O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro robototexnika musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi
“Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining ijodiy ishi xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.
YRC-2020 xalqaro robototexnika musobaqasida “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zolari “Chiqindilarni saralash” injenerlik loyihasi bilan ishtirok etib, eng yuksak unvon oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati xabar qildi.
Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan o‘quvchilar jamoasi bugun Xalq ta’limi vazirligiga taklif qilindi. G‘oliblarni Xalq ta’limi vazirligi nomidan vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov qutlab, ularga vazirlikning masxus diplom va sovg‘alarini topshirdi.
IYRC (International Youth Robot Competition) xalqaro robototexnika musobaqasi hisoblanib, 2014-yildan buyon 28 davlat a’zolari ishtirok etib kelmoqda.
Joriy yil xalqaro musobaqa Rossiya davlatida o‘tkazilishi belgilangan edi, lekin, pandemiya sababli ushbu musobaqa onlayn tartibda o‘tkazildi.
Ushbu musobaqa asosan o‘quvchilarning injenerlik qobiliyatlarini ruyobga chiqarish, o‘quvchilar tomonidan ixtiro qilingan yangi zamonaviy texologiyalarini amaliyotga joriy etish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha hisoblanadi.
Bu kabi yutuqlar O‘zbekistonlik yoshlar uchun motivatsiya berish bilan bir qatorda ularning injenerlik qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
G‘olib jamoa a’zolari bilan tanishing:
Amirbek Ruzimakhammadov
Vladimir Budnikov
Amir Ismailov
Sitora Islamova
Amir Turdimatov
Aleksander Pak