Ogahiy ijod maktabida Elektron mobil kutubxona tashkil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabida aylanadigan shakldagi Elektron mobil kutubxona tashkil qilindi. Qurilmadan foydalanish juda qulay bo‘lib, istagan kitobxon o‘ziga zarur kitobni QR kod ilovasi yordamida o‘z telefoni yoki planshetiga o‘tkazib olishi mumkin. Ushbu kutubxonaning asosiy ko‘rinish oynasida 70dan ziyod kitoblarning elektron nusxalari joylashtirilgan bo‘lib, unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning asarlari, buyuk shoir, mohir tarjimon va tarixchi, davlat arbobi Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning kitoblari, Xorazm tarixiga oid, shuningdek o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlari o‘rin olgan. Shuningdek, umumiy QR kodida 700dan ziyod eng e’tiborli kitoblarning elektron nusxalarini keng kitobxon o‘zining mobil qurilmalari yordamida yuklab olib, mutolaa zavqidan bahramand bo‘la oladi.
Boltaboy Matqurbonov