Namanganlik o‘quvchi qiz 10 ta xorijiy universitet talabasi bo‘ldi
Avgust — xushxabarlar oyi. Negaki, minglab qalbi orzuga to‘lgan qorako‘zlarning necha oylar halovatni unutib, kitobdan bosh ko‘tarmaganining natijasi shu oyda ma’lum bo‘ladi. Qaysidir xonadonda shodiyonalar boshlanib ketadi. Axir bu yoshlar hayotidagi katta bir sahifaning ochilishi. Yurtimizda hali OTMga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tmagan bo‘lsa-da, chustlik Nazarovlar oilasidan xushxabar arimayapti. Shifokorlar oilasining 18 yoshli qizi Parizoda Abdufattoyeva xorijning bir emas, 10 ta nufuzli universitet-u instituti imtihonlaridan muvaffaqiyat bilan o‘tdi.
Parizoda joriy yilda Chust tumanidagi 3-maktabni tamomladi. O‘z ustida ishlashni, ilm olishni yoqtiradigan tirishqoq qizni xorijiy tillarni o‘rganish, axborot texnologiyalari sohasi qiziqtiradi. U o‘z ona tilidan tashqari tojik, rus, ingliz, koreys tillarini ham o‘rgangan. Hozir ispan tilini ham o‘rganishni boshlagan.
— Bu tillarda bemalol muloqot qila olish va kitoblarni o‘qiy olishim menga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda, — deydi u. — Maktabda baholarim doim “a’lo” bo‘lgan. O‘qituvchilarim har doim mening qiziqishlarim bilan alohida shug‘ullanib, e’tibor qaratib kelishgan. Ikki yil mobaynida maktab darslaridan tashqari qo‘shimcha repetitor kurslariga ham qatnay boshladim. Ingliz tili va matematikani chuqur o‘rgandim. IeLTSdan 6.5 ball olishga erishdim. Bu natijam xorijiy universitetlar imtihonlarida qatnashishimda juda qo‘l kelishini bilganim uchun, astoydil harakat qildim.
Parizoda Toshkent shahridagi Vestminister, Vebster universitetlari, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Britaniyaning Toshkent shahridagi menejment, Toshkent shahrida yangi ochilgan Cambridge International college (British), University of IMICA (International university in Central Asia), University of Team, Sharda (University of Sharda), Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filiali va Amerikadagi Point Park universitetlariga imtihon topshirib barchasiga muvaffaqiyatli natija bilan qabul qilindi.
“Imtihonlar sizni qiynab qo‘ymadimi?” degan savolimizga u shunday javob berdi:
— Aksincha, IELTSdan olgan natijam va ingliz tilida yozma savodxonligim, og‘zaki nutqim yaxshi bo‘lgani qo‘l keldi. Matematikadan ham yaxshi natijalar ko‘rsata oldim. Mantiqiy masalalar haqida bosh qotirishni yaxshi ko‘raman va bu bo‘yicha ko‘p shug‘ullanganman. Geometriya masalalari ozgina qiyin kechdi. Xorijiy universitetlar imtihonlarida, eng avvalo, ingliz tilini mukammal bilish talab etiladi. Agar tilni tushunmasa, abituriyent matematikadan tushadigan savollarni ham tushunmaydi. Savollar esa asosan mantiqiy bo‘ladi. O‘ylaymanki, o‘zimizdagi oliy ta’limga kirish imtihonlaridagi testlar bundan ko‘ra murakkab. Sababi bizda, haqiqatan ham, OTMga kirish qiyin. Ming mashaqqat bilan talaba bo‘lganlar keyin ilm olishga uncha e’tibor qaratishmaydi. “Amallab sessiyani yopib olsam bo‘ldi” qabilida ish tutishadi. Xalqaro OTMlarda esa, aksincha, o‘qishga kirish unchalik qiyinmas, ammo o‘qib ketish mashaqqat. O‘quv jarayonining o‘zi salohiyatli kadrlarni saralab oladi. Aslida mana shunday bo‘lishi kerak. Shunda mamlakat rivoji uchun malakali, bilimli kadrlar yetishib chiqadi, hamma bilim olishga intiladi, o‘qishni uddalolmagan, salohiyatsizlar esa o‘z-o‘zidan “elakdan o‘tolmaydi”.
