KORRUPSIYA – YOSHLAR NIGOHIDA
Joriy yilning 22 fevral kuni poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti majlislar zalida O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati tashabbusi bilan «Halollik vaksinasi – taraqqiyot garovi» mavzusidagi konferensiya hamda «Korrupsiya – yoshlar nigohida» nomli kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlarning gibrid shaklda (ham oflayn, ham onlayn) tashkil etilgani, unda O‘zbekiston «Adolat» SDP Markaziy apparati xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi faollari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining rahbar xodimlari hamda faollar qolaversa, OAV vakillarining ishtirok etishini ta'minlab berdi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni hamda «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori ijrosiga bag‘ishlangan «Halollik vaksinasi-taraqqiyot garovi» mavzusidagi konferensiyani tashkil etish, qolaversa, «Adolat» SDP tashabbusi bilan respublika ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika insholar tanlovi yakuni bo‘yicha nashr etilgan «Korrupsiya – yoshlar nigohida» kitobi taqdimotini o‘tkazishdan iboratdir.
Tadbirni ochib berish uchun O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov so‘zga chiqib, hozirda mamlakatimizda yuz berayotgan huquqiy-demokratik jarayonlarda hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan islohotlarning ahamiyatini yuqori baholab, ushbu jarayonlarda siyosiy partiyalar xususan, O‘zbekiston «Adolat» SDPning faol ishtirokchi va tashabbuskor bo‘layotganligini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, partiya Siyosiy Kengashi raisi tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, fuqarolarimiz farovonligini ko‘zlab amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligiga jiddiy ta'sir etayotgan omil bu – korrupsion holatlar ekanligi qayd etilib, mazkur muammoga yechim topishda barcha tashkilotlar hamkorlikda ish olib borishlari lozimligi aytib o‘tildi.
Qolaversa, tadbirda «Adolat» SDP tashabbusi bilan nashr etilgan «Korrupsiya – yoshlar nigohida» kitobining taqdimoti o‘tkazilgani tadbirga o‘zgacha muhit olib kirdi.
Mazkur kitobning yaratilish tarixi haqida so‘z borar ekan O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar doirasida umumta'lim maktablari (shuningdek, ixtisoslashtirilgan, maxsus maktablar) o‘quvchilari ongiga korrupsiyaning jamiyat rivojiga salbiy ta'sirini sodda va tushunarli qilib yetkazish hamda ularning huquqiy bilimlarini o‘stirish, korrupsiyaga qarshi nafrat tuyg‘usini uyg‘otish maqsadida «Korrupsiya – yoshlar tasavvurida» insholar tanlovi o‘tkazilgani, unda Respublika bo‘yicha 8642 ta umumta'lim maktablaridan 445 mingdan ortiq o‘quvchilar o‘z insholari bilan ishtirok etgani aytib o‘tildi. Ahamiyatlisi, insholar tanlovining yakuni bo‘yicha hududlardan 84 nafar o‘quvchi g‘olib deb topilib, ushbu o‘quvchilarning insholarini saralash va jamlash orqali «Korrupsiya yoshlar nigohida» nomli insholar kitobi chop etishga erishilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan tanlov g‘oliblariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ishtirokchilar tomonidan jamiyat taraqqiyotining asosiy kushandasi hisoblanmish korrupsion holatlarga barham berish borasida o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borish, muammoga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga kelishib olindi.
«Adolat» SDP Matbuot xizmati