-sinflari uchun ixtisoslik fanlariga haftasiga qo‘shimcha 20 soat (har bir sinfga 5 soatdan) ajratish rejalashtirilgan.
Mazkur qaror ijod maktablari o‘quvchilari ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlarida belgilangan bilimdan tashqari notiqlik san’ati va adabiyot sirlarini chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitishga qaratilgan.
7-11-sinflar uchun tayyorlanayotgan ixtisoslik adabiyoti darsligida xalq og‘zaki ijodi, adabiy jarayon, adabiyot qoidalari, publitsistika, matnshunoslik, dramaturgiya fanlarining elementlari o‘quvchilarning yosh xususiyatiga mos ravishda singdirilmoqda. Shuningdek, ixtisoslik adabiyoti darsligi mazmunan umumiy o‘rta ta’limning adabiyot fani va oliy ta’limning adabiyot yo‘nalishi fanlari bilan uzviyligi ta’minlanmoqda.
Shu bilan bir qatorda, mutaxassislar tomonidan notiqlik san’ati va nutq madaniyati fani bo‘yicha ijod maktablari o‘quvchilari uchun 7-11-sinflarga mo‘ljallangan alohida darslik tayyorlanmoqda.
Ushbu darsliklarni tayyorlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yangidan tayyorlangan darsliklar universitetning ilmiy-metodik kengashida muhokamadan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tayyorlangan o‘quv dasturi va darsliklar 2020/2021-o‘quv yilida ijod maktablarida tajriba sinovdan o‘tkaziladi. O‘quv yili yakunida aniqlangan kamchiliklar va kelib tushgan takliflar asosida darsliklarni takomillashtirish va qayta chop etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ijod maktablarida chet tillarini o‘qitishni zamonaviy metodlar asosida tashkil etish maqsadida ingliz, nemis va fransuz tili fanlari bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlarning e’tirof etilgan darsliklarini xarid qilish bo‘yicha xorijiy nashriyotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimida to‘qqizta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda.