Bolalar ijodiyot markazi – iqtidorlilar maskani
Texnika ijodi bolalarda yangilika intilish, yaratuvchanlikka qiziqishini, rasionalizatorlik va ixtirochilik qobiliyatlarini rivojlantiradi. O‘zbekistonda birinchi bolalar texnik ijodiyot markazi 1930 yilda Toshkent shahrida texnika saroyi nomi bilan tashkil qilinga ekan. Mustaqillik yillarida bolalar ijodiyot va musiqa maktablari, markazlari soni ko‘paydi. Ularning bola ta’lim-tarbiyasida ahamiyati sezilarli darajadla oshdi. Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan Navoiy shahrida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Bolalar ijodiyot markazi qirq yildirki iqtidor egalarini tarbiyalab kelmoqda.
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasiga qarashli Bolalar ijodiyoti markaziga borsangiz, to‘garaklarda o‘quvchilar qo‘li bilan yasalgan eksponatlar, ya’ni moʻjizali keramik haykalchalar, biserdan to‘qilgan yorqin rangdor gul dastalar, dengiz kemalari maketlari, samolyotlar, robortlar va kosmik raketalarga nazaringiz tushadi. Markaz xonalari zamonaviy dastgoh, shinam mebellar bilan jihozlangan. Bugun markazda 200 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda. Texnik to‘garak bolalar ijodiyot markazning faxridir. Ular bu yerda masofaviy boshqariladigan raketa va samolyotlar, kemalarni yasash va yig‘ishga o‘rganadilar. Bugungi kunda markazga iqtidorli bolalarning qobiliyatini shakllantirish borasida katta tajribaga ega bo‘lgan Akmal Turdiyev rahbarlik qilib keladi.
Bolalar ijodiyot Markazining oltita to‘garagidan uchtasiga “Xalq studiyasi” degan maqom berilgan. Bular amaliy-dekorativ san’at, buxoro zardo‘zligi, badiiy kulolchilik va plastik materialdan narsa yasash to‘garaklari.
Vaqt bir joyda turib qolmaydi. Namunaviy texnik modellashtirish to‘garak a’zolarining ijodiy fikr parvozi chek-chegara bilmaydi. Asosan 13-14 yoshli o‘g‘il bolalar yasagan noyob modellar turli tadbirlarda yuqori baholanib kelayotgani buni isbotidir. Ularning ba’zilari aviamodel sporti bo‘yicha respublika va xalqaro chempionatlarda ishtirok etgan va sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Masalan, 2021 yilda “Namunali texnik modellashtirish” to‘garagi a’zolari Muhiddin Qodirov, Shuhrat Eshbo‘tayevlar Elbek Eshnazarov rahbarligida Kord aviamodeli bo‘yicha respublika chempioni bo‘lishdi.
Buxoro zardo‘zligi to‘garagini Fotima Yakubova boshqarib keladi. U yerda o‘n yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan qizlar buxoro zardo‘zligi maktabini puxta o‘zlashtirib kelayapti. Zarhal iplar bilan tikish qilish-bu Sharq ayollarining an’anaviy mashg‘ulotlaridan biri, milliy kiyimlarning elementi, sharqona xususiyatlardan biridir. To‘garakda Xadicha Qirg‘izova, Muxlisa Xolbekova kabi mohir qo‘l egalari turli tanlovlarda ishtirok etib, diplomlarni qo‘lga kiritishmoqda.
Markazning “Badiiy keramika xalq studiyasi” kulolchilik, yumshoq materialdan noyob narsalar yasash to‘garagi yetti yoshdan o‘n uch yoshgacha bo‘lgan yosh iste’dod egalari tarbiyalanmoqda. Bolalar va murabbiyning g‘oyasi bilan yaratilgan kichik kompozisiyalar o‘zbek xalqi hayotini, O‘zbekistonning o‘ziga xos tabiati koloritini o‘z ichiga oladi. Bir bo‘lakcha shaklsiz loydan o‘zining chiroyi va nafisligi bilan kishini hayratga soladigan san’at asarini yaratish uchun qanchalik toqat va sabr talab etilishiga guvohi bo‘lasiz. Tajribali usta Faxriddin Sagdullayev rahbarligida yosh haykaltaroshlarning qo‘lida osonlik bilan ishlovga kelayotgan loy shakl va obrazlarga aylanadi.
Shu o‘rinda, loyni professional ishlov beradigan pechi mavjud bo‘lgan NKMK bolalar ijodiyot markazining amaliy kulolchilik studiyasi viloyatda yagona ustaxonadir. Studiya tarbiyalanuvchilari bir necha marotaba “Yangi avlod”, “Kelajak ovozi” respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari bo‘ldilar. Materiallarning xilma-xilligi ijodiy g‘oyalarga yana bir yangi yo‘nalish-devoriy panno va stoldagi bijuteriya vujudga keladi. Har bir ish-bolalar ilhomining mevasidir. U yerda mashg‘ulotlarni did bilan o‘rganayotgan Faxriddin Sag‘dullayev, Jonibek Ziyotov kabi yigitlarning mahoratiga tan berishingiz tayin.
“Dekorativ amaliy san’at xalq studiyasi” to‘garagining rahbari Nafisa Eshnazarova. U zardo‘zi kashtachiligidan tashqari to‘garakda makrome, matodan applikasiya, mulina va biser tikishga o‘rgatiladi.
Markaz ijodiy jamoasi bolalar va ota-onalarni qiziqtirish uchun yangidan yangi loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu yerda “Vitraj ishi”, “Avtomodellashtirish”, “Robototexnika” toʻgaraklarini ochish hamda yogʻoch va marmar oʻymakorligi yoʻnalishini qayta tiklash rejalashtirilgan. Oʻzi yosh va yuksak mahorat egasi boʻlishiga qaramasdan Akmal Turdiyev bolalarning iqtidorini yuksak baholaydi. Qoʻlidan kelganicha yordam berishga oshiqadi, turli tanlov yoki tadbirlarga olib chiqadi. U Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yirik ishlab chiqarish obyektlari, jumladan gidrometallurgiya zavodlarini maketlarini yaratib, “NKMK tarixi” va viloyat oʻlkashunoslik muzeylarida joylashtirgan. Bu ishi bilan u nafaqat faxr tuygʻusini tuyadi, balki bu yutuqlarga erishishida shogirdlarining mehnati borligini alohida eʼtirof etadi.
Azamat ZARIPOV.