Yoshlarga berilayotgan labirint ichidagi imkoniyatlar
Televizorda ko‘p ko‘rasiz: “Falon milliard so‘m evaziga Yoshlar markazi qurib foydalanishga topshirildi. Bu yerda endi falon-falon to‘garaklar faoliyat olib bormoqda. Yoshlar kasb-hunarlarni sevib o‘rganmoqdalar!”. Shu yerda televizorni o‘chirib, do‘ppini xontaxtaga qo‘yib, achchiq choydan bir ho‘plab bor vaziyatni tahlil qilib ko‘ramiz. Haqiqatan ham shundaymi?
Prezident qarori bilan bepul tashkil etilishi lozim bo‘lgan markazlar haqiqatan ham 2018-yil mart oyidan boshlab bepul tashkil etildi. Respublika – viloyat – tuman shaklida direktor-direktor-koordinator ko‘rinishida boshqaruv yo‘lga qo‘yildi. Oradan bir yil o‘tib tumanlardagi to‘garaklarni tashkil etadigan, nazorat qiladigan koordinator shtatlari noma’lum sabablarga ko‘ra “kesildi”. Tumanlardagi to‘garaklarni boshqarish viloyat markazlari zimmasida qoldi. Aksiga olib viloyatlardagi shtatlar jadvali birin-ketin “g‘oyib” bo‘la boshladi. 2019-yili Yoshlar ittifoqi tizimida mablag‘ yetmayotganligi ro‘kach qilinib Markaziy kengash qarori bilan avgust oyidan to‘lov tizimi joriy qilindi. Shundan buyon Yoshlar markazlarining ishida unum qochdi. Avvaliga talabgorlari anchayin ko‘p bo‘lgan ingliz tili, rus tili, xitoy tili, koreys tili to‘garaklari rahbarlari birin-ketin o‘z arizalari bilan ishdan ketishdi. Peshona terisini birov bilan bo‘lishgisi kelmadi. Soddaroq tushuntiraman: bir shtat birligida ishlagan to‘garak rahbari 12 nafardan 4 ta guruhda 48 nafar to‘garak a’zosining har biridan 22.300 so‘mdan to‘lov undirishi kerak. Jami: 1070400 so‘m. To‘lovni qabul qilib olgan markaz o‘z xodimlarining plastik kartasiga soliqlarni chegirib qolib 860 000 so‘m tashlab beradi. Shu tizim ishga tushgach ko‘pchilik ariza yozib juftakni rostlab qoldi. Bir shtat birligida ishlashning noqulayligi shundaki, masalan: chekka qishloqda “Yosh ijodkorlar” to‘garagini ochmoqchi bo‘lsangiz 48 nafar ishtirokchi bo‘lishi shart. Maktabning o‘zida 80 nafar o‘quvchi bor. O‘quvchilarning yarmidan ko‘pini jalb qilish — mumkin bo‘lmagan voqelik. A’zolik badali to‘lanmagan dastlabki bir yillik davrda ham tizim havas qilarlik darajada bo‘lmagan. Har bir guruhga 20 nafardan 25 nafargacha a’zo jalb qilish majburiyati yuklab qo‘yildi. Bitta to‘garak rahbariga 80 nafardan 100 nafargacha o‘quvchi. Sifat haqida gap bo‘lishi mumkin emas. To‘garakda 10 nafardan ortiq yosh bormi, sifat ortga chekinadi. Bu markaz tatbiq etgan me’yorlar jahonda ham bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Yaqinda Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi yana bir hujjat imzoladi. Unga ko‘ra endi viloyat Yoshlar markazida faqat direktor va buxgalter qoladi. To‘garak rahbarlari topgan puldan orttirilib ularga oylik maosh tayinlanadi. Ana tomosha! O‘z-o‘zidan savollar paydo bo‘ladi:
Birinchidan, nima uchun bepul tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan Yoshlar markazi bir yildan keyin PULLIKKA o‘tib ketdi!
Ikkinchidan, pullik tizim asosli bo‘lgan taqdirda nima uchun Ittifoq to‘garak rahbarlariga sharoit yaratib bermadi. Aksariyat to‘garaklar ta’lim muassasalarida tashkil etilgani va unda ayrim direktorlar “Budjetdan tashqari pul topish”ni ro‘kach qilib ijara haqi so‘raganda Markaz yoki Ittifoq to‘garak rahbarlariga yelkadosh bo‘lmadi? Bitta doska yoki bo‘r bermagan Ittifoqning pul undirishga ma’nan haqqi bormi? Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kurashishga qasd qilgan ekanmiz, shu markazlar orqali ishni to‘lovsiz amalga oshirsak bo‘lmaydimi?
Uchinchidan, davlat budjetining milliard-milliard mablag‘iga qurilgan Yoshlar markazlari qachon haqiqiy ma’noda Yoshlar markazlariga aylanadi? Ya’ni, amaldorlarning majlisxonasidan tortib ittifoqning oddiy ishxonasidan yoshlarning sevimli go‘shasiga aylanishi uchun yana qancha vaqt kerak? Axir qon-qonimizga singib ketdi-ku qayerda chiroyli bino bo‘lsa, majlis qilamiz.
To‘rtinchidan, bor narsani mukammallashtirmasdan, to‘ldirmasdan yangi tizimlar o‘ylab topaveramiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezident boshchiligida yig‘ilishda yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi masalasi yana kun tartibiga ko‘tarildi. Qo‘shimcha 200 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutildi. O‘ylab ko‘rsak, shu mablag‘ga butun respublika bo‘yicha markaz qursak sanoqli bo‘ladi. Ko‘p vaqt oladi. Mavjud markazlarni asbob-uskuna, texnikaga to‘ldirsak keng ko‘lamli ishni bir haftaning o‘zidayoq boshlash mumkin. Chunki hashamatli markazlarimiz bejirim va chiroyli, ammo ichi bo‘m-bo‘sh. Uskunalarni o‘rnatish lozim. Mutaxassis tayyor. Ish jadal boshlanadi. Nima uchun shuni qilmaymiz?
Beshinchidan, chumchuqning tiliday oylik maosh berib mutaxassis yo‘q deb jar solaveramiz! Balki mashg‘ulot o‘tuvchilar haqida ham ozroq qayg‘urib qo‘yishimiz zarurdir. Maqomi, faoliyati, tajriba oshirishi, o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi, maoshi, ijtimoiy himoyasi, imtiyozlar va hokazolar.
Oltinchidan, nima uchun kasb-hunar o‘rganishni tadbirkorlik bilan bog‘lab ketish tizimi yo‘q? Masalan, Markazda “payvandchilar” to‘garagi bor. Ustozi boshchiligida ular kichik issiqxonalar yasaydi. Deylik, 1 so‘tixlik issiqxona kimgadir qurib berilishi kerak. O‘shani markazning ustoz va shogirdlari qurib bersa foydaning ma’lum bir qismini ularga yo‘naltirish orqali yoshlarning hayotiy ehtiyojlarini to‘ldirish mumkin. Nima uchun bizdagi tizimlar yarmida uzilib qoladi?
Aslini olganda, savollar tugamaydi. Takliflar ham. Puxta o‘ylanmagan va yaratilmagan tizim uzoqqa bormaydi. Shuning uchun Respublika Yoshlar markazi inqiroz yoqasida. Yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligining oldida ushbu tizimni saqlab qolish, nafaqat saqlab qolish, balki rivojlantirish vazifasi ham turibdi. Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti! Shu naqlni unutmaylik!
Beknazar QORAJONOV, Xalq deputatlari G‘allaorol tuman kengashi deputati