IJTIMOIY TARMOQLAR VA YOSHLAR
Kundalik hayotda inson ongi va uning tafakkurini egallashda axborotning ta ’ sir kuchi XXI asrga kelib ancha jadallashdi . Endilikda odamlar muloqotsiz yashay olmaganidek, axborotsiz ham yashay olmayapti. Muloqot – bu axborot bo‘lib, tarqatilayotgan, uzatilayotgan va qabul qilinayotgan axborotlarning qay biri xolis yoki noxolisligini ajratib olish uchun avvalo, yoshlarda axborotga bo‘lgan didni tarbiyalay olishimiz zarur. Sir emaski, axborot maydoniga har kim o‘zining mahsulotini taqdim etadi. Bular orasida dezinformatsiya tarzida harakat qilayotganlar ham, xolis axborot uzatayotganlar ham bor. Faqat foydalanuvchi sifatida me'yor darajasini unutmasligimiz lozim.
Bugungi shiddatkor zamonda o‘quvchi va talabalarda mediasavodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni mediavositalarda taqdim etilayotgan axborotlardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan xurujlardan himoyalash immunitetini shakllantirish, uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida media ta’lim vositalaridan samarali foydalanish asosida ta’lim sifati va samaradorligiga erishish kabi dolzarb vazifalarga e'tibor qaratishimizni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Endilikda yadro maydonlari emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsalarni hal qiladi. Shunday ekan, zamonaviy xalqaro axborot maydonida mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion tahdid kuchayib borayotgan bir paytda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talabi asosida tashkil etish, yoshlarni g‘oyaviy xurujlardan asrash, ularda hayotga ongli munosabatni shakllantirish zarur.
Internet kuchli ijtimoiy ta’sirga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalaridan biriga aylanib bo‘ldi. Bundan tashqari moliya va bank tizimini olamizmi, turli (madaniy, ma’rifiy, ijtimoiy) xizmat ko‘rsatish sohalari, ta’lim jarayonlari barchasi internet bilan bevosita bog‘liq. Bir paytlar bu tarmoq faqat tadqiqot olamida yuz berayotgan yangiliklar bilan tanishish uchun xizmat qilgan bo‘lsa, hozirga kelib ishlab chiqarish doiralari orasida ham keng tarqaldi. Tabiiyki, uning tezkor, arzon, keng qamrovdagi aloqa va hamkorlik ishlarida qulayligi ko‘pchilikka ma’qul tushmoqda. Endi global tarmoqning ijobiy tomonlariga e'tibor qaratamiz. Ular avvalo, kishilarning dunyoqarashini kengaytiradi. Shuningdek, tarmoqda obyektiv va salbiy axborotlarni qabul qilib, ularni tahlil qilish imkoniyati katta. Qolaversa, dunyoning istalgan burchagidan turib masofaviy muloqotlarni tashkil etishda va nihoyat axborotlarning tanlash imkoniyatining mavjudligi.
So‘nggi yillarda turli ijtimoiy tarmoqlar internet olamining ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurdi. “The Royal Pingdom” global analitik tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra dunyoda globall tarmoqdan 2,1 milliard kishi foydalanadi. Shundan 1,1 milliard kishi bir vaqtning o‘zida ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchisi hisoblanadi.
Xo‘sh ijtimoiy tarmoqning o‘zi nima? Keling, shu masalaga oydinlik kiritib olsak. Masofadan internet orqali odamlar orasidagi “online” tanishuv hamda muloqotni ta’minlovchi, a’zolarining turli xil shaxsiy ma’lumotlarini o‘zida aks ettiruvchi internet tarmoqlariga (saytlariga) ijtimoiy tarmoqlar deyiladi. Misol uchun, hozir dunyoda keng tarqalgan “Facebook”, “Odnoklassiniki. ru”, “Telegram”, “Mail. ru” kabi ijtimoiy tarmoqlar shular jumlasidan.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatib, boshqa mamlakatlarda yashovchi yaqinlari, do‘stlar va tengdoshlar bilan turli sohalarda fikr almashish imkoniyati mavjud. Bu o‘ziga xos ijobiy jihat. Shu bilan birga aksariyat ijtimoiy tarmoqlar o‘z ichiga turli (masalan, til o‘rganish, xorijiy oliy o‘quv ta’lim muassasalaridan masofadan turib ta’lim olish) madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarni qondirish imkoniyatlarini beruvchi blog va guruhlarni qamrab oladi. Biroq keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat bir muloqot vositasi, balki hobbi darajasiga ko‘tarilmoqda va ommalashmoqda.
Bu haqida “Maykrosoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts “internet addiksiyani giyohvandlik kabi kasallik sifatida baholashini hamda undan oson qutulib bo‘lmasligini, maxsus reabilitatsion muolajalar orqaligina bundan holi bo‘lish mumkinligini e'tirof etgan”.
Virtual muloqot vaqtida insonda fenomenal axloqiy erkinlik paydo bo‘ladi va u bevosita jamiyatdagi axloqiy normalarni inkor etadi. Ushbu farazni inobatga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlarning jamiyatga va shaxsga zararli ta’sirini quyidagi jihatlardan ko‘rib chiqish mumkin.
