Saylov huquqi
Saylov huquqi haqida nimalarni bilasiz?
24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tarixida navbatdagi Prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Mazkur saylovning shu kungacha bo‘lgan saylovlardan eng asosiy farqi – pandemiya sharoitida yuz berayotgani bo‘lsa, yana bir jihatdan mazkur saylov har doimgi muddatdan 2 oy oldinroq tashkil etilmoqda.
Ayni damda Prezidentlikka nomzodlarning barchasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan. Shuningdek, saylov okruglari ham tuzilganligi ma’lum qilingan. 14 ta saylov okrugidan jami 21 mln 266 ming 11 kishi ro‘yxatga olingan. Bu hisob 35 mln.lik aholining qariyb 61 foizini tashkil etadi degani.
Mamlakatimiz ertasini, demokratik islohotlarimiz istiqbolini hamda Yangi O‘zbekistonning mustahkam kelajagini belgilab berishga asos bo‘lgan Prezidentlik saylovida ishtirok etuvchi saylovchilar saylov jarayonida quyidagi jihatlarga alohida e’tibor berishlari kerak:
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Mazkur qoida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari asosida ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan. Qiyoslash uchun ko‘rishimiz mumkinki, Germaniya Federativ Respublikasining Saylov to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatida ham aynan “nomzodlar umumiy, bevosita, erkin, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi” deb belgilab qo‘yilgan.
Umumiy saylov huquqi nima?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiy sanaladi, ya’ni saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega bo‘ladilar. Bunda fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqlarini amalga oshiradilar. Yaponiya Konstitutsiyasining 14-moddasiga ko‘ra: “Barcha yapon fuqarolari qonun bo‘yicha tengdir va irqi, e’tiqodi, jinsi, ijtimoiy mavqeyi yoki oilaviy kelib chiqishi tufayli siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy muomalada kamsitishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Teng saylov huquqi qanday amalga oshiriladi?
Saylovda ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan har bir fuqaro saylov kuni bir ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Demak, siz o‘zingiz istagan nomzod uchun bitta ovoz berish huquqingizni amalga oshirasiz. Agar fuqaro sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan bo‘lsa, bunday shaxslar saylanishi mumkin emas(bu jihat faqat saylanuvchilar uchun amal qiladi).
Shuningdek, agar shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan bo‘lsa, bunday shaxslar saylovda ishtirok eta olmaydilar.
To‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi nima?
Saylovchi sifatida ro‘yxatga kiritilgan har bir shaxs bevosita o‘zi tanlagan nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari sifatida bevosita saylash huquqiga egadirlar. Bunda saylovchi saylov huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi vositalardan xoli ekanligi anglashiladi.
Yashirin ovoz berish
Saylovchi tomonidan o‘z saylov huquqi amalga oshirilayotganda, saylovchining harakatlari, ya’ni biron nomzodga ovoz berishi jarayoni o‘zi tomonidan erkin hamda boshqa shaxslardan yashirin tarzda amalga oshiriladi. Saylovchidan boshqa biror shaxs qaysi nomzod uchun ovoz berganligi haqidagi ma’lumotni olishga haqli emas. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi. Yaponiya saylov qonunchiligiga binoan: “Yashirin ovoz berish saylovi ham kafolatlanadi. Saylovchi ovoz berishda ommaviy yoki xususiy ravishda o‘z tanlovini e’lon qilish uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi”.
Hurmatli saylovchi, umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun saylovda o‘z huquqingizdan foydalaning.
Javlon ZOILBOYEV,
TDYU “Ma’muriy va moliya
huquqi” kafedrasi o‘qituvchisi