O‘zbekistonlik o‘quvchilar 52-Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritdi
Joriy yilda butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni inobatga olib 52-Xalqaro kimyo olimpiadasi 25-iyul kuni masofaviy tarzda o‘tkazildi.
Kimyo fanidan eng nufuzli hisoblanadigan mazkur olimpiadada dunyoning 60 davlatidan jami 235 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi. Bu haqda XTV axborot xizmati ma'lum qildi.
Olimpiadada O‘zbekiston sharafini 2018-2019-o‘quv yilida respublika fan olimpiadasida va qo‘shimcha respublika olimpiadasi g‘oliblari orasidan saralab olingan 4 nafar iqtidorli o‘quvchi himoya qilib, quyidagi natijalarni qayd etdi:
Mirumid Mirakbarov, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyi o‘quvchisi (kumush medal)
Dilshodaxon Isayeva, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyi o‘quvchisi (kumush medal)
Firdavs Sobirov, Buxoro shahridagi 35-maktab o‘quvchisi (bronza medal)
Akobir Narzullayev, Jondor tumanidagi 49-maktab o‘quvchisi (diplom).
Joriy yilgi olimpiadada o‘quvchilar laboratoriya kimyoviy tajribalarisiz, faqat nazariy bosqichni o‘tkazishdi. Olimpiada sinov jarayonini nazoratchilar 4ta vebkamera yordamida kuzatib borishdi.
Masofaviy olimpiada Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyda sanitariya gigiyena hamda karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etildi.
52-Xalqaro kimyo olimpiadasi Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar o‘zgartirilib, masofaviy o‘tkazildi. G‘oliblarning medallari va diplomlari Turkiyadagi tashkiliy qo‘mita tomonidan pochta orqali jo‘natiladi.