Yoshlar tadbirlarda “bezak” bo‘lmasin!
Yoshlarning vaqtini behuda narsalarga o‘g‘irlamaslik lozim. O‘ylab ko‘ring, bir tiyinlik foydasi tegmaydigan yig‘ilishlar, xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgan tadbirlar, “g‘oliblar”i oldindan belgilab qo‘yilgan musobaqa va tanlovlar yoshlarning olg‘a harakat qilishida to‘sqinlik qiladi va ularning fanga qiziqishi susayishiga sabab bo‘ladi.
Oldi-qochdi gaplarni, tadbirbozlikni yig‘ishtirib, muammoga sal jiddiyroq yondashish lozim. Shu o‘rinda o‘zim guvohi hamda bevosita ishtirokchisi bo‘lgan voqeani aytay.
Olimpiadaning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi va bunda faxrli o‘rin olgan o‘quvchilarni “ko‘rgazma” uchun litsey binosiga taklif qilishdi. Anglashimcha, qaysidir soha vakili tumandagi o‘zgarishalarni, loyihalarni ko‘rib chiqmoqchi ekan. Albatta, yoshlarning bunday tadbirlarda qatnashishi yaxshi, ammo bir narsaga hayron qoldim. Qiziquvchanligim sabab, tadbirni tashkillashtiruvchiga “Men ham o‘zimni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilmoqchiydim”, dedim. Javobini eshitib lol qoldim: “Tadbirdagi har bir narsa oldindan rejalashtirilgan, sizning qanday taklif va savol aytishingiz biz uchun qorong‘i. Shuning uchun 1-2 kun oldin biz bilan maslahatlashishingiz kerak edi. Endi kech”. Tavba, tadbir bo‘lishini bugun eshitdim-ku, qanaqasiga 1-2 kun oldin uchrashib, mulohazalari bildiraman?! Jahl ustida “Tadbirni boshdan oyoq kassetaga yo diskka yozdirib, bu yerda fonogramma qo‘yavermabsizlar-da”, deyishimga bir bahya qoldi.
Mana shunday “reja”li tadbirlar yoshlarga nima beradi? Oldindan tuzib, tayyorlanib qo‘yilgan yig‘ilishda iqtidorli yoshlardan “bezak” sifatida foydalanish adolatdanmi? Undan ko‘ra 2-3 bet kitob o‘qigani afzal emasmi? Aytaversak, bu kabi muammolar bisyor.
Yoshlarga nisbatan qilinayotgan “ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan” munosabatlar haqida lof urish qo‘limdan kelmasligi aniq. Ammo yurt ravnaqini belgilovchi yoshlarning ertasi haqida mulohazamni bildirdim, xolos. Bu kichkina mavzu emas, uning tagida ko‘plab kamchiliklar, xato va illatlar yotibdi. Bularga har doimgidek beparvo bo‘lsak, o‘zimiz qurayotgan kelajak poydevoriga bir g‘isht qo‘yib, ikkitasini buzib olgan bo‘lmaymizmi?
Laylo OLIMOVA