Darvoqe, Parizoda 10 ta oliy o‘quv yurtiga qabul qilindi, endi bu o‘quv maskanlarining qaysi birida o‘qish uning tanloviga bog‘liq.
— Aslida oilamizda hamma shifokor bo‘lgani uchun mening biznes va axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishim ota-onam tomonidan iliq qabul qilinmagandi, — deydi Parizoda. — Lekin o‘z orzu va maqsadlarim, qiziqishlarim uchun kurashishim kerakligini his qilardim. Oilamizda bittagina qarindoshimiz shifokor bo‘lmadi, u xorijiy universitetlarda o‘qiydi. Uning ingliz tilida gapirishini eshitib, havas qilardim. Shu bo‘ldi-yu til o‘rganishga qiziqa boshladim, meni tibbiyotdan ko‘ra aniq fanlar qiziqtirayotganini tushuna boshladim. Ota-onamning xohishlari bilan O‘zbekiston universitetlariga ham hujjat topshirib qo‘yganman, imtihonlarni kutyapmiz. Ularni ko‘proq bu yerdagi imtihonlardan oladigan natijam qiziqtiryapti. Lekin men tanlovimni aniqlab oldim. Vestminster universitetida o‘qiyman. Bu mening kelajakdagi maqsadlarimga eng mos tushadigan tanlov deb o‘ylayman. Yurtimizda axborot texnologiyalari bo‘yicha malakali dasturchilarga ehtiyoj katta. Ayniqsa, qizlar orasida bu kasb egalari deyarli hali ko‘zga ko‘rinmayapti. O‘zbek qizlari orasida birinchi malakali dasturchilar qatorida bo‘lishni maqsad qilganman. Ota-onam xohlagandek shifokor bo‘lmasam ham, kelajakda o‘zim tanlagan kasb orqali tibbiyotdagi eng muammoli masalalarni yechishga hissa qo‘shishim mumkindir ehtimol.
Biz odatda muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan yoshlar haqida qiziqar ekanmiz bu yutuqlarning sirini ochishga e’tibor qaratamiz. Zero, har bir oilaning o‘z ta’lim-tarbiya metodikasi bor. Nazarovlar oilasida ham o‘ziga xos shunday metodikalar bordirki, unda voyaga yetgan farzand bugun katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Parizodaning onasi Nozila Abdujalilova bu borada shunday deydi:
— Oilada bilim olishga katta e’tibor qaratamiz, bu nafaqat farzandlarga, balki biz kattalarga ham taalluqli. Bolalarga “O‘qisang... erishasan!” degan undovlar bilan ko‘p murojaat qilamiz. Bu qoidani ularga bolaligidan singdirib keldik. Farzandlarimizning qiziqishiga qarab ularga kerakli sharoitlarni yaratib berishga harakat qilamiz. Parizoda ko‘rik-tanlov, olimpiadalarda qatnashishni yaxshi ko‘radi. Maktabdan tashqari o‘zi mustaqil internet orqali turli xalqaro insho tanlovlarida qatnashadi. O‘rganayotgan tillarida ko‘p insho yozadi va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishni kanda qilmaydi. Lekin hamma narsaga osongina erishyapti deb bo‘lmaydi. Ba’zan urinishlari muvaffaqiyatsiz kechgan vaqtlari ham bo‘lgan. Shunday paytlarda men “Qizim, xafa bo‘lma, sen baribir kuchlisan, qiyinchiliklarsiz yutuqlarga erishib bo‘lmaydi” deb yanada kuch bag‘ishlayman.
— Biz barcha qarindoshlarimiz bilan oliy ta’lim muassasasiga yaxshi natija bilan kirish “musobaqasini o‘ynaymiz”, — deydi Parizoda. — Menimcha, bu chiroyli kiyinish, qimmat telefonlar sotib olish kabi “kimo‘zarlik”dan yaxshi. Mana, ko‘p yillardan beri bu zanjir uzilmay keladi, ya’ni oilamizda har bir abituriyent o‘z ustida qattiq ishlaydi va o‘qishga kirishi shart. Bu zanjirni uzmaslik uchun tinimsiz harakat qilib kelinadi. Men musobaqada bu yil rekord natijani ko‘rsatdim. Buning uchun ota-onam, ustozlarim Omonulloxon Homidov, Mehruza Abdulboriyeva va menga Amerikadan turib onlayn ustozlik qilayotgan Faith Niguyendan minnatdorman.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri