“Bilim” AKM — bino bo‘lishdan binosizlikkacha
Kutubxona nafaqat kitoblarni avlodlardan avlodlarga yetkazib beruvchi, balki ma’rifatni targ‘ib etuvchi, insonni chin ma’noda komillikka, ezgulikka yetaklovchi maskanligi bilan ham muqaddasdir.
Mamlakatimizda ana shunday sharafli vazifani bajarib kelayotgan maskanlardan biri Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazidir. U 84 yildirki kitobsevar, bilimparvar insonlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“Bilim” kutubxonasiga asos bo‘lgan birinchi ommaviy kutubxona 1937-yili Toshkentda general-gubernator Kuropatkinning yozgi dalahovlisi binosida tashkil qilingan. Dastlab uning fondi 10 000 ga yaqin kitobdan iborat edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida ham kutubxona faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgacha kutubxonada tashkil etilgan o‘lkashunoslik muzeyida 1941–1945-yillarda fondga kelib tushgan nashrlar saqlanishi ko‘p kitobxonlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
1972-yil sentabrida kutubxona markaziy shahar kutubxonasi maqomini oldi, bu davrga kelib kitob fondi 48619 nusxaga yetdi.
Shahar kutubxonalarini markazlashtirish qaroriga binoan, 1977-yilda “Bilim” markazlashgan kutubxona tizimidagi Markaziy shahar kutubxonasi maqomini oldi va u ikki tuman kutubxonasini birlashtirdi, ya’ni Sirg‘ali tumanining oltita kutubxona filiali va Yakkasaroy tumanining beshta kutubxona filiali birlashdi. Shu yili kitob fondi 88706 nusxaga yetdi. Markazlashtirilgan kutubxonalar tarmog‘i sifatida 1994-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi.
1983-yildan kutubxonaga direktorlik qila boshlagan Agrafena Tyan kutubxona binosini o‘zgartirish maqsadida jonbozlik ko‘rsatgan. 1985-yil yozida “Bilim” Markaziy shahar kutubxonasi rahbariyati, buxgalteriya, butlash va qayta ishlash bo‘limi, uslubiy-bibliografik bo‘limlari yangi binoga ko‘chib o‘tdi (Chilonzor, “C” mavze, 14-uy).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi “Bilim” markaziy shahar kutubxonasi negizida “Bilim” axborot-kutubxona markazi tashkil etildi.
Kutubxonaning zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanishi kutubxonachilarni qo‘l mehnatidan ozod etib, ularning kitobxonlar bilan madaniy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar olib borishga ko‘proq vaqt ajratishiga imkon beradi. 2006-yili kutubxonada kitobxonlar uchun 15 ta kompyuterdan iborat lokal set va internetga ulangan elektron o‘quv
zali tashkil etildi. 2008-yili kutubxonadagi mavjud kompyuterlar soni 27 ta bo‘lgan bo‘lsa, ayni kunda 46 ta. Markazda yettita bo‘lim o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.
Kutubxona mamlakatimiz aholisi, va ayniqsa, yoshlarimizga zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan holda tez va sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etishida ilmiy-uslubiyat bo‘limining ahamiyati alohida o‘rinni egallaydi. Bo‘lim ikki tilda kutubxona faoliyatiga doir qo‘llanmalar, yo‘riqnoma va tavsiyalar ishlab chiqadi hamda shahardagi barcha mavjud axborot-kutubxona muassasalari faoliyatiga keng tatbiq etadi. Shu bilan birga kutubxonachilikdagi ilg‘or tajriba maktabi, tuman axborot-kutubxona markazlari va boshqa tizimdagi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi
ilmiy-uslubiy markaz sifatida ish olib boradi. Shuningdek, turli sohalarga oid metodik-bibliografik qo‘llanmalar va elektron ma’lumotlar bazalarini yaratadi.
Markazga kelib tushayotgan og‘zaki, yozma so‘rovlarga aniq faktlar asosida tezkorlik bilan samarali javob berish bevosita axborot-bibliografiya bo‘limi zimmasida. Bo‘limda o‘lkashunoslikka oid adabiyotlar sektori mavjud bo‘lib, o‘lkashunoslik bo‘yicha nashr etilgan adabiyotlar, turli tipdagi axborotlarni targ‘ib qiladi.
Bosma va ayrim qo‘lyozma asarlardan ommaviy foydalanishni ta’minlovchi madaniy-ma’rifiy muassasa, muntazam ravishda bosma asarlarni to‘plash, saqlash, targ‘ib qiluvchi ilmiy maskan kutubxona bo‘lsa, uni kitobxonlarga yetkazish va ommaning madaniy saviyasini oshirishda foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi yetakchilik qiladi. Ushbu bo‘lim markazning asosiy faoliyatini tashkil etib, uning maqsadi kitobxonlarning axborot va adabiyotga bo‘lgan talablarini tez va sifatli qondirishdan iborat. “Bilim” axborot-kutubxona markazida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan kutubxona abonementi, umumiy o‘quv zali, elektron o‘quv zali, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yoshlar bilan ishlash sektorlari orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Axborot texnologiyalari bo‘limi negizida aholining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida o‘quv kurslari barcha yoshdagi foydalanuvchilarning hamda hamkorlikda faoliyat olib borayotgan litsey, kollej va maktab o‘quvchilariga bepul tarzda axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim berish faoliyati maxsus reja asosida muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni kunda foydalanuvchilarimiz faqat markazga kelib emas, balki uyida, ishxonasida, o‘quv muassasasi, dam olish joyi kabi turli makonlardan turib ham markaz tarixi, faoliyati, tuzilishi, asosiy vazifalari, yangi adabiyotlar va ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bilim.natlib.uz veb-sahifasi orqali tanishib borishi, takliflarini bildirishi, axborot bo‘yicha savoli va buyurtmasini qoldirishi mumkin. Bugungi kunda saytdan foydalanuvchilar soni 100 ming nafardan ortiq.
2019-yildan buyon Janubiy Koreyaning iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan birgalikda “Milliy umumta’lim elektron kutubxona”si (UZNEL) loyihasi asosida markazda kitobxonlar talabi asosida kitoblarni raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha 8253 ta bibliografik yozuv, 3285 ta to‘liq matnli kitoblar, 10735 ta maqola kiritilgan. Markazning elektron sayti(www.bilim.natlib.uz), telegram (https://t.me/bilim_akm), instagram (https://www.instagram.com/) bilim_akm/, facebook (https://www.facebook.com/bilimakm/), twitter (https://twitter.com/ AkmBilim), blog (https://bilimakm.blogspot.com/) hamda Youtube kabi ijtimoiy tarmoqlari orqali
zamon talablari asosida muntazam ravishda foydalanuvchilar uchun yangiliklar, ommaviy tadbirlar, fondga kelib tushgan yangi adabiyotlar asosidagi virtual ko‘rgazma va tezkor axborotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.
Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi shakl va uslublaridan “Kitob chamadonchasining sayohati”, “Mobil kutubxona”, “Kitobxon mahalla” kabi yangi loyihalar ishlab chiqilishi va markaz faoliyatiga joriy etilishi kitobxonlar ommasiga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochgan. “Kompyuter savodxonligi” o‘quv kursi, “Yosh kadrlarni o‘qitish maktabi”, “Yo‘l-yo‘lakay o‘qiymiz”, “Oilaviy kitob o‘qiymiz”, “Asar qahramonlarini jonlantiramiz”, “Men muvaffaqiyatli ayolman” kabi loyihalar, “Bir soatdan oilaviy kitob o‘qish”, “Men kitob o‘qishni sevaman”, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Bir soatlik kitob o‘qish vaqti” kabi aksiyalar joriy etilgan.
Pandemiya davrida ham kutubxona faoliyatini davom ettirdi. “Uyda qoling – kitob o‘qing”, “Barcha qiyinchiliklarni ma’rifat bilan yengamiz”, “Kitobxonlikning onlayn targ‘iboti” shiori ostida 8 ta telegram kanali ochildi. Jumladan, “Kitobxon ona va kitobxon bola”, “Kitobxon siyosatchi klubi”, “Faol kitobxon” klublari tashkil etildi va “Bilim intellektual klublari” (@bilimklub) kanali yaratildi. Barcha klublar faoliyatini jamlab kanal sahifasida “Eng yaxshi siyosiy iqtibos”, “Dunyo bo‘ylab...”, “Til bor ekan – millat barhayot”, “Savodxon kundaligi”, “Kitobxondan tavsiya”, “Tinchlik–oliy ne’mat”, “Siyosiy savodxonlik”, “Geosiyosat olami” kabi turli mavzulardagi loyihalar asosida targ‘ibot ishlari muntazam yoritib borildi.
Xodimlarning ko‘p yillik ish tajribasi, faoliyatga ilmiy va ijodiy yondashishi, tashkilotchiligi markazimiz faoliyatidagi asosiy ko‘rsatkichlardagi ijobiy o‘zgarishlarda o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan o‘tkazilgan “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2015” , 2017-yili Respublika axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi” ko‘rik-tanlovlarida Toshkent shahri jamoasi faxrli 3-o‘rin sohibi bo‘ldi. “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2017” respublika ko‘rik-tanlovida esa mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi asosida tashkil etilgan Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2019” respublika tanlovida yana Toshkent shahri jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida tashkil etilgan “Bolalar va yoshlarni o‘qishga jalb qilish uchun eng yaxshi metodik ishlanma/loyiha” Respublika tanlovida “Foydalanuvchi bilan ishlashning interaktiv shakllari” kitob va kitobxonlik faoliyatini rivojlantirish, bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilishga qaratilgan nominatsiyasi bo‘yicha Markaz tomonidan ishlab chiqilgan “Kitobxon mahalla” loyihasi g‘olib deb topildi.
Albatta yutuqlarmizdan quvonamiz, faxrlanamiz, lekin kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir paytda Markaz binosining hozirgi kun talablariga, kutubxonachilik standartlariga javob bermasligi xodimlarni va kutubxonadan foydalanuvchilarni juda-juda ranjitadi.
“Bilim” AKMga tashkil etilgandan beri maxsus alohida bino ajratilmagan . Hozir Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasidagi 9 qavatli 12–14-uylarning 1-qavatiga joylashtirilgan. Umumiy maydoni 1083 kv m.dan iborat bo‘lgan joyda 200 mingga yaqin kitob fondi ixtisoslashtirilmagan sharoitda saqlanadi. Xizmat xonalari va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish joylari (abonement, o‘qish zallari), madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar belgilangan me’yorlarga umuman javob bermaydi. Bu esa kitobxonlar e’tirozi ko‘payishiga, ularning qatnovi pasayshiga, yillar davomida aholi uchun to‘plangan moddiy-ma’naviy boyliklarning fizik-kimyoviy, biologik va mexanik shikastlanishiga, ularning yo‘qotilishiga jiddiy sabab bo‘lmoqda va faoliyatini belgilangan me’yorlar asosida to‘laqonli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturining 36-bandi hamda 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining 18-bandiga binoan Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona markaziga yangi bino ajratilishi kerak edi. Ushbu qarorlar ijrosi yuzasidan 2017-yil 18-sentabrda 1261-sonli Toshkent shahar hokimi qarori ham qabul qilingan, lekin ijrosi amalga oshirilmagan.
Mamlakatimizda kutubxonalar taraqqiyotiga oid islohotlarning davomiyligi natijasida 2011-yil 13-aprelda qabul qilingan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019-yil 7-iyundagi qarorining Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ijro etilishi to‘g‘risida” 2020-yil 31-dekabrdagi majlisining 181-son bayoni tasdiqlanganligi bizga yana umid uchqunlarini berdi. Chunki ushbu bayonning 11-bandida Toshkent shahar hokimligiga 2021-yilning 1-iyuliga qadar shahar markazidan “Bilim” axborot-kutubxona markazi uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan bino ajratish hamda zamonaviy mebel va texnika, inventarlar bilan jihozlash vazifasi yuklatilgan. Ishonamizki, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarida barcha viloyatlarga o‘rnak ko‘rsatayotgan poytaxtizmiz kutubxona binolariga bergan e’tibori bilan ham o‘rnak bo‘ladi.
Hafiza KARIMOVA,
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori