SAN’ATSEVAR YOSHLARNING SEVIMLI USTOZI
Yurtimizda san’atsevar yoshlar juda ko‘p. Ularga soha sirlarini o‘rgatib kelayotgan ustozlarning yurtga sadoqatli avlodni tarbiyalash yo‘lidagi xizmatlari e’tirofga sazovor.
G‘ijduvon tumanidagi 11-son Bolalar musiqa va san’at maktabi fortepiano sinfi o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibasi Lola Muqimova jonkuyar ustozlardan.
Lola Tolibovna katta tajribaga ega, uzoq yillardan buyon 11-son Bolalar musiqa va san’at maktabida Fortepiano sinfi o‘qituvchisi, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ko‘plab yosh iste’dodlarni Fortepiano cholg‘usi bo‘yicha o‘qitib, Respublika tanlovlarida g‘olib bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan, “ustoz-shogird an’anasi”ni davom ettirib kelayotgan murabbiy shirinso‘zliligi, mehr-oqibati, keng dunyoqarashi bilan jamoada hurmat topgan.
— Maktabimiz jamoasi professional, yetuk mutaxassislardan tashkil topgan bo‘lib, ular musiqa san’ati va madaniyatini o‘quvchilar qalbiga singdirishmoqda, — deydi ustozimiz Lola Muqimova. — Bugungi kunda Bolalar musiqa va san’at maktabimizda ta'lim-tarbiya ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Iqtidorli yoshlar safi kengayib, musiqaga qiziqishlari ortmoqda. Ilm maskanimizning ko‘plab o‘qituvchi va o‘quvchilari turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Xususan, maktabimizning yosh iqtidorli o‘qituvchilari — Dadaxon Hayitov, Jamshid Karimov, Sobirjon Soibov va Fortepiano sinfi o‘quvchisi Shohjahon Yo‘ldoshev tanlovlarda doim faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani jamoamizga faxr-iftixor bag‘ishlamoqda. Bunday tanlovlar o‘qituvchi va o‘quvchilarimizni ruhlantirish bilan birga o‘z ustida ko‘proq ishlashga undaydi, qobiliyatini namoyon etishiga yordam beradi. Zero, zamon talabi darajasida raqobatlasha oladigan yoshlarni tarbiyalash va iqtidorini kashf etish bizning oliy maqsadimizdir.
Lola opaning ustozlik kasbiga chin sadoqati uchun jamoada hamma hurmat qilib, “MAKTABIMIZ VIJDONI” deydi. Bu kamtarin ustozimiz ko‘p yillik fidokorona mehnati uchun davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Ulug‘ shoir mavlono Furqat ilm-ma'rifatni “ko‘ngillarning sururi, ko‘rar ko‘zlarning nuri”, deb ta'riflagan. Millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini sochgan, ularni el-yurtga munosib insonlar qilib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga esa har qancha tahsin aytsak arziydi.
Hayotxon NABIJONOVA,
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 11-son Bolalar musiqa va san’at maktabi
fortepiano sinfi o‘qituvchisi