Matematika fanidan o‘quvchilar o‘rtasida “Qo‘qon olimpiadasi” o‘tkaziladi. G‘oliblarga “Neksiya” va “Kobalt” beriladi
Bu haqda Qo‘qon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod MUSTAFOQULOV “Xalq so‘zi” muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
— Murojaatnomada belgilangan vazifalarni, xususan, aniq fanlarni rivoj¬lantirishga oid takliflarni amaliyotga keng tatbiq etish, iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetimizda respublika umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika fanidan “Qo‘qon olimpiadasi”ni uyushtirmoqchimiz, — dedi rektor. — Bu borada “Qorako‘l ziyo” nodavlat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Aytib o‘tishim lozimki, mazkur “Qo‘qon olimpiadasi” xususiy sektor vakillari tomonidan ilk marotaba tashkil etilmoqda. Shuni inobatga olib, buning zamirida kelajakda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarish maqsad qilingan. Qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat orasida, xususan, ilm-fan olamida o‘ziga xos nufuzini oshirishga xizmat qiladigan iste’dodli yoshlarni kashf etish ham ko‘zda tutilgan.
Zero, mamlakatimiz rahbarining yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha da’vatlari, ya’ni “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oyasini amalga oshirish barchamizning, jumladan, sohaga daxldor bo‘lgan har qanday kishining burchi hisoblanadi.
Yana shuni aytish joizki, universitetimizda o‘tkaziladigan “Qo‘qon olimpiadasi” yosh matematiklarni aniqlash va ularning yuksak parvoziga zamin yaratuvchi o‘ziga xos pillapoya vazifasini o‘taydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, uni o‘quvchilar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylantirish uchun barcha chorani ko‘ramiz. Bunga im¬koniyatlarimiz yetarli.
Zotan, bunday fan bellashuvlari kelgusida bilimdon yoshlar safini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi. Matematikadan bilimi yuqori bo‘lgan avlod bilan esa davlatimiz barcha jabhada yuqori natijalarga yana-da tezroq erishadi.
“Qo‘qon olimpiadasi” umumta’lim maktablarining 5, 6, 7, 8, 9 va 10, 11-sinflari, akademik litseylarning 1, 2-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni ¬rivojlantirish agentligiga qarashli ta’lim muassasalari, nodavlat o‘quv dargohlarining 5 — 11-sinf o‘quvchilari ham qatnashishlari mumkin.
Olimpiada ikki bosqichda tashkil etilib, hududiy bosqich viloyatlar kesimida joriy yilning 14-fevral kuni Davlat test markazi tomonidan maxsus tuzilgan testlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda o‘quvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadi. Ishtirokchilar www.olimpiada.kokanduni.uz sayti orqali 10-fevralga qadar onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi.
Respublika bosqichi esa Qo‘qon universitetida shu yilning 13-14-mart kunlari o‘tkaziladi. Yakunlovchi bosqichda Davlat test markazi javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 5 nafar o‘quvchi-nomzod tanlab olinadi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mazkur bosqich “Qorako‘l ziyo” nodavlat ta’lim muassasasi mutaxassislari, ya’ni turli yillarda matematikadan xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari tomonidan tuzilgan ikki pog‘onali test usulida tanlov asosida tashkil etiladi. Ushbu olimpiada investitsion motivatsiya asosida yosh matematiklarning seleksiyasini amalga oshirish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish, nufuzli oliy o‘quv yurt¬larida tahsil olishlariga ko‘maklashish hamda shu asosda texnika taraqqiyotining jadallashishiga zamin yaratadi, deb ishonamiz.
“Olimpiada g‘oliblarini qanday sovg‘alar kutmoqda?” degan savolga rektor quyidagicha javob berdi:
— Olimpiada g‘oliblarini munosib mukofotlash rejamizda bor. Shu maqsadda birinchi guruh (5, 6, 7-sinflar) o‘quvchi-talabgorlari o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan nomzodga «Neksiya» avtomobili, ikkinchi guruh (8, 9-sinflar) o‘rtasida birinchilikni egallaganga ham «Neksiya», uchinchi guruhda (10, 11-sinflar, akademik litseyning 1, 2-bosqich) birinchilik uchun esa “Kobalt” avtomobili ¬sovg‘a qilinadi.
Bu hali hammasi emas. Barcha guruh bo‘yicha birinchi o‘ntalik ro‘yxatidan joy olgan nomzodlarga Qo‘qon universitetida grant asosida o‘qishga qabul qilish “Investitsion vaucher”i taqdim etiladi. “Qorako‘l ziyo” nodavlat o‘quv muassasasi tomonidan esa guruhlar bo‘yicha 1, 2, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-nomzodlarga matematika hamda boshqa fanlardan qo‘shimcha bilim olish huquqini beruvchi bir yillik bepul o‘qish bonusi ham taqdim etiladi. Quyi sinf o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, ular ilm-fanga yo‘naltirilib, tizimli ravishda universitetga tayyorlab boriladi. Eng asosiysi, olimpiada natijalarini baholashda, g‘oliblarni aniqlashda, albatta, adolat mezonlari ustuvor bo‘ladi.
Darvoqe, “Qo‘qon olimpiadasi”ni tashkil etish va o‘tkazish orqali yoshlar orasida “Bilim — insonni ulug‘laydi”, degan shior keng targ‘ib qilinishi bilan birga, g‘oliblarning erishgan yutuqlarini jamoatchilik o‘rtasida ¬yoritish evaziga o‘g‘il-qizlarga yana-da ko‘proq ¬motivatsiya berish ham maqsad qilingan. Bu esa o‘quvchi-yoshlar, talabalar orasida ilm olishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini yana-da ¬kuchaytiradi.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari alohida ta’kidlagan, ya’ni buyuk mutafakkir shoirimiz ¬Alisher Navoiyning o‘z davrida yoshlarga qarata aytgan quyidagi murojaati ko‘z oldimga keldi: «Quyoshliq istasang, kasbi kamol et».
Zero, insonlarga quyosh kabi ziyo nurini ta¬ratishni, yaxshilik qilishni istaydigan har bir fuqaro kelajakka, kamolotga intilib, ilm va kasb-hunarlarni puxta egallashi lozim. Bu oldimizga eng katta maqsad qilib qo‘yilgan — mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda unga erishishimizda g‘oyat muhim.