“Qo‘qon olimpiadasi”: Uchta avtomobil va universitetda grant asosida o‘qish uchun 30 ta yo‘llanma sovrindorlari aniqlandi
Qo‘qon shahrida Qo‘qon universiteti tashabbusi bilan “Qorako‘l ziyo” nodavlat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan respublika umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida matematika fanidan “Qo‘qon olimpiadasi”ning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tkazildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Bellashuvlar uch guruh bo‘lingan holda o‘tkazildi. Xususan, birinchi guruh (5-6-7-sinf o‘quvchilari), ikkinchi guruh (8-9-sinf o‘quvchilari) va uchinchi guruh (10-11-sinf o‘quvchilari hamda akademik litseylarning 1-2-kurslari).
Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, “Qo‘qon Olimpiadasi”ning birinchi g‘oliblari Sunnatov Aslbek «Neksiya», Rahmatov Anvarbek «Neksiya», Soporboyev Sarvar “Kobalt” аvtomobillari sovrindori deb topildi.
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, birinchi va ikkinchi guruhlar g‘olibiga «Neksiya», uchinchi guruh g‘olibiga esa «Kobalt» avtomobili sovg‘a qilindi.
Barcha guruhlar bo‘yicha 2- va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar hadya etildi.
Shuningdek, barcha guruhlar bo‘yicha birinchi eng yuqori ball yiqqan 10 nafar — jami 30 nafar nomzodga Qo‘qon universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Investitsion vaucher taqdim etildi.
Bundan tashqari, “Qorako‘l ziyo” nodavlat o‘quv muassasasi tomonidan guruhlar bo‘yicha eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan o‘n nafar o‘quvchi-nomzodga matematika va boshqa fanlardan qo‘shimcha bilim olish bo‘yicha bir yillik bepul o‘qish Sertifikati topshirildi.