So‘zlashuvda jargon (so‘zlarni buzib gapirish), vulgarizm (faxsh, so‘kinish, haqoratli so‘zlar) va varvarizm (boshqa tillardagi so‘zlardan qo‘pol foydalanish)dan erkin foydalaniladi va bu bevosita milliy tilning buzilishiga olib keladi.
Shuningdek, odamlarda qo‘pol va behayo so‘zlar ma’lum vaqt o‘tib, fe'l-atvorida o‘z in'ikosini vujudga keltirib boradi.
O‘zini namoyon etishda ham har qanday axloqiy yo'nalishlarni inkor etish mumkin (misol uchun, beriladigan ijtimoiy tarmoq anketalariga behayo shaxsiy suratlarini qo‘yishi mumkin). Shu o‘rinda statistik ma’lumot, “Facebook” tarmog‘i orqali shunchalik ko‘p pornografik video va foto tasvirlar tarqatilar ekanki, bu 176 mln “Facebook” foydalanuvchilarining har biriga kuniga 3 daqiqadan to‘g‘ri kelar ekan.
Bu orqali turli yot g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirish, axborot xurujlarini uyushtirish orqali jamiyatda tartibsizlikni yuzaga keltirish kabi g‘ayri insoniy ishlarni amalga oshirish mumkin.
Inson shaxsiyatiga tegish. Ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish orqali ularga ruhiy zarba berish, insonlarni masxara qilib turli yo‘llar bilan ularning ustidan kulish mumkin. Misol uchun, birgina “Facebook” orqali har kuni dunyo bo‘ylab 1 millionn 600 ming kishi o‘zgalarning turli xil shaxsiy (asosan yolg‘on va tuhmatga asoslangan) ma’lumotlarini tarqatar ekan.
Moddiy zarar. Internet paketlari sotib olish va turli internet xizmatlariga haddan ziyod mablag‘ sarflash natijasida moliyaviy taqchillik, ko‘rish yuzaga keladi.
Ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, o‘smir yoshlarga ma’naviy va psixologik jihatdan salbiy ta’sir etadi, chunki ijtimoiylashuv jarayonining kulminatsion o‘tish davridagi o‘smirlarda og‘uvchanlik kuchli bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik natijasida o‘smirlarda, hatto voyaga yetgan insonlarda ham jamiyatdan uzoqlashish, virtuallikka moyillik ustunligi, odamovilik, qo‘rslik, jizzakilik, asabiylik vujudga keladi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, virtual reallik inson ongining o‘zgarishiga qanchalik ta’sir etishini aniq aytib berish qiyin, chunki virtuallikka qaramlik asosida yotuvchi gipermotivatsiyalashganlik (o‘ta kuchli moyillik) hali yetarlicha o‘rganilmagan. Virtual reallik mavzusi ham o‘z navbatida yirik tadqiqotlarni talab etadi.
Ijtimoiy tarmoqlar aslida kimlarga va nima uchun kerak degan savolga aniq javob yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zi bu savolga mantiqan “insonlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlash, turli dunyo xabarlaridan boxabar etish, do‘st orttirish, o‘zining ikkinchi bo‘lagini ”sevgisini” topishda insonlarga yordam berish” kabi maqsadlari borligini bildirishadi, ammo bu bilan ular yoshlar ongiga “ommaviy madniyat”ni singdirib, ularning ongini umuman yot bo‘lgan romantik g‘oyalar, xom xayollar bilan to‘ldiradi. Buning tub mohiyatiga nazar solsak, kimlarningdir iqtisodiy, yoki siyosiy maqsadlari yotishini ko‘rish mumkin. Chunki, o‘z g‘oyalarini sezilarsiz tarzda singdirib bo‘lgach, ijtimoiy tarmoqlar turli chaqiriq va reklamalar orqali avval moliyaviy, so‘ngra hatto yashirin siyosiy maqsadlarini ham amalga oshirishi mumkin.
Hozir ko‘cha-kuyda internet kafelarida, avtobus bekatlarida va jamoat transportlarida mobil telefonlarining ichiga kirib ketgudek ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarning “kimlar” bilandir suhbatlashayotganini va nimalarnidir tomosha qilayotganini ko‘p kuzatishimiz mumkin. Birgina “Odnoklassniki.ru” saytining O‘zbekistondagi 2 mln, “Mail.ru” a’zolari 500 mingdan oshganini, bular orasida “Facebook” a’zolari ham borligini ta’kidlash o‘rinli.
Bundan xulosa shuki, mamlakatimiz aholisining har biri qaysidir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi hisoblanadi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi. Yoshlarda milliy ong va tafakkurni, yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirib, ularni milliy urf-odatlar, mentalitetimizga xos axloqiy normalar orqali tarbiyalasak, ko‘zlagan maqsadga erishgan bo‘lamiz. Zero, yurt kelajagi yoshlar qo‘lida!
Dilfuza XAYRULLAYEVA,
Qarshi tumanidagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxona mudirasi