MA’NAVIYAT MILLATNING JONI VA RUHIDIR
Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi qaroriga binoan barcha ta’lim muassasalarida ijodiy-ma’naviy targ’ibotchi lavozimi joriy qilingan. Ularning asosiy vazifasi yosh avlodni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, maktab o’qituvchilari va o’quvchilarining ijodiy ishlarini keng jamoatchilika yetkazishga ko’maklashish, turli adabiy kechalar, she’rxonlik va viktorinalar o’tkazish deb belgilangan. Xususan, bizning maktabda ham targ’ibotchi tomonidan shu kungacha o’quvchilar bilan 240 soatdan ziyod mashg’ulotlar o’tkazildi.
Mashg’ulotlarda ma’naviyat, odob-axloq, zararli odatlarning yomon ta’siri, diniy-ekstremizm, terrorchilik kabi butun dunyo rivojiga to’sqinlik qilayotgan illatlar haqida suhbatlar o’tkazildi. Internetdan to’gri foydalanish bo’yicha tushuntirishlar olib borildi. Mana shunday mashg’ulotlar natijasida o’quvchilar o’rtasida qonunbuzarlik, ichish, chekish, turli yot oqimlarga ta’siriga tushib qolish kabi holatlar sezilarli darajada kamaydi.
Amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy xulosasi sifatida kuni kecha maktabimizda tuman ma’naviyat targ’ibotchilari va ta’lim mutasaddilari ishtirokida “Ma’naviyat millatning joni va ruhidir” deb nomlangan tadbir bo’lib o’tdi. Ishtirokchilar avval maktab faoliyati, o’quvchilarga yaratilgan imkoniyatlarni ko’zdan kechirishdi. Ma’naviyat targ’ibotchisining o’tgan davr mobaynida qilgan ishlari va “Ijod gulshani” to’garagi faoliyati bilan tanishdilar. So’ng she’riyat kechasi bo’lib o’tdi.
Kechada so’z olgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Kosonsoy tumani bo’limi boshlig’I Dilshod Isakov erishilgan ijobiy natijalar maktabda targ’ibotchining to’g’ri tanlanganligining natijasi ekanini ta’kidlab o’tdi. She’riyat kechasida yosh ijodkorlar va mahoratli shoirlarning ijod na’munalari ishtirokchilarga havola etildi. Tadbir qaysidir ma’noda tuman ma’naviyat targ’ibotchilarining yillik hisoboti bo’ldi. Yutuqlar e’tirof etilib, keyingi maqsadli rejalar tuzib olindi.
Sevara YOQUBOVA,
Namangan viloyati, Kosonsoy tumanidagi 24-maktab direktorining
